Vohid Shodiev: "Dinamo" futbolchilari uchun Superliga o‘ziga xos reklama"

  • 1 may, 2019, 10:29
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Ko‘pchilik Samarqandning «Dinamo» klubini hali Superligada ishtirok etishga tayyor emasligini aytgan holda ularni autsayder sifatida ko‘rishayotgandi. Biroq dastlabki oltita turdan keyin bu jamoa autsayder bo‘lib qolish niyati yo‘qligini isbotlayapti. Boisi ularning hisobida g‘alaba, durang va mag‘lubiyat ikkitadan qayd etilgan. O‘z uyida «Navbahor»ga qarshi kechgan uchrashuvda 2:2 hisobi qayd etildi va o‘yin barchaga yoqdi. Jamoa tarkibida esa yosh o‘yinchilar ham bor. Shuningdek, tajribali futbolchilardan hujumchi Vohid Shodievni alohida aytishimiz mumkin. Oxirgi paytlarda quyi ligada o‘ynagan futbolchi ilk bor Superligada qatnashish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda. «Dinamo» esa ushbu o‘yinchi orqali biroz kuchayishga erishdi desak mubolag‘a qilmaymiz.

Tecno

- Chempionat yaqindagina boshlandi. Hammasi mavsum tugaganidan keyin ma’lum bo‘ladi, - deb gap boshladi, Shodiev. - Lekin jamoamizdagi har bir o‘yinchi harakat qilyapti. Biz uchun har bir uchrashuv xuddi oxirgi o‘yindek kechmoqda. Shu bois o‘yinlarga jiddiy yondashyapmiz. To‘g‘ri, tarkibimizda yosh futbolchilar ko‘p va ularning aksariyati yanada yaxshiroq klublarda o‘ynashni xohlashadi. Ular «Dinamo» orqali kuchli jamoalarda to‘p surish niyatidalar. Agar mavsum oxirigacha bo‘shashmasdan yaxshiroq o‘ynay olsak, yuqoriroq o‘rinlardan birini egallasak bo‘ladi.

- «Navbahor»ga  qarshi uchrashuv haqidagi fikrlaringiz qanday?

- O‘yin muxlislarga yoqadigan bo‘ldi. Istalgan jamoa yutishi mumkin edi. Bizda ham, ularda ham golli imkoniyatlar ko‘p bo‘ldi. Shuning uchun durang ikkala jamoa uchun ham adolatli bo‘ldi. Agarda bunday uchrashuvda kimdir yutqazsa, qattiq ta’sir qilishi aniq edi. Aslida esa «Dinamo» ham, «Navbahor» ham g‘alabani xohlagandi.

- Qayd etilgan durang «Dinamo»ni qoniqtirdi desak bo‘ladimi?

- Bu savolning o‘zi noo‘rin. «Dinamo» bir ochko ololmasligi ham yoki uch ochkoni qo‘lga kiritishi ham mumkin edi. Bir ochko ishladi yoki ikki ochko yo‘qotdi deyish noto‘g‘ri. Hamma narsa bo‘lishi mumkin edi.

- «Dinamo»ning mavsum boshlanishiga 10 kun qolganida Superligada qatnashishi aniq bo‘lgan bo‘lsa-da, pro-ligaga moslab tuzilgan jamoa hozircha o‘zidan yomon taassurot qoldirmayapti. Balki futbolchilarda qo‘shimcha kuch yoki xarakter paydo bo‘lgandir? Yoki murabbiyning roli kattadir?

- Texnik-taktik tomondan kuchliroq bo‘lgan jamoalarga bas kela olmasligimiz mumkindir, ammo «Dinamo»da hamma bir oilaga aylangan. Bizni Superligaga chiqarishgani bejizga emasligini o‘z o‘yinlarimiz va natijalarimiz bilan isbotlashimiz kerak. O‘zingiz aytganingizdek, boshida klub asosan pro-liga uchun tayyorgarlik ko‘rayotgandi. Keyin esa bizga Superliga uchun imkoniyat havola qilindi. Bundan esa albatta foydalanmasak bo‘lmaydi. Bilasizmi, «Dinamo»dagi har bir futbolchiga Superligada o‘zini ko‘rsatish uchun reklama bo‘ladi. Balki keyingi yili yaxshiroq klublarga o‘tib ketishar. Buning uchun «Dinamo» tramplin vazifasini bajaradi. Ko‘z tegmasin, hozircha ishlarimiz yaxshi.

- Darhaqiqat, «Dinamo»dagi futbolchilarga Superliga o‘ziga xos reklama vazifasini bajarib beradi. Bu borada siz uchun ham reklamami?

- Yo‘q, reklama demagan bo‘lardim. «Dinamo»da yosh o‘yinchilar ko‘p. Biz esa ularga o‘z tajribamiz bilan o‘rnak bo‘lishimiz lozim. To‘g‘risi, men «Dinamo» bilan uzoq yillar davomida birga ishlamoqchiman. Reklama esa ko‘proq jamoadagi yosh o‘yinchilarga kerak. Ularning esa hali imkoniyatlari ko‘p. Bizning safimizda terma jamoaga tortadigan iqtidorli futbolchilar bor, bunga aminman.

- Bungacha quyi ligada o‘ynadingiz. Masalan, o‘tgan yili pro-ligada «Mash’al» safida to‘p surdingiz. «Dinamo» bilan ham pro-ligaga tayyorgarlik ko‘rayotgandingiz. Ammo voqealar rivoji o‘zgarib ketdi. O‘shanda o‘zingizni Superligaga tayyorman deb hisoblaganmidingiz?

- Albatta. Futbolchi hamma narsaga tayyor turish kerak. Aslida esa futbol mana shunday kutilmagan holatlari bilan ham qiziq. Misol uchun «Bunyodkor»dan «Mash’al»ga qanday paydo bo‘lib qolganim ham tushunarsiz vaziyat bo‘lgandi. Vaholanki, bir yil oldin oliy ligada «Bunyodkor» bilan yuqori o‘rinlardan birini egallagandik. Kelasi yili esa pro-ligada o‘ynadim. O‘shanda «Mash’al» bilan Superligaga chiqish uchun kurashdik. Bu yil esa «Dinamo» bilan ham Superliga yo‘llanmasini qo‘lga kiritish uchun tayyorgarlik ko‘rayotgandik. Biroq syurpriz tufayli Superligaga chiqdik. Bunday paytda baribir mas’uliyat ko‘proq yoshi katta futbolchilarga yuklanadi. Murabbiy natijaga javobgar. Shu bilan birga bunday paytda tajribali o‘yinchilarning ham javobgarligi katta bo‘ladi. Shuning uchun qo‘ldan kelganicha jamoani bir oila sifatida ushlab turish, birgalikda mehnat qilish va Samarqand futbolini ko‘tarish maqsadida harakat qilyapmiz.

- Oliy ligada Vohid Shodiev sifatida tanilgansiz va o‘z so‘zingizni aytgan futbolchisiz. Ilk bor Superliga nomi ostidagi chempionatda qatnashyapsiz. Superligaga asos solinganda esa siz quyi ligada edingiz. Oliy liga bilan Superliganing farqlarini nimada ko‘ryapsiz? Yoki shunchaki quruq nomi o‘zgargan xolosmi?

- Kim nima desa desin-u, futbol rivojlanyapti. «Navbahor» bilan uchrashuvda ham hamma ko‘rdiki, futbol ancha tezlashgan. Jismoniy tayyorgarlik ham birinchi o‘ringa chiqib qoldi. O‘tgan yili pro-ligada o‘ynagan bo‘lsam ham u erda raqobat yaxshi bo‘ldi. U erdan Superligaga chiqish uchun raqobat kuchli bo‘ldi. Oliy liga bilan Superliganing farqi juda katta. O‘yinlardagi tashkilotchilik borasida ham o‘zgarishlar yaqqol bilinyapti.

- «Dinamo» bosh murabbiyi Davron Fayziev sizni asosan zaxiradan maydonga tushiryapti. Hozirgi paytda 90 daqiqa o‘ynashga tayyor emasmisiz?

- Bunday demagan bo‘lardim. Agar meni 90 daqiqaga maydonga tushirsa, oxirigacha o‘ynashga tayyorman. Har bir murabbiyning o‘yin uslubi turlicha. Jamoamizdagi yoshlarga ham ko‘proq imkoniyat berish kerakligini tushunaman. Maydonda 10 daqiqa yoki 90 daqiqa o‘ynasam ham muhimi, jamoamning g‘alabasi uchun qo‘limdan kelganicha harakat qilaman.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!