
Zamonaviy beshkurash. Toshkent viloyati O‘zbekiston kubogiga mezbonlik qildi
Toshkent viloyatida zamonaviy beshkurashning to‘rtkurash yo‘nalishi bo‘yicha o‘smirlar va yoshlar o‘rtasida O‘zbekiston kubogi bo‘lib o‘tdi. Bahslar qilichbozlik, suzish va lazer-ran (yugurish va o‘q otish) yo‘nalishlarida o‘tkazildi. Bu haqda MOQ matbuot xizmati xabar bermoqda.
Kutilganidek, yoshlar toifasida kechgan bellashuvlarda o‘smirlar o‘rtasidagi Jahon chempionati finalchisi Samira Abzalova g‘alaba qozondi. O‘smirlar o‘rtasida esa Mubina Qodirjonova zafar quchdi. Yigitlar toifasida Asliddin Baxtiyorov o‘smirlar, Doniyor Rahimov esa yoshlar o‘rtasida oltin medallarni qo‘lga kiritdi.
Yakunda eng ko‘p sportchisi shohsupaga ko‘tarilgan Andijon viloyati jamoasi bosh sovringa ega chiqdi. Qayd etish joiz, ushbu musobaqa yangi mavsum oldidan o‘z yosh toifalarida terma jamoaga nomzod sportchilarni saralab olish imkoniyatini taqdim qildi.
Fikrlar