
Xorijdagi legionerimiz: "Faoliyatimda ortga tashlangan qadam ekanini bilaman, ammo bu erda chetdan kelganlarga 20 ming dollargacha maosh beriladi"
Bir necha mavsum “Surxon” sharafini jamoa sardori sifatida himoya qilgan Asror G‘ofurov o‘tgan yil oxirlarida Bangladesh chempionatiga ketishga qaror qilgandi.
Xabaringiz bo‘lsa, bu holatga “Surxon” klubida yuz bergan voqea sabab bo‘lgan. Ya’ni, Asror G‘ofurov ham o‘zaro futbolchilar bilan bog‘liq mojaroli vaziyatga aralashib qolgani tufayli O‘FA tomonidan ma’lum muddatga futboldan chetlatilgandi. Keyin esa u oqlandi.
Ammo o‘sha paytda futbolsiz qolib ketishni xohlamagani uchun saviyasi pastroq bo‘lsa ham Bangladesh chempionatiga legioer sifatida ketishga majbur bo‘ldi. G‘ofurov Sports.uz saytiga hozirgi holati haqida gapirdi.
“O‘zimizni Superligaga qiyoslab bo‘lmaydi”
- Kelganimga uch oy bo‘ldi. Shu payt davomida Bangladesh muhitiga ancha moslashib oldim. Oila-a’zolarim ham yaqinda kelishdi. Bu erda chempionat boshlanganiga hali ko‘p bo‘lmadi. 15 kuncha ilgari start oldi. “Saif Sporting” klubi safida hozircha uchta o‘yinda qatnashdik. Shularning ikkitasida yutdik va bittasida mag‘lubiyatga uchradik. Turnir jadvalida 3-o‘rinda ketyapmiz. Biz chempionlik uchun kurashyapmiz. Umuman olganda, bu erning saviyasi ancha past. Lekin yaxshi legionerlar hisobiga Bangladesh chempionatini kuchaytirishga harakat qilishyapti. O‘z safida saviyali legionerlariga ega bo‘lgan klublar ham bor. 4-5 ta chempionlik uchun kurasha oladigan jamoalar bor ekan. Lekin Bangladesh chempionatining mavqeini juda ham past deya olmayman. O‘zbekistonda o‘ylashganidek bu erdagi milliy birinchilik darajasi o‘ta salbiy emas. Bangladesh futbolida katta o‘zgarishlar bo‘lyapti. Tabiiyki, o‘zimizni Superligaga qiyoslab bo‘lmaydi.
“Shartnomam avgust oyigacha”
- Ha, Bangladeshga kelishim birdaniga yuz berdi. O‘tgan yilgi voqealardan keyin O‘FA menga ta’qiq qo‘ygandi. Meni esa bunday holatda faqat ketishimga to‘g‘ri kelardi. Yangi mavsum boshlanishi uchun orada ko‘p vaqt bor edi. Ammo yana O‘zbekiston chempionatiga qaytish niyatim bor. Hozircha Bangladeshdaman. Klubim bilan shartnomam avgust oyining oxirigacha tuzilgan. Qolganini vaqt ko‘rsatadi. Vaziyatga qarab ish tutaman. Hozircha bu erdagi ishlarim yomon emas. Agar bu yil chempion bo‘lsak, yana yaxshi variantlar bo‘ladi, deb o‘ylayman.
“O‘FA meni 1-2 yilga chetlatadi, deb o‘ylagandim”
- O‘tgan yilgi voqealardan keyin O‘FA meni kamida bir-ikki yilga chetlatadi, deb o‘ylagandim. Xudoga shukr, vaqt o‘tib, oqlandim. O‘sha paytda menga Indoneziya, Bangladesh va Tailand jamoalaridan takliflar bor edi. Indoneziya bilan Tailand chempionatini keyinroq boshlanishini bilganimdan keyin menga tezroq start oladigan chempionat kerakligi bois Bangladesh variantini tanladim. Bu erning 2-3 ta klublari men bilan qattiq qiziqishdi. O‘FA tomonidan ta’qiq qo‘yilishi bilanoq agentimga tezroq variant topgin, meni hech bo‘lmaganda bir yilga futboldan chetlatishlari mumkin, hammasi hal bo‘lguncha boshqa joyda o‘ynab turishim kerak, sport formamni yo‘qotib qo‘ymasligim lozim, deb aytganman. Bangladeshga kelganimdan keyin oradan ko‘p o‘tmasdan Kubok bahslari boshlanib ketdi.
“Surxon”dagi ma’lumotlarni Sports.uz orqali bilib boryapman”
- “Surxon”dagi hozirgi holat bilan yaqindan tanish emasman. Klub to‘g‘risidagi ma’lumotlarni Sports.uz sayti orqali bilib boryapman. Klubga yangi mutaxassislar kelgandi va o‘rniga yana boshqalari kelishibdi. Yangi homiylar katta maqsadlarni qo‘ygan. “Surxon”ga omad tilayman. Surxondaryoda jahon standartlariga javob beradigan stadion, akademiyalar bo‘lishini xohlayman. “Surxon”ning yangi egalari katta maqsadlar bilan kelishayotgan ekan. Bu klubda uch yil to‘p surdim, meni qo‘llab-quvvatlagan barcha muxlislarga rahmat aytaman.
“Bangladesh klublari maoshlarni vaqtida to‘lash bo‘yicha professional”
- Bangladeshda maosh tomonlama hech qanaqa muammo yo‘q. Hammasi o‘z vaqtida to‘lanadi, kechikish bo‘lmaydi. Bu erning saviyasi past, ammo boshqa joylardan legionerlar nima uchun kelishadi? Boya aytganimdek, bir qator klublari chempionilk uchun kurashishadi. Ular esa xorijlik futbolchilarga ancha yaxshi haq to‘lashadi. Yashirmayman, 5 ming dollardan 15-20 ming dollargacha maosh beriladi. Legionerlar uchun eng kam oylik maosh aynan 5 ming dollardan boshlanadi. Men bu gapim bilan faqat yaxshi jamoalarni nazarda tutyapman, quyiroqdagi klublar haqida gapirmayapman. O‘zbekistonlik futbolchilarni chetga ketishiga birinchi sabab moliyaviy holat bilan bog‘liq, deb o‘ylayman. O‘zingizga ma’lum, chempionatimizda ko‘p o‘yinchilar maoshlarini ololmay yuradilar. Bangladesh chempionati saviyasi past bo‘lsa ham moddiy tomondan, oylik maoshlarini vaqtida to‘lash bo‘yicha klublari ancha professional.
“Hammasi insonni o‘ziga bog‘liq”
- Bangladesh chempionatida to‘p surish men uchun faoliyatimda orqaga tashlangan qadam ekanini o‘zim ham bilib turibman. Lekin birinchi navbatda barcha narsa insonni o‘ziga bog‘liq. Yaxshi futbolchi hech qachon harakatdan to‘xtamasa va o‘z ustida ishlayversa, hamma narsa bo‘lishi mumkin. Futbolda syurprizlar bo‘lib turadi. Bugun Bangladeshda bo‘lsam, ertaga kuchliroq chempionatda o‘ynashim mumkin. Menda shundayki, qaerda o‘ynayotgan bo‘lsam, qaerda non topayotgan bo‘lsam, o‘sha erda 100 foiz kuchimni berib, yordam berishga harakat qilaman. Saviya jihatidan ortga chekinish bo‘lgandir, lekin boya aytganimdek, hammasi o‘zimga bog‘liq. Futbolda bir mavsum yaxshi o‘ynasangiz, kimgadir kerak bo‘lasiz, agar yaxshi o‘ynamasangiz ko‘zdan yo‘qolib qolasiz.
Fikrlar