«Yuventus»ni cho‘ktirgan «qahramon» ketmoqchi emas! «Yuve»ga nima bo‘lyapti?

  • 12 may, 2021, 07:00
  • Yahyoxo’ja Ulug’xo’jayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

SPORTS.uz Turin superklubi tushib qolgan vaziyat borasida fikr yuritadi

Tecno

«Milan» 10 yildan beri «Yuve»ni mehmonda engmagan!

Yakshanba tunida kutilmagan voqea sodir bo‘ldi. «Rossonerilar» «zebra»larni yirik hisobda taslim qildi. Natijada so‘nggi 9 mavsumda oltin medallarni hech kimga bergan jamoa EChL zonasidan chiqib ketdi. Qolgan turlarda tepadagilar bexato harakat qilsa, «keksa sinora» Evropa Ligasida to‘p surishga majbur bo‘ladi.

So‘nggi bor «Milan» «Yuventus»ni Turinda enggan bahs yodingizdami? O‘shanda, Andrea Pirlo futbolchi sifatida «qizil qoralar» sharafini himoya qilgan edi. O‘yin taqdirini hal etgan golni hozir «Napoli»ni boshqarayotgan Jennaro Gattuzo birinchi bo‘lim yakunida darvozaga joylab qo‘yadi. Mavsum yakunlangach, Andrea erkin agent maqomida «byankonerilar» bilan shartnoma imzolaydi. U kelgach, «Yuve» qatorasiga 4 bor chempionat oltin medallarini o‘ziniki qilib oladi.

Oradan 10 yil o‘tib, «Milan» yana «Yuventus»ni mehmonda mag‘lub etdi. Bu safar, Pirlo murabbiy sifatida mezbonlarni maydonga olib chiqdi. EChL yo‘llanmasi uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri da’vogarlar to‘qnashuvidagi mag‘lubiyatdan so‘ng, Pirloning bosh murabbiy kursisida ushlanib qolishiga ishonish mushkul. Ayni damda, rahbarlar yosh murabbiyni hozir yoki mavsum so‘ngida ishdan olish borasida bosh qotirayotgan bo‘lsa, ajab emas. Shunday bo‘lsada, qahramonimiz postni topshirmoqchi emas...

«Mendan iste’fo berishimni talab qilmang! Bunday qilmoqchi emasman! Men katta maqsadlar bilan bu ishni boshladim. Og‘ir vaziyatda klubni qabul qilib oldim va hammasini yarim yo‘lga kelganda, tashlab ketmoqchi emasman.

O‘z vazifamni bajarishda davom etaman. Oldinda bizni yaxshi natija ko‘rsatishimiz kerak bo‘lgan 3 o‘yin kutib turibdi. Ochig‘i, ishga kelishimdan avval tasavvurim umuman boshqacha edi. Qo‘limga men kutmagan holatni boshidan o‘tkazayotgan jamoa topshirilgan.

Jamoa o‘yinini ayrim futbolchilar ustida qurish rejamda bor edi, lekin ijrochilar borasida muammolarga duch keldik. Natijada, vaziyatga moslashib ketishga majbur bo‘ldim. Hozir shogirdlarimning maksimum imkoniyatidan foydalana olmayapman. Bu mening aybim.

Tan olaman, bundan ham yaxshiroq harakat qilishim shart. Mas’uliyatdan qochmayman. Shunisi aniqki, bizda super futbolchilar jam bo‘lgan. Afsuski, qaerdadir xato qildik. Aks holda, biz hozir turnir jadvalining birinchi pog‘onasini egallab turgan bo‘lar edik».

"Milan" bilan o‘yindan so‘ng, Andrea bergan intervyuni o‘qigan inson, hammasi murakkab ekanligini darrov anglaydi. Aslida, Pirlo aybni futbolchilarga yuklamoqchi bo‘ldi, keyin darrov diplomatik so‘zlarni qalashtirib tashladi. Hozir "Yuve" juda og‘ir ahvolda. Yangi rahbarlari, qariya futbolchilar va uquvsiz yoshlar etmaganidek, endi murabbiy ham oqsamoqda.

Hozirda Pirloning o‘rnini egallashi mumkin bo‘lgan variantlar nomi oshkor qilinmoqda. Ular orasida Zayniddin Zidanni birinchi raqamli da’vogar deb atash mumkin. Shunga qaramay, Florentino Peres bir xatoni ikki marotaba takrorlamasa kerak. Zidanning ketishi "Real"ni og‘ir ahvolda qoldiradi. Shu bois, "qirollik klubi" frantsuzni mahkam ushlab qoladi. Xo‘sh, unda jamoani kim boshqaradi? Yoki Pirloga imkon beriladimi?

kwgeokowkgweg

Pirlo o‘z-o‘ziga engildi!

Andrea buyuk futbolchi bo‘lgan. EChL, JCh va turli xil ulkan sovrinlarni boshi uzra baland ko‘targan. Faoliyatining so‘ngiga qadar o‘z pozitsiyasida sayyoramizning eng tengsiz ijrochisi edi. Murabbiylik faoliyatini boshlagach, o‘tmishni unuta olmadi. Yangi sohada yangi bo‘lishiga qaramay, o‘tmishdagi g‘alabalari ta’sirida ish ko‘rishda davom etdi. Yakunda, qo‘lidagi eng yaxshi imkoniyatini boy berib qo‘ydi. Hozir, Italiyaning o‘rtamiyona klubi ham "Yuve" bilan chempion bo‘lishni uddalay olmagan Andreaga ish taklif qilishga ishonish mushkul.

Ser Aleks Fergyusson yoki Pep Gvardiolani bunday omadsiz mavsum uchun kechirish mumkin, biroq Pirlonichi? O‘z debyutidan boshqa hech qanday «karomat» ko‘rsatmagan murabbiy o‘zidan bir necha barobar katta maosh oladigan futbolchilarni boshqarishi mushkul. Boz ustiga, Andrea o‘ziga nisbatan bildirilayotgan tanqidlarni qabul qilishni istamadi.

Hozir «Yuventus»ni boshqarishi mumkin bo‘lgan variantlar etarlicha. Shu bois, rahbariyat Pirloni uzog‘i bilan mavsum so‘ngida boshqa mutaxassisga almashtiradi. Afsuski, o‘tmishdagi super yulduz murabbiylik olamidagi birinchi og‘ir zarbani qabul qilib olishga majbur.

kgoroerkokhe

Bu ish qachon bo‘ladi?

Ikki stsenariy mavjud. Birinchisi: Pirlo qolgan 3 tur davomida turinliklarni boshqaradi va «Atalanta»ga qarshi kubok finalida postda bo‘ladi. Buning tamomila aksi ham sodir bo‘lishi mumkin. Rahbariyat Andreani «Sassuolo» bilan bahsda ishlatadi va postni topshirtiradi. Pirlo ketgach, uning o‘rniga vaqtincha Igor Tyudor saylanadi. Xorvatiyalik futbolchi «Yuve» afsonalaridan biri. Shuningdek, u 10 yildan beri murabbiylar shtabida ish olib boryapti.

EChL poezdidan tushib qolish Turin klubi uchun juda qimmatga tushadi. O‘zi shundoq ham «Yuventus» moliyaviy qiyinchiliklarni boshidan o‘tkazmoqda. Agar turnirdan chetda qolsa, klub ketma-ket omadsizliklarga duch kelishi aniq. Agar Pirlo iste’fo bersa, «Yuventus»ni so‘nggi 10 yil ichidagi eng kuchsiz mutaxassis boshqaradi. Agar u ishdan olinmasa, yakunda barcha aybni uning bo‘yniga qo‘yiladi. Xo‘sh, bu vaziyatdan Italiyaning so‘nggi 9 yildagi eng kuchli klubi qanday chiqib ketadi? Voqealar rivojini SPORTS.uz‘da kuzating!

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!