
Yaxshiboevda chempionlik uchun so‘nggi imkon. Bugun Belarus chempionati yakunlanadi
28 noyabr kuni Belarus chempionati oliy ligasining barcha jamoalari bir paytda – Toshkent vaqti bilan soat 16:00da musobaqadagi so‘nggi uchrashuvini boshlaydi.
Belarus chempionatida intriga oxirgi o‘yinning so‘nggi daqiqalarigacha davom etadi. Chunki musobaqada g‘olib va sovrindorlar masalasi hali hal bo‘lgani yo‘q.
Ushbu mamlakat oliy ligasini kuzatayotgan muxlisu mutaxassislarning e’tibori, asosan ikki uchrashuv – Soligorskdagi “Shaxtyor” – “Minsk” va poytaxtdagi “Dinamo-Minsk” – BATE uchrashuviga qaratiladi.
O‘zbekistonlik futbol shinavandalari shu kuni “Shaxtyor” va “Dinamo-Minsk” uchun muxlislik qiladi.
Avvalo, barchamiz “Shaxtyor”ning g‘alabasini kutamiz. Soligorskliklar etakchisiga aylangan Jasur Yaxshiboevda Belarus chempionligiga erishgan o‘zbek futbolchisi sifatida tarixdan joy olish uchun juda yaxshi imkoniyat bor.
Buning uchun “Shaxtyor” birinchi navbatda o‘z uyidagi uchrashuvda g‘alaba qozonishi kerak. Mutaxassislar muhim bahs oldidan mezbonlarning imkoniyatini yuqori baholayotgani ham sir emas. Raqib bo‘lmish “Minsk” jamoasiga natijaning umuman ahamiyati yo‘q. Ular xavfli hududdan ham, sovrindorlar qatoridan ham etarlicha uzoqda. Minskliklar g‘alaba suv va havodek zarur bo‘lgan mezbonlarni “qiynash” uchungina to‘p tepadi.
Mazkur jamoalarning birinchi davradagi o‘zaro bahsida durang qayd etilib, tomonlar bittadan ochko bilan kifoyalangan.
Jasur Yaxshiboev jamoa etakchisi sifatida bu uchrashuvda ham gol urishga harakat qilishi tayin. Garchi mavsusda 16 ta gol urgan hamyurtimizning to‘purarlar poygasida Maksim Skavishga etib olishi amaliy jihatdan imkonsiz ko‘rinsa-da, o‘zbekistonlik legioner gol+pas tizimida 22 ball bilan etakchiligi va chempionatning eng foydali futbolchisi nominatsiyasidagi ustunligini saqlab qolish uchun ham borini berib o‘ynashi kutilmoqda.
“Shaxtyor” raqibni tiz cho‘ktirgan taqdirda poytaxtdan xabar kutadi. Soligorskliklar maqsadiga erishishi uchun “Dinamo-Minsk”ning yordami kerak. Ular o‘z maydonida chempionat peshqadami BATEni to‘xtatib qolishi kerak. Aslida “Shaxtyor”ni ham “taxt”dan ag‘dargan mana shu “Dinamo-Minsk” bo‘ladi. 26-turda bu jamoa Soligorskda kichik hisobda g‘alaba qozonganidan keyin, BATE musobaqa jadvalining eng yuqori pog‘onasida “Shaxtyor”ning o‘rnini egalladi.
“Dinamochilar” bilan bo‘ladigan o‘yinda BATEga oson bo‘lmaydi. “Dinamo-Minsk” chempionatda ketma-ket oltita uchrashuvni o‘z foydasiga hal qildi. Jamoaning g‘ayrati zo‘r. Ayni paytda oltinchi o‘rinda borayotgan minskliklar nazariy jihatdan sovrinli o‘rinlarga da’vogarlikdan voz kechgani yo‘q. Hech bo‘lmaganda, poytaxtliklar muxlislar hurmati uchun mavsumni yuqori notada yakunlab, keyingi mavsum uchun ularga umid bag‘ishlashi kerak. Eng muhimi esa, chempion bo‘laman, deb turgan jamoani to‘xtatib qolishning lazzati o‘zgacha bo‘lsa kerak.
Shu o‘rinda, “Dinamo-Minsk” jamoasining borisovliklar bilan o‘zaro hisob-kitobi borligini ta’kidlash kerak. BATE o‘tgan yilgi chempionatda har ikki uchrashuvda ham minskliklarni dog‘da qoldirgan. Natijada jamoa sovrinlardan quruq qoldi. Bu yil esa, “dinamochilar” o‘sha mag‘lubiyatlar alamini olyapti. Ular hatto raqib maydonida o‘tkazilgan birinchi davra bahsida mezbonlarni nokautga uchratib, 2:0 hisobida zafar quchgandi.
Musobaqa jadvaliga nazar tashlasak, BATE 29 ta o‘yinda 57 ochko jamg‘ardi. “Shaxtyor” bir ochko kam to‘plagan. Chempionlik masalasiga boshqa hech qaysi jamoa aralasha olmaydi. Keyingi ikki pog‘onani egallab turgan “Torpedo-BelAZ” va “Nyoman” klublari hisobida 51 tadan ochko bor.
Fikrlar