APL grandlari “Inter”ning yosh yulduzini qo‘lga kiritishmoqchi
"Nyukasl Yunayted" Yevropa bozorida iqtidorli yosh futbolchilarni izlashni davom ettirar ekan, Franchesko Pio Esposito klubning asosiy transfer maqsadlaridan biriga aylangan.
Xabarlarga ko‘ra, “qarğalar” vakili shanba kuni “San-Siro” stadionida bo‘lib o‘tgan o‘yinni bevosita kuzatgan. Ushbu bahsda "Inter" va "Atalanta" 1:1 hisobida durang o‘ynadi, uchrashuvda 20 yoshli hujumchi gol urishga muvaffaq bo‘ldi.
Manbaga ko‘ra, "Nyukasl Yunayted" so‘nggi haftalarda skautlik faoliyatini kuchaytirgan va futbolchini yaqinidan kuzatmoqda. Bosh murabbiy Eddi Xau hujum chizig‘iga yangi, dinamik o‘yinchi qo‘shishni xohlamoqda.
Esposito nafaqat "Nyukasl" balki boshqa grand klublarning ham e’tiborida. Xususan, "Arsenal" ham futbolchiga jiddiy qiziqish bildirmoqda. Shunga qaramay, "Nyukasl" oxirgi 20 kun ichida muzokaralarda faolroq harakat qilayotgani aytilmoqda.
Biroq "Inter" futbolchini sotishga shoshilmayapti. Klub rahbariyati, jumladan bosh direktor Beppe Marotta jamoaning asosiy tarkibini saqlab qolish niyatida ekanini ta’kidlagan. Italiyaliklar yosh hujumchini jamoaning kelajagi sifatida ko‘rmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, "Nyukasl" futbolchini taxminan 80 million yevroga sotib olish mumkin deb hisoblamoqda. Ammo Italiya matbuoti "Inter" kamida 100 million yevrodan kam takliflarni ko‘rib chiqmasligini yozmoqda.
Shuningdek, klub futbolchini saqlab qolish uchun yangi shartnoma ustida ishlamoqda. Unga ko‘ra, Esposito 2031 yilgacha jamoada qolishi va maoshi sezilarli darajada oshirilishi kutilmoqda.
Futbolchining agenti Mario Dzhuffredi ham uning Italiyada qolishga moyilligini tasdiqlagan: “Pio Esposito “Inter”da o‘zini yaxshi his qilmoqda va kelgusi 10 yil davomida jamoaning kelajagi bo‘ladi”, — dedi u.
Ayni paytda, Esposito Italiya terma jamoasi safida ham muhim o‘yinchiga aylanib bormoqda. Afsonaviy darvozabon Janluidji Buffon yosh hujumchi haqida ijobiy fikr bildirib, uni jamoani jahon chempionatiga olib chiqadigan futbolchi sifatida baholadi.
Shu tariqa, yozgi transfer oynasi Franchesko Pio Esposito faoliyatidagi eng muhim bosqichlardan biriga aylanishi kutilmoqda.
Qobulov Navro‘z
Fikrlar