Yaralangan "Sherlar" qarshisida autsayder "Turon" yoxud Superligada qanday o‘yinlar kutmoqda?

  • 19 oktabr, 2023, 02:05
  • 0
  • Futbol

Superligada 22-tur 12 oktyabrda boshlangan bo‘lib, o‘sha kuni “Qizilqum” – OKMK o‘rtasidagi uchrashuv guvohiga aylanganmiz.

Qolgan o‘yinlar 20 oktyabrdan davom ettiriladi va 22 oktyabrgacha 5 ta qarama-qarshilikni kuzatamiz. 30 oktyabrda esa “Navbahor” – “Nasaf” uchrashuvi bilan 22-tur to‘liq yakuniga etadi.

Ungacha esa oldimizda turgan 5 ta juftlik borasida so‘z yuritamiz.

20 oktyabr

“Metallurg” – “Buxoro”

Turnir jadvalidagi vaziyatdan kelib chiqib fikr bildiradigan bo‘lsak, g‘alaba mehmonlarga suv va havodek zarur ekanini ko‘rishimiz mumkin. Nega deganda, “Buxoro” 14 ochko bilan 13-o‘rinda boryapti va 12-pog‘onadagi “Qizilqum”dan  4 ochkoga ortda qolib ketmoqda. Superligada jon saqlab qolish uchun jiddiy kurashayotgan Ulug‘bek Baqoev jamoasi uchun Olmaliqda “Metallurg”ga qarshi kechadigan uchrashuvning ahamiyati juda yuqori. Durang ham mehmonlar uchun mag‘lubiyatga teng. Lekin “Metallurg” g‘alabali seriyasini boshlab olgan. Bo‘lajak bahs qiziq-a, shunday emasmi?

met and3_1

“Paxtakor” – “Turon”

Sentyabr oyidan beri g‘alabani unutib qo‘ygan “Paxtakor” uchun juda qulay raqib ro‘baro keladi, deb o‘ylayotgandirsiz-a? Darhaqiqat, musobaqa jadvalini boshqarib turgan va uning oxirgi o‘rnida joylashgan klub o‘rtasidagi uchrashuv guvohi bo‘lamiz. Rosti, “Turon”ga achinayotganlar ko‘p bo‘lsa kerak. Yodingizda bo‘lsa, 20-turda “Navbahor” Namanganda bor alamini “Turon”dan olgandi va 5:0 hisobida raqibini dog‘da qoldirgan. Sababi, 19-turda “Andijon” maydonida alamli tarzda mag‘lubiyatga uchragandi. Bu safar ham shunga o‘xshash vaziyat. “Paxtakor” o‘tgan turda Andijonda yutqazib qaytdi va endi yaralangan “Sherlar” “Turon”ni qabul qiladilar. Natijani taxmin qilish mumkin...

21 oktyabr

“Olimpik” – “Bunyodkor”

Toshkent derbisi. Turnir jadvalida “Olimpik” bilan “Bunyodkor”ni 7 ochko ajratib turibdi. Ikkala klub ham iqtidorli yoshlarga to‘la. Yaxshi o‘yin bo‘lishi shubhasiz. Timur Kapadze boshchiligidagi jamoa Aleksandr Krestinin ustozligidagi klubga qarshi o‘yinini kuzatish qiziq kechadi. Hozircha esa imkoniyatlar 50x50.

bunyodkor2_9

“So‘g‘diyona” – “Andijon”

Birinchi davrada Farg‘onadagi bahsda “So‘g‘diyona” so‘nggi daqiqalarda urilgan gol evaziga “Andijon”ni mag‘lubiyatga uchratgandi. Endi Jizzaxda ushbu klublar to‘qnashishadi. Balki bu bahsda u qadar gollarni ko‘rmasmiz, bir-ikkita gol o‘yin taqdirini hal qilishi ham mumkin. “Andijon” o‘tgan safar “Paxtakor”ni mag‘lub etgani uchun hozir ajoyib kayfiyatda. “So‘g‘diyona” esa Olmaliqda imkoniyatni boy berdi. Murabbiylarning qo‘llaydigan taktikalariga ham ko‘p narsa bog‘liq.

22 oktyabr

“Neftchi” – “Surxon”

Endi Superligamizda mag‘lub bo‘lmagan jamoa qolmadi. “Neftchi”da shu maqom saqlanib turgandi. O‘tgan turda “Nasaf” maydonida imkoniyat boy berilgach, farg‘onaliklar chempionatdagi ilk mag‘lubiyatini tan oldilar. Bu safar Farg‘onada “Surxon”ni qabul qiladi. Og‘ir mag‘lubiyatdan so‘ng Vitaliy Levchenko jamoasi qaysar “Surxon”ni mag‘lub etish yo‘lini topa oladimi? Raqib jiddiy va keskin o‘yin bo‘lishi aniq. “Neftchi” ochko yo‘qotsa, yana medallar uchun kurashdagi imkoniyatini pasaytirib yuboradi.

Shuhratbek Jo‘raev.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!