Xoland shu ikki klubdan birini tanlaydi
“Borussiya” hujumchisi Erling Xoland oilasining rasmiy vakili Yan Arge Fortoft norvegiyalik to‘purarga asosiy da’vogar sifatida ikkita klub qolganini ma’lum qildi.
Mutaxassisning ta’kidlashicha, faqatgina “Real” va “Manchester Siti” 21 yoshli futbolchini o‘z safiga qo‘shib olish imkoniga ega.
- Men Xoland uchun kurashda “Real” vakillari “Barselona”dan oldinda ekanini his qilib turibman. Eng asosiy favoritlar – “Real” va “Manchester Siti”. Ayni paytda kurash mana shu ikki klub o‘rtasida kechmoqda. Shunga qaramay, Xoland transferi bo‘yicha birorta rasmiy uchrashuv yoki muzokara bo‘lgani yo‘q, - dedi Fortoft.
Xosep Gvardiola “Manchester Siti” ko‘p gol ura oladigan hujumchiga muhtoj ekanini anchadan beri ta’kidlab keladi. “Real” esa yaqinlashib kelayotgan yozgi transferlar vaqtida Kilian Mbappeni transfer qilmoqchi. Madridliklar Xolanddan yana bir mavsum Dortmundda qolishni so‘ragan. Ular kelasi yili yozda norvegiyalik hujumchini o‘z safiga qo‘shib olish uchun etarli mablag‘ to‘play olishiga ishonmoqda.

Fikrlar