"Yo‘qotganlarim va topganlarim" yoxud Superligaga chiqqan klublar Pro-ligaga ravona bo‘lganlardan ko‘proq intriga bera oladimi?

  • 12 yanvar, 2022, 18:30
  • Javokhir Azimov
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Bu yil o‘zbek futboli tarixida misli ko‘rilmagan voqea kuzatildi. Bu jumla juda vahimali eshitilishi mumkin, ammo hech kim shu vaqtgacha quyi divizionning birvarakayiga 3 jamoasi elitaga yo‘l olganini eslay olmaydi. Klublarimizning teng kuchli bo‘layotgani ijobiy holat. Mavsum davomida istalgan raqibga mag‘lub bo‘ladigan "ochko tarqatuvchi mashina"lar hech kimga kerak emas. Ular soni tobora kamayib borayotgani kishini biroz bo‘lsa-da quvontiradi. Gapni ko‘p cho‘zmasdan bugungi mavzuga o‘tamiz: Superliga bilan xayrlashgan "Mash’al", "Andijon" va "Turon" bera olgan intrigani Pro-liga muzaffarlari "Neftchi", "Dinamo" hamda "Olimpik" taqdim eta oladimi?

Tecno

Yuqoridagi jamoalar haqida fikr yuritar ekanmiz umumiy va turli xil tomonlar haqida gapirishimizga to‘g‘ri keladi. Shuning uchun maqolani har bir klubga alohida to‘xtalgan holda, davom ettiramiz.

"Mash’al"

Klub o‘zbek futboliga etishtirib bergan iste’dodlari bilangina maqtana oladi. Muborakliklar o‘tgan mavsumni juda bo‘sh o‘tkazdi va yakunda shunday bo‘lishi haqiqatga yaqin edi. Avvaliga, ispaniyalik mutaxassisni olib kelgani bilan "shovqin ko‘targan" jamoa oradan biroz o‘tib, uni qo‘yib yuborishga majbur bo‘ldi. Sabab mutaxassisning oilaviy sharoiti. Boshqa vaj OAVda e’lon qilinmadi. O‘zi uchun qadrdon Muborakka qaytgan Aleksandr Xomyakov ham kutilgan natijani ko‘rsata olmadi, 26 turning yarmida mag‘lubiyat. Jamoa kuchlilardan faqat AGMKni yutdi, ochko olishi shart bo‘lgan, o‘rtamiyonalarga qarshi bahslarda muxlislar ishonchini oqlay olmadi. Ammo tanganing ikkinchi tomoni ham bor-ki, "Mash’al" haqida iliq fikrlar aytishga haqlimiz. Muborak klubi vitse-chempion "So‘g‘diyona"ga engilmadi. Har ikki bellashuv durang bilan yakunlangan. So‘nggi turlarga qadar "Surxon" bilan Superligada qolish uchun kurashdi, o‘tish o‘yinida "Olimpik"ning fantastik kambeki qurboni bo‘ldi. "Bunyodkor", "Navbahor", "Qizilqum" kabi yaxshi darajadagi raqiblarga "nishini sanchib turdi".

mashal gol

"Andijon"

Gapni pozitiv statistika bilan boshlaymiz: "burgutlar" chempionni yutgan birinchi jamoa bo‘ldi! Aynan "Bobur arena"dagi mag‘lubiyatga qadar "Paxtakor" Superligada 20 o‘yinlik mag‘lubiyatsiz seriya qayd etayotgandi. To‘g‘ri, oltin medallarni naqd qilib ulgurgan poytaxtliklar vodiyga motivatsiyasiz tashrif buyurgandi, deydiganlar topiladi. Ammo tarixda natija qoladi! Balki Kumikov o‘sha kuni maydonga chiqish oldidan shogirdlarini hech qachon aytilmagan so‘zlar bilan ruhlantirgandir. Shuningdek, jamoa "Nasaf", "Lokomotiv", "So‘g‘diyona"dan ochko oldi, "Navbahor" ustidan g‘alaba qozondi. Shunisi aniq-ki, andijonliklar faxrlana oladigan jihat bor. Biroq bu ko‘krak kerib maqtanish uchun etarli emas. Xolis fikr yuritsak, "Andijon" mavsumni stabil o‘tkaza olmadi. Ketma-ket 7 mag‘lubiyat, 9 o‘yin davom etgan g‘alabasiz seriya so‘zimizga isbot bo‘la oladi. Nima ham der edik, aynan shu holatlar mavsum so‘ngida Superligadagi 2 xususiy klubdan birining "oyog‘idan chaldi".

andijonn

"Turon"

Yil boshida yaypanliklarni syurpriz bo‘lishiga ishongandik. Ko‘p jihatdan to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgan klub dastlabki turlardayoq ancha shovqin ko‘tara oldi. Afsuski, sensatsion natijalar bilan emas. Hakamning qaroriga jiddiy e’tiroz bildirgan murabbiy aynan Yaypan klubi ustozi edi. O‘z muxlislariga ega yana bir xususiy jamoa mavsumda ikki bor 10 o‘yinlik g‘alabasiz seriya o‘tkazdi. Shunda ham ishqibozlar futbolchilarni stadionda yolg‘izlatib qo‘ymadi. Umuman olganda, ulardan debyut mavsumdayoq katta natijalar talab qilish biroz noto‘g‘ri bo‘lardi. Hatto, ancha tajribali Igor Shkvirin ham "Turon"ni elitada olib qola olmadi. Yuqoridagi 3 klub o‘zbek futbolida o‘z ishqibozlariga ega. Har holda, "muxlisi yo‘q jamoa" deyilganda ko‘z oldimizga bir deganda ular kelmaydi. Aynan ular hurmati uchun ham "Mash’al", "Andijon" va "Turon" harakatdan to‘xtamasligi, yanada kuchliroq bo‘lib Superligaga qaytishi lozim.

turon1_2

Yuqori divizionni tark etganlar o‘tgan mavsum qanday intriga bera oldi, degan savolga javob topishga harakat qildik. Endi ular o‘rniga kelayotganlar nima karomat ko‘rsatar ekan, deya fikr yuritamiz.

"Neftchi"

Farg‘onaliklarni hech ikkilanmay, Superliga darajasida deyish mumkin. Boisi, klub Pro-ligada ta’qibchilarini sezilarli farq bilan ortda qoldirdi. Muddatidan oldin elita yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan "Neftchi" bu divizionda ham hech kimga bo‘sh kelmasligi aniq. Boz ustiga, "Istiqlol"ga yig‘iladigan minglab tomoshabinlar har qanday bahs yuqori tempda o‘tishini ta’minlashi turgan gap. Kelasi mavsum mazkur maydonda "Paxtakor", "Nasaf" yoki "Navbahor"ni nimalar kutib turganini bir tasavvur qilib ko‘ring! Va bu hali hammasi emas. Ilhom Mo‘minjonov boshchiligidagi klub transfer bozorida ham raqobatchilariga bo‘sh kelmayapti. Lutfulla To‘raev, Husniddin G‘ofurov (har ikkisi), Sunnatilla Abdullajonov, Doniyor Narzullaev, Mirzohid G‘ofurov va yana boshqa futbolchilar yangi mavsumni yangi jamoada, yangi rejalar bilan o‘tkazadi. Shaxsan men ularning istalgan raqibga jiddiy qarshilik ko‘rsata oladigan saviyali jamoa bo‘lishiga ishonaman! Farg‘onalik muxlislar katta o‘yinlarni sog‘ingan.

neftchi muxlis

"Dinamo"

O‘zbek futbolida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan yana bir klub. Yangi mavsum oldidan serbiyalik mutaxassisni jamoaga olib kelgan samarqandliklar bu bilan niyatlari ancha jiddiy ekanini barchaga ko‘rsatib qo‘ymoqchidek go‘yo. Xorijlik murabbiy yangi ish joyiga vatandoshini ham taklif etdi. Endi "sherlar" darvozasini katta ehtimol bilan serbiyalik posbon Miloe Prekovich qo‘riqlaydi. Jamoada sezilarli "tozalash" ishlari olib borilmoqda. Bu tajriba doim ham kutilgan natijani beravermaydi. Shu bois, "Dinamo"ni medallar uchun kurashda ishtirok eta oladi, deyishga shoshilmay turamiz. Ammo klub istalgan raqibga kutilmaganda "tarsaki" tushira olishi tayin. Ayniqsa, Samarqanddagi "sherlar" haqiqiy yirtqichga aylanadi.

dinamo team foto

"Olimpik"

Bu mavsum O‘zbekiston Superligasidagi eng qiziqarli klub. Chunki ulardan hech kim natija talab qilmaydi. Ammo yoshlar shijoatga to‘la va eng muhimi, murabbiy zamonaviy futbol targ‘ib etmoqda. Olimpiada yo‘llanmasi uchun tashkil etilgan loyiha endi elitada! Ustiga ustak, "Olimpik" sharafini himoya qilayotgan futbolchilar boshqa klub akademiyalarida tarbiyalangan, yakunda asosiy tarkibga kira olmagan qora ko‘zlar hisoblanadi. Bu o‘sha jamoalarga qarshi o‘yinlar oldidan motivatsiyani ikki karra oshirishi shubhasiz. Shunga qaramay, Kapadze shogirdlari Superliga o‘rtamiyonalaridan ham bir bosh pastda. Yoshlardan tuzilgan jamoa istalgan raqibni qiynab qo‘yishi mumkin, ammo g‘alaba uchun ko‘proq narsa talab etiladi, nazarimizda.

olimpik

Yuqorida 6 klub haqida o‘ta sub’ektiv fikrlarimizni bildirib o‘tdik. Ertaga nima bo‘lishini esa, vaqt ko‘rsatadi. Shunchaki, siz e’tibor bermagan bo‘lishingiz mumkin bo‘lgan kichik holatlarga to‘xtaldik. Superligamizdagi intriga barchamiz uchun muhim, ayniqsa, biz jurnalistlarga. Yaxshimi yoki yomon, biz shu o‘zbek futboli ichidamiz va uning uchun qayg‘urish bizning vazifamiz. Salomat bo‘ling, aziz muxlis. Ertaga nima bo‘lishini ertaga bilib olamiz!

Javohir Azimov maqolasi

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!