
Xametovlar triosi Chaplinni lol qoldirdi (foto)
Joriy yilning 8-14 yanvar kunlari Budapesht shahrida XII Xalqaro tsirk festivali bo‘lib o‘tdi. Bu festivalga 15 ta davlatdan 126 nafar ishtirokchilar jalb qilindi. Ishtirokchilar orasida yurtdoshlarimiz — mashhur Xametovlar sulola vakillari Rustam, Kamila va Dalerlar ham bor edi.
Bunda qatnashchilar jonglyor, illyuziya, klounada, gimnastika, havo akrobatlari kabi janrlar bo‘yicha o‘z mahoratlarini namoyish etishdi. Hakamlarga Charli Chaplinning o‘g‘li Yudjin Chaplin boshchilik qildi.
Bir necha yillardan beri dunyoni lol qoldirib kelayotgan bu tsirk ustalari o‘z chiqishlari bilan barchani hayratda qoldirdi.
Dunyo arenalarini zabt etib, o‘zbek tsirk san’atini jahonga tanitishni oliy maqsad qilgan Xametovlar triosi festivalda oilaviy “Kamarlar” nomli chiqishlarini namoyish etishdi.
Tsirk artistlarimizning festivaldagi chiqishlari g‘ayrioddiy va xavfli harakatlar tufayli nihoyatda hayajonli vaziyatlar yaratib, tomoshabinlarning olqishlariga sazovor bo‘ldi. Albatta, o‘z kasbiga sadoqat bilan tinimsiz mehnat va izlanishlardan charchamaydigan sulola vakillari ushbu festivalga maxsus tayyorgarlik ko‘rishgan edi.
126 nafar qatnashchilar o‘rtasida yurtdoshlarimizning ishtiroki yuqori baholanib, oltin medalni qo‘lga kiritishganligi barchamizda faxr tuyg‘usini uyg‘otdi.
Artistlarimiz aeroportdan hurmat va ehtiromlar bilan kutib olindi.
“O‘zbekdavlattsirki” matbuot kotibi.
Fikrlar