Bu xatodan keyin Gvardiola Husanovni asosiy tarkibga qaytarishi shart
Angliya Premer-ligasining 13-turida “Manchester Siti” o‘z maydonida “Lids” ustidan qiyinchilik bilan 3:2 hisobida g‘alaba qozonib, qimmatli uch ochkoni qo‘lga kiritdi.
“Shaharliklar”ning chempionlik uchun kurashdagi asosiy raqobatchilari – “Arsenal” va “Chelsi” jamoalari “Stemford Bridj”dagi derbida o‘zaro durang o‘ynadi – 1:1.
Endi “Manchester Siti” navbatdagi turning ochilish uchrashuvida “Fulxem” mehmoni bo‘ladi va uch ochko uchun maydonga tushadi. Angliya futboli tahlilchilari “Lids” bilan bo‘lgan o‘yindagi xato va kamchiliklarni inobatga olib, Xosep Gvardiola tarkibda o‘zgarish qilishini ta’kidlamoqda. Bu o‘zgarishlar Abduqodir Husanovga ham daxldor.
“Fulxem” manchesterliklar bilan to‘qnashuvlarda oxirgi marotaba 2009 yilda g‘alaba qozongan. Shundan keyin “shaharliklar” o‘zaro uchrashuvlarda qatorasiga 18 marta zafar quchgan.
Nufuzli manbalardan INKL.COM sayti eksperti Jeyms Kormakning yozishicha, “Manchester Siti” bosh murabbiyi Xosep Gvardiola tarkibda ikkita yangilik qilishi kutilyapti.
- “Siti” bosh murabbiyi o‘tgan turda “Lids”ni qiyinchilik bilan bo‘lmasa-da, mag‘lub etgan tarkibni saqlab qolishga harakat qiladi. Chunki o‘tgan hafta tarkibni to‘liq almashtirilishi Evropa Chempionlar ligasida “Bayer”dan uchralgan mag‘lubiyatga olib kelgan edi.
Shunga qaramay, Rayan Sherki yarim himoyada Tijani Reydersni almashtirishi mumkin. Mateush Nuneshning “Lids” goliga sababchi bo‘lgan muvaffaqiyatsiz o‘yini esa, Xosep Gvardiolani Abduqodir Husanovni boshlang‘ich tarkibga qaytarishiga yo‘l ochadi, - deb yozdi Jeyms Kormak.
INKL.COM sayti bo‘lajak uchrashuvga quyidagi taxminiy tarkibni shakllantirdi.
“Fulxem” (4-2-3-1): Bernd Leno; Kenni Tete, Yoaxim Andersen, Kelvin Bessi, Rayan Sessenon; sasha Lukich, Sander Berge; Xarri Uilson, Josh King, Aleks Ivobi; Raul Ximenes.
“Manchester Siti” (4-1-4-1): Janluiji Donnarumma; Abduqodir Husanov, Ruben Dias, Yoshko Gvardiol, Niko O’Rayli; Niko Gonsales; Oskar Bobb, Rayan Sherki, Fil Foden, Jeremi Doku; Erling Xoland.
Yana bir manba – MANCHESTERWORLD.UK jurnalisti Rich Reyd “Manchester Siti”ning taxminiy tarkibini shakllantirishda o‘zbek futbolchisi himoyaning o‘ng qanotidan joy olishini ta’kidladi.
Ushbu manba tuzgan taxminiy tarkib quyidagicha ko‘rinish oldi.
Darvozabon:
Janluiji Donnarumma — jamoaning asosiy darvozaboni bu gal ham boshlang‘ich tarkibdagi o‘rnini saqlab qoladi.
Himoyachilar:
Ruben Dias – “Fulxem”ga qarshi himoya markazidagi o‘z o‘rnida harakat qiladi.
Yoshko Gvardiol – markaziy himoyadagi eng yaxshi variant va uni hisobdan chiqarib bo‘lmaydi.
Abduqodir Husanov – Mateus Nunesning golga olib kelgan o‘yinidan keyin o‘zbek himoyachisi himoyaning o‘ng qanotida portugaliyalik futbolchini almashtiradi.
Niko O’Rayli — bu futbolchi “Manchester Siti” uchun chap qanot himoyasi uchun ayni paytda eng zo‘r tanlov. Boshlang‘ich tarkibda o‘ynashga loyiq futbolchi.
Yarim himoyachilar:
Niko Gonsales – bu mavsum ajoyib o‘yin ko‘rsatayotgan ispaniyalik yarim himoyachi yana o‘z o‘rnida qoladi.
Tijani Reynders – jamoa o‘yiniga katta ta’sir ko‘rsatayotgan niderlandiyalik yarim himoyachi katta ehtimol bilan yana uchrashuvni boshlab beradi.
Fil Foden – “Lids”ni ikki gol bilan taslim qilgan bu futbolchining tarkibdagi joyi kafolatlangan.
Rayan Sherki – “Siti”ni zaxiradan o‘yinga qo‘shilgan holda kuchaytirib kelayotgan frantsiyalik o‘yinchi mukofot tarzida “Fulxem”ga qarshi boshlang‘ich tarkibda tushirilishi kutilyapti.
Hujumchilar:
Jeremi Doku – manchesterliklar uchun hujumning chap qanotida bu o‘yinchidan zo‘r variant yo‘q.
Erling Xoland – “Lids”ga gol urmagan bo‘lsa-da, norvegiyalik to‘purar uchrashuvni ilk daqiqalardan boshlaydi.
“Fulxem” va “Manchester Siti” o‘rtasidagi uchrashuv 2 dekabrdan 3 dekabrga o‘tar kechasi Toshent vaqti bilan tungi soat 00:30 da boshlanadi.
Superkompyuter O‘zbekistonning “JCh-2026”dagi imkoniyatini qanday baholadi?
Nuri Shaxin Shomurodov uni qanday hayratga solganini aytdi
Alamli mag‘lubiyatdan keyin Husanovning o‘yini qanday baholandi?
O‘zbekistonning jahon chempionatidagi g‘alabasiga qanday munosabat bo‘ldi?
Fikrlar