Vohid Shodiev: Nima bo‘lganda ham Superligada qolishimiz kerak

  • 31 oktabr, 2019, 21:49
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Navoiyning «Qizilqum» jamoasi 23-turda Bekobodning «Metallurg» klubini qabul qildi va ushbu to‘qnashuvda tomonlar murosa ko‘chasini tanlashdi. Ammo «Qizilqum» o‘z uyida o‘ynayotgani va hozirda Superligada jon saqlab qolish uchun kurashayotgani sababli ularning g‘alabasini taxmin qilganlar ko‘p edi. Ammo ikkala jamoalar ham bir ochkodan bo‘lishib olishdi. Shunday bo‘lsa-da, mezbonlarda imkoniyatlar ko‘proq bo‘lgandi. Jamoa hujumchisi Vohid Shodiev ham mazkur bellashuvda to‘liq harakat qildi va raqib himoyachilariga muammolar tug‘dirib turdi. Durang bilan yakuniga etgan bahsdan so‘ng ushbu hujumchi bilan suhbatlashdik.

Tecno

- «Qizilqum» hamda «Metallurg» jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvda g‘olib nomi aniqlanmadi. Ayting-chi, durang o‘yinga mos tushdimi?

- Ikkala jamoaning ham o‘yin sifati o‘zi kutganchalik chiqmadi. Lekin bizda ham, raqib jamoada ham golga tortadigan vaziyatlar bo‘ldi. Ayniqsa, jamoamizda mehmonlarga nisbatan ko‘proq imkoniyatlar bo‘ldi deb o‘ylayman. Afsuski, o‘zimiz yaratgan qulay imkoniyatlardan foydalana olmadik. Agar vaziyatlarni golga aylantirganimizda biz bemalol g‘alaba qozongan bo‘lardik. Albatta, tan olish lozimki, mehmonlar hisobni ochib, yutayotgan paytda ularda yana bir qulay imkoniyat bo‘lgandi. Umuman olganda, ushbu uchrashuvda hamma narsa bo‘lishi mumkin edi. Bir tomondan qaraganda, o‘yinda qayd etilgan durangni adolatli natija deb hisoblasak ham bo‘ladi. Biroq ko‘proq vaziyat yaratgan bo‘lsak-da, foydalanishda oqsadik.

- O‘yindagi ikkala gol ham penaltidan kiritildi. Ikkala jamoa ham avvalo o‘z darvozasi daxlsizligini saqlashga e’tibor qaratdimi?

- Baribir hozirgi paytda «Qizilqum» xavfli hududga yaqin joyda qolmoqda. Shuning evaziga biz uchun har bir o‘yindagi ochko va g‘alaba oltinga teng. Nima bo‘lganda ham biz bu mavsumda Superligada qolishimiz kerak. Keyin yangi yildan boshqacha yondashuv bo‘ladi va hammasi o‘zgaradi. Buning uchun esa bu yil jamoani albatta kuchlilar orasida saqlab qolishimiz juda ham muhim.

shodiev voxid 1

- Chempionat tugashiga uchta tur qoldi. Ammo Superliga o‘yinlari yana salkam bir oyga ortga surildi. Chunki orada terma jamoamizning o‘yinlari bor. Taqvimdagi bunday o‘zgarishga qanday munosabatdasiz?

- Har qanday holatda ham terma jamoaning o‘yini birinchi o‘rinda turadi. Chempionatimizda 20 kun dam olish bo‘ladi degani bilan jamoamiz shuncha kun davomida faqat hordiq chiqarmaydi. Nari borsa, 3 yoki 4 kun dam olishimiz mumkin. Keyin yana mashg‘ulotlarga kirishib ketamiz. Bilsangiz, bir haftaning ichida ketma-ket uchta tur o‘yinini o‘tkazamiz. Bu esa futbolchilarga jismoniy tomondan qiyinchiliklar tug‘dirishi aniq. Shuning uchun astoydil tayyorgarlik ko‘rmasak bo‘lmaydi. Albatta, o‘sha 20 kunlik tanaffus orasida o‘rtoqlik uchrashuvlari ham rejalashtirilgan. Bir tomondan chempionatda mana shunday tanaffus bo‘lgani yomon, ammo ikkinchi tomondan qaraganda, terma jamoamiz o‘ynaydi va buni to‘g‘ri qabul qilish kerak. Aslida har bir klub va futbolchi ham aslida terma jamoa manfaati uchun maydonga tushadi.

- Oxirgi uchta o‘yin «Qizilqum» uchun yanada ahamiyatlidir. Ammo oxirgi o‘rinda yaqqol autsayder bo‘lib kelayotgan «Dinamo» bu turda ham yutqazdi. Bu esa sizlarni biroz xotirjam qilmaydimi?

- Yo‘q. Hali oldinda uchta tur bor. Demak, yana hamma narsa o‘zgarib ketishi ham mumkin. Oldindan nima bo‘lishini hech kim bilmaydi. Baribir beshta jamoa xavfli hududda qolmoqda. Garchi ochkolar o‘rtasida tafovutlar bo‘lsa-da, uchta turda hamma narsa o‘zgarib ketishi ham hech gap emas. Biz shuni esdan chiqarmagan holda keyingi o‘yinlarga tayyorgarlik ko‘ramiz. Yuqorida aytganimdek, har bir ochko oltinga teng. Hamma narsa bo‘lishi mumkin, ammo biz qo‘limizdan kelgan barcha ishni qilamiz. Biz oxirgi uchta uchrashuvda imkon qadar g‘alabalar qozonishga harakat qilamiz. Turnir jadvaliga qarasangiz, bizda hatto 8-9-o‘rinlarga ham imkonimiz bor. Shunday ekan, bizda hali imkoniyat saqlanib turibdi. Biz boshqa jamoalarning o‘yinini kuzatmasdan faqat o‘zimizning o‘yinimiz haqida o‘ylashimiz lozim.

- Baribir navoiylik muxlislar jamoadan xavotirdalar. E’tiborlisi, «Qizilqum» oxirgi turlarni asosan yaqin ta’qibchilariga qarshi o‘tkazadi…

- Ha, keyingi turlarda «Buxoro», AGMK va «Andijon» jamoalari bilan o‘ynaymiz. Ko‘p narsa o‘zimizga bog‘liq. Biz mana shu uchta o‘yinga jiddiy tayyorgarlik ko‘rishimiz kerak. Hamma narsa bo‘lishi mumkin.

shodiev voxid

- O‘tgan yili quyi ligada «Mash’al»da o‘ynayotgandingiz. Bu yil esa Superligada to‘p suryapsiz. Ammo o‘tgan mavsumda ko‘pchilik sizni endi elitaga qayta olmasa kerak deb o‘ylashgandi…

- Hammada ham o‘ziga yarasha «spad» va «podyom» bo‘ladi. Aslida birinchi ligada o‘ynashimga «spad» sabab bo‘ldi deb ham o‘ylamayman. 2018 yilgi mavsum boshlanishiga oz fursat qolganida jamoasiz qolib ketdim. U paytda barcha klublar o‘ziga kerakli futbolchilarni to‘plab bo‘lgandi. O‘shanda har xil vaziyat bo‘lgandi. Lekin muhimi men nima bo‘lsa ham futbol ichidaman. O‘shanda ham baribir kelasi yili Superligada o‘ynayman deb oldimga maqsad qo‘ygandim. Mana, qo‘ldan kelganicha elitada ham harakat qilib kelyapman.

- Hujumchidan birinchi navbatda gol talab qilinadi. Superligada esa hujumchilar uchun gol urish qiyinlashib ketyaptimi?

- Hamma jamoa birinchi navbatda himoyani o‘ylaydi, keyin hujum qiladi. Biz ham raqibni o‘rganamiz, bizni ham o‘rganishadi. Masalan, «Metallurg» bilan o‘ynagan bo‘lsak, biz ularning oxirgi uchrashuvlarni to‘liq ko‘rib chiqqandik. Kimning qanday ustun tomonlari bor va shularni zararsizlantirishga harakat qilamiz. Agar raqib kuchli bo‘lsa, ularning hujumchilariga nisbatan gol urish qulayroq.

- «Qizilqum» ham birinchi navbatda himoyalanishni o‘ylaydimi?

- Deyarli hamma jamoa shunday. Birinchi navbatda himoya, keyin esa hujum. Ko‘pchilik eng yaxshi himoya – bu hujum deyishadi. Lekin hech kim Braziliya emas-ku, xohlagancha gol urgani. Himoyada iloji boricha to‘p o‘tkazmaslik uchun o‘ynasangiz baribir oldinda gol urish borasida imkoniyatlar bo‘ladi.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!