Fabio Kannavaro O‘zbekiston terma jamoasining Jahon chempionatidagi imkoniyatlarini qanday baholadi?
O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro "RCN" kanaliga intervyu berib, Jahon chempionati qur’asi haqida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
"Qiyin, chunki bizda Kolumbiya bor, Portugaliya kabi kuchli jamoa bor. Biz kichik federatsiyamiz, bu bizning Jahon chempionatidagi birinchi ishtirokimiz, shuning uchun bu biz uchun muhim tajriba bo‘ladi. Jamoa sifatida ishlashimiz kerak, chunki Portugaliya va Kolumbiya kabi jamoalarga qarshi o‘ynashda individual darajada harakatlanish qiyin bo‘ladi.
Bu faqat jamoa o‘yini bilan osonlashishi mumkin, chunki futbol jamoaviy sport turi hisoblanadi. Kolumbiyada texnika, intensivlik, iste’dod bor, ular yana yaxshi terma jamoaga aylandi. Bu oson emas. Bizda mavjud guruh bilan ishlash uchun o‘n kun bo‘ladi. Mart oyida ikki o‘rtoqlik o‘yinini o‘tkazamiz va Jahon chempionatiga tayyorgarlik ko‘ramiz", - deya ta’rif berib o‘tdi italiyalik mutaxassis.
Ma’lumot o‘rnida, milliy terma jamoamiz 2026 yilda o‘tkaziladigan Jahon chempionatining guruh bosqichida Portugaliya va Kolumbiya terma jamoalari bilan to‘qnash keladi. Kongo/Yamayka/Yangi Kaledoniya jamoalaridan biri esa guruhning to‘rtinchi ishtirokchisiga aylanadi.
Terma jamoamizning guruh bosqichidagi taqvimi bilan tanishing!
Fikrlar