Yangi musobaqa - UEFA Superligasining dahshatli reglamenti haqida

Komp: Xabar sarlavhasi ostidagi

UEFA sobiq prezidenti Gerxard Aygner 1998 yilning avgustida o‘z kabinetida o‘tirar edi. Shu payt futbol olamining bir qator nomdor vakillari uning qabuliga kirib keladi: Rupert Merdok, Silvio Berluskoni, Leo Krix, shahzoda Al-Valid bin Talal va hokazo. 

Ular prezidentga yangi loyihani taqdim etadilar. Futbol siyosatchilarining orasida mediamagnat Rupert Merdok ham borligi gap juda katta summa ustida borishini anglatib turardi. Aygnerga Evropa grand jamoalari ishtirok etadigan Superliga g‘oyasini aytadilar. Bu kabi yirik musobaqa ortidan millionlab pul ishlash mumkinligini uqdirishga urunishadi. Ammo yaqindagina Chempionlar Ligasini yangi formatga olib chiqqan UEFA vakillari ish berib turgan loyihaning bozorini “o‘ldirishni” istamaydi. Shu tariqa, ular Shveytsariyadagi qarorgohdan quruq qo‘l bilan qaytadi. 

bayern-munich-champions-league-lenart-johansson-aleksander-ceferin-uefa-gfx_1gplsrgl3ecu21n266yg2v4q0a

Ushbu “shovvozlar” ta’sis etmoqchi bo‘lgan reglamentni qisqacha tushuntirib o‘tishga harakat qilamiz. Avvalo, turnir 32 ta jamoaga mo‘ljallangan edi. 16 ta klub esa, bu musobaqada mezbon jamoa maqomida qatnashishi kerak edi, kamida 3 mavsum. Bular: “Arsenal”, “Manchester Yunayted”, “Liverpul”. “Yuventus”, “Inter”, “Milan”, “Barselona”, “Real”, “Bavariya”, “Borussiya” Dortmund, “Marsel”, PSJ, “Benfika”, “Panatinaikos” va “Galatasaray”. Turnir 15 turdan iborat bo‘lishi va jamoalar atigi bir marotabadan o‘zaro kurash olib borishi ko‘zda tutilgandi. Bunda uy-mehmon o‘yinlari qur’aga qarab hal etilishi lozim edi. Eng kuchli 8 ta klub pley-off tizimida grand-final tomon borishi reja qilingan. Mediahomiylar pley-offda ishtirok etuvchi har bir jamoaga 16,8 mln funt-sterlingdan kafolatlangan mukofot pullariga ega chiqishini va’da qilmoqchi bo‘lgan. Solishtirish uchun, UEFA Chempionlar Ligasining o‘tgan mavsumdagi chorak finalchilari o‘rtacha 6,5 mln funt-sterlingdan pul oldi. Oradagi yillar tafovutini ham hisobga oling. 

Ayni damda ushbu musobaqa taqdiri uzil-kesil hal bo‘lish arafasida. Yozda bo‘lib o‘tadigan UEFA assambleyasida yakuniy qaror qabul qilinishi kutilyapti. 

unnamed

Xo‘sh, top-klublar bu haqida qanday fikr bildiryapti?

Bu borada ham fikrlar qarama-qarshiligini kuzatishimiz mumkin. Ba’zi jamoalar shundoq ham tig‘iz taqvimning yanada zichlashib ketishidan xavfsirayotgan bir paytda, boshqalari pandemiya yuzaga keltirgan moliyaviy qiyinchiliklardan aynan shu musobaqa bilan chiqib ketmoqchi bo‘lyapti. Turnir kattagina moliyaviy sovg‘alarni va’da qilyapti. Ammo bu tomonda terma jamoalar o‘rtasidagi musobaqalarga ham futbolchilarni asrash masalasi turibdi. Sezib turganingizdek, evrofutbolda jarohatlar ko‘payib va jiddiylashib bormoqda. Bunga o‘yinchilar uchun dam olish vaqtining kam berilayotgani sabab bo‘lmoqda. Yozgi ta’til paytida ham ularning tinch qo‘ymasdan, turli musobaqalarga chaqiraverilishi noto‘g‘ri. Bu tomonda, FIFA ham Klublar o‘rtasidagi jahon chempionati formatini kattalashtirishni reja qilgan. Aslida, pandemiya holati bo‘lmaganida, ushbu musobaqa o‘tgan yozda bo‘lib o‘tishi lozim edi. 

UEFA Superligasida ishtirok etuvchi jamoalarni milliy chempionatlardan ozod qilish masalasi ham ko‘tarilgandek bo‘ldi. Bu endi milliy chempionatlar va ularning muxlislari manziliga nisbatan hurmatsizlik. O‘sha chempionatlar shakllantirib, katta jamoaga aylantirgan ligalarni daromad manbaidan ayirishga hech kimning haqqi yo‘q. Keling, buni muhokama qilishni ham to‘xtatamiz. 

i

Evropa nashrlari va futbol olami nima deyapti?

O‘zining katta voqealarga nisbatan bildirib turadigan keskin gaplari bilan butun futbol olamida mashhur bo‘lgan Ispaniya La Ligasi prezidenti Xaver Tebas UEFA Superligasini allaqachon “bo‘lmag‘ur” g‘oya, deb atashga ulgurgan. Albatta, u o‘z grand jamoalarini ushbu ligada ishtirok etishiga ruxsat bermasligini aytib o‘tgan edi. 

Ingliz televideniesi esa, ushbu musobaqaga “futbolning tugashi”, deya ta’rif bermoqda. Bilasizki, “tumanli albion”da futbolga san’at turi sifatida qarashadi. APL jamoalarining muxlislari ham o‘z suyukli futbolchilarining jismoniy holatidan xavotirda. 

Aksariyat nashrlar bu taklifga UEFAning o‘zida ham qarshilar juda ko‘pligini aytmoqda. Ha, bu tabiiy. “Asalning ham ozi shirin”, deyishadi. Chempionlar Ligasining o‘zi bizga etarlicha katta o‘yinlarni sovg‘a qilyapti. Misol tariqasida bir voqeani eslatishga ijozat etgaysiz. O‘tgan asrning o‘rtalarida jahon chempionati butun dunyo bo‘ylab misli ko‘rilmagan bayramga aylanib ketardi. Ushbu davrda bir oy mobaynida hamma futbol ko‘rish bilan band bo‘lar edi. Sababi, teletranslyatsiyalar orqali milliy chempionatlarni namoyish etishning imkoni yo‘q bo‘lgan. Muxlislar 4 yilda bir marotaba futbol ko‘rgani sababli bor e’tiborini ushbu musobaqaga qaratgan. Hozir ham, mundialning obro‘si yomon emas. Ammo biz Ronaldu va Messini, Levandovskini va boshqa futbolchilarni har kuni televizorda ko‘rmoqdamiz. Balki, shuning uchun ham ba’zi insonlar dunyo birinchiligi bo‘lib o‘tayotgan paytda ham teleekran oldiga kelmaydi. 

Bizningcha, ham UEFA bu musobaqani o‘tkazmagani ma’qul. Millatlar Ligasining yil taqvimiga qo‘shilishi ham etarlicha muammolar tug‘dirdi. Yana bir marotaba shunday xatoga yo‘l qo‘yishdan naf yo‘qdek ko‘rinmayaptimi?!

Abdulvosid Valixonov tayyorladi

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!