Yaxshiyamki, bu o‘rtoqlik o‘yini edi, aks holda...Bosh murabbiy 0:5 hisobidagi mag‘lubiyatga qanday izoh berdi?

  • 10 fevral, 2022, 06:06
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 3
  • Futbol
CHERY AUTO

Turkiyada yig‘in o‘tkazayotgan klublarimiz orasida Navoiyning “Qizilqum” jamoasi ham bor. 4 fevral kuni Antaliyaga etib kelgan jamoa "Atlantis" mehmonxonasida istiqomat qilyapti. Uch hafta davom etadigan yig‘in davomida 7 ta nazorat uchrashuvi rejalashtirilgan. Odatda, klublar ikki haftalik yig‘in o‘tkazishadi. Biroq “Qizilqum” 21 kun mobayida tayyorgarlik ko‘rmoqchi.

Klubdagi o‘zgarishlar xususida saytimiz orqali xabar berib boryapmiz. Serbiyalik yangi bosh murabbiy Nikola Lazarevich uchun “Qizilqum” bilan Turkiyadagi yig‘in juda muhim hisoblanadi. Kecha Antaliyadagi dastlabki nazorat uchrashuvi o‘tkazildi. Lekin qayd etilgan natija ko‘ngilni xira qildi. 0:5! Albatta, yoqimsiz. To‘g‘ri, bu o‘rtoqlik o‘yini sanaladi. Ayniqsa, Turkiyada shug‘ullanayotgan klublarimiz ishtirokidagi o‘yinlarni va natijalarni diqqat bilan kuzatib kelyapmiz. Bularning bari nazorat-sinov o‘yini bo‘lishiga qaramay, bunday o‘ta yirik hisobdagi mag‘lubiyat erish tuyularkan.

qizilqum

“Qizilqum” kimga bunday hisobga yutqazganini bilsangiz kerak. Raqib Bosniya va Gertsegovinaning “Saraevo” klubi. O‘tgan yili Bosniya chempionatida kumush medalni qo‘lga kiritgan va Kubok sohibiga aylangan. Ko‘rinib turibdiki, jiddiy jamoa. Lekin “Qizilqum” ham bu yil anoyi emas. “Saraevo”ga qarshi navoiyliklarning tarkibi shunday ko‘rinish olgandi: Javohir Ilyosov, Islom To‘xtaxo‘jaev, Shuhrat Muhammadiev, Oleg Tolmasov, Oleg Zoteev, Salim Mustafoev, Erkin Boydullaev, Aleksandar Stanislavlevich, Sherali Jo‘raev, Sanjar Shoahmedov, Temurxo‘ja Abduxoliqov.

Zaxirada: Ignatiy Nesterov,  Artyom Makosin, Shaxzod Turopov, Ilhom Kenjaev, Bobur Yo‘ldoshev, Fayzulla Qambarov, Jasur Azimov, Timur Nabiev, Azamat Maqsumov, Azizbek Usmonov, Orifxo‘ja Abduxoliqov, Xumoyun Abdualimov.

qizilqum1

Aftidan, “Saraevo” futbolchilari “Qizilqum”ning “ko‘zi”ni ochib qo‘ygan ko‘rinadi. Lekin bu o‘rtoqlik o‘yini bo‘lgani uchun bundan fojea yasashga hojat yo‘q. Shunchaki, o‘yindagi xato va kamchiliklardan to‘g‘ri xulosa chiqarilsa bo‘lgani. Bu borada bizdan ham ko‘ra Nikola Lazarevich hammasini yaxshi tushunib turgani aniq. 0:5 hisobidagi mag‘lubiyat uchun serbiyalik murabbiy Sports.uz muxbiriga quyidagicha izoh berdi:

“Ha, biz bugun raqibga yuqori darajada bosim o‘tkazishni niyat qilgandik. Ammo buning iloji bo‘lmadi. Bosniyada chempionat 10 kundan keyin boshlanadi. Shu sabab raqib jismonan bellashuvga tayyor edi. Biz hali jismoniy tayyorgarlik ustida ko‘p ishlashimiz kerak”.

qizilqum2

Bosh murabbiy ko‘proq nimaning ustida ishlash kerakligini aytdi. Shunchaki, o‘ylab qoldik: faraz qiling, agar “Qizilqum” shu tarkibi bilan chempionatda 0:5 hisobida yutqazib qo‘yganida nima bo‘lardi? Qandaydir o‘zgarishlarni keltirib chiqarsa ham ajablanmagan bo‘lardik. Qaytanga, mana shunday mag‘lubiyatlarning shu kabi o‘rtoqlik o‘yinlarida yuz berishi ham durust, aslida. Faqat o‘sha gap: bundan jamoa to‘g‘ri xulosa chiqarsa bo‘lgani.

O‘yin va natijadan ma’lumki, raqib Lazarevich jamoasining kamchiliklarini ko‘rsatib bergan. Tarkibda Oleg Zoteev, Temurxo‘ja Abduxoliqov, Erkin Boydullaev, Ignatiy Nesterov, Islom To‘xtaxo‘jaev, Sanjar Shoahmedov, Shuhrat Muhammadiev, Bobur Yo‘ldoshev kabi tajribali futbolchilarga ega jamoadan endi faqat yuqori natijalar kutiladi. Lekin bir jihatni hisobdan chiqarmaslik kerak. To‘g‘ri, “Qizilqum”ning maqsadi jiddiy. Ammo murabbiy yangi, tarkibga qo‘shilgan futbolchilar ham yangi. Nikola Lazarevichning uslublarini o‘zlashtirishi va o‘zi istagan o‘yinni yo‘lga qo‘yib olishi uchun xohlasak ham, xohlamasak ham vaqt talab etiladi. Xuddi shu fikrni yangi futbolchilarga nisbatan ham ayta olamiz. Ha, ko‘pchiligi oldin birga to‘p surishgan. Lekin baribir ular yana yangi jamoa safida. Shunday ekan, moslashishga ham vaqt kerak bo‘ladi. Bu borada Turkiyadagi yig‘in “Qizilqum” uchun ayni muddao.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Baxil Alihuja
10/02/2022 11:06
Карантин вактида ковид Туркияда авж олаётган вактда Туркияда бало бор-ми? Нега УФА рахбарияти шарт-шароитни узимизда яратмайди, ахволни хшиламайди? Клубларимизни хаммаси текинхур клуб хисобланади! Яъни хеч бири харажатларини чорагини хам узи копламайди! Шаффофликни таъминлаб, даромад олувчи ва халкаро натижага эришувчи клубгагина имконият бериш керак! Ахоли маблаги хисобидан ва хомийларни садакасига зор клубни хорижда кашшок халк хисобидан сайр килиши жуда хам ачинарли!
Gulomqodir Askhanov
10/02/2022 13:52
Жуда тугри езилган 1-0 бор 2-0 ундан ортиши футболни обрусизлантиради таергарлик жуда суст этиборсизлик деб аталади Узбекистан футболи колок деган тушунчани хеч булмаса кушни давлатлврга курсатиши мумкин уртоклакми Еки бошками четга бордингми Узбекистан номини олиб боряпсан мажбурсан узингни курсатишга ютибни ахборатларни хамма куради чикмаса уйнама денгиз енида дам олиб етиш керак
&
Лучше Насаф
10/02/2022 07:36
Qizilqum tarkibi tuftayu