"World Boxing" tashkiloti kubogi. Ikkinchi kunda ringga ko‘tarilgan 5 nafar hamyurtimizning 4 tasi keyingi bosqichda!
Boks bo‘yicha Jahon kubogining bugungi dasturidan o‘rin olgan bahslarda birinchi bo‘lib, -60 kgdagi vakilamiz Sitora Turdibekova ringga ko‘tarildi. U yaponiyalik Ayaka Taguchiga qarshi bahs yuritdi. Juda qiziqarli va shiddatli o‘tgan to‘qnashuvda Turdibekova 3:2 hisobida zafar quchdi va navbatdagi bosqich masalasini hal qildi.
Abdumalik Halokov -60 kgda ilk bosqichda venesuelalik Vilson Solorzanoga qarshi ringa ko‘tarildi.
Kutilganidek, tajribali Halokov raqibiga imkoniyat qoldirmadi va 5:0 hisobida g‘alabaga erishdi.
- 70 kg vazndagi vakilimiz Shavkatjon Boltaev ham Jahon kubogida birinchi jangini o‘tkazdi. U janubiy koreyalik Joonsu Kim bilan bahs olib bordi. Qiziqarli qarama-qarshilikda Boltaev 3:2 hisobida zafar quchdi va keyingi bosqichga yo‘l oldi.
-55 kg vazn toifasidagi vakilimiz Samandar Olimov ishtirokidagi jang ham o‘z yakuniga yetdi. Olimov ozarbayjonlik Amin Mammadzadaga qarshi ringa ko‘tarildi va afsuski 1:4 hisobida imkoniyatni boy berib qo‘ydi.
-80 kg vazn toifasidagi vakilimiz Javohir Ummataliyev ham Jahon kubogida birinchi jangini o‘tkazdi.
Qur’a ilk bosqichdayoq jiddiy raqib, qozog‘istonlik Sabirjan Akkalikovni taqdim etgan edi. Jang juda shiddatli kechdi va yakunda Ummataliyev 3:2 hisobida g‘alaba qozonib, keyingi bosqichga yo‘l oldi.
Bu haqida O‘zbekiston boks federatsiyasi xabar bermoqda.

Fikrlar