Nodirbek Abdusattorov Magnus bilan bo‘lgan bahs va turnir haqida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi
Xabaringiz bor, hamyurtimiz Nodirbek Abdusattorov Blits bo‘yicha Jahon chempionatining final bosqichida Magnus Karlsenga imkoniyatni boy berib, ikkinchi o‘rinni egalladi. Ushbu mag‘lubiyatdan so‘ng shaxmatchimiz kichik intervyu berdi.
— Nodirbek, juda keskin bahs bo‘ldi. Taassurotlar qanday? Baribir jahon chempionatida ikkinchi o‘rin — ajoyib natija.
— Albatta, o‘z chiqishimdan juda mamnunman. Rostini aytsam, saralash bosqichida biroz omad ham keldi — qo‘shimcha ko‘rsatkichlar tufayli. Lekin finalga chiqqanim va qo‘limdan kelgan barcha ishni qilganimdan xursandman. Yakunda farq juda kichik bo‘ldi. Raqib esa juda kuchli edi.
— Sen to‘rtlikka kirish nihoyatda qiyin bo‘lganini aytding. Balki musobaqa formati o‘zgartirilishi kerakdir?
— Ehtimol, shundaydir. Balki osonroq bo‘lardi. Ammo format — format. Bu yerda barchasini bitta partiya hal qiladi, bu esa har doim biroz tasodifiy omilga bog‘liq. Qanday bo‘lishi kerakligini muxlislar hal qilsa kerak.
— Sen juda yaxshi musobaqa o‘tkazding. Ilk bahsda barchasi sen foydanga kechayotgandek edi, keyin esa juda keskin partiyalar boshlandi. Senimcha, hal qiluvchi palla qaysi edi?
— O‘ylaymanki, umuman olganda yaxshi o‘ynadim. Ikkinchi partiyada raqib holatini biroz kam baholab qo‘ydim — u yerda deyarli tengdek ko‘rinardi, ammo ma’lum bir pallada u imkoniyat topdi. So‘nggi partiya ham juda keskin o‘tdi. Men faol o‘ynashga harakat qildim, lekin ustunlikka olib boradigan aniq yo‘lni ko‘rmadim. Oqibatda holat men uchun biroz yomonlashdi va raqib ustunlikni so‘nggacha yetkaza oldi.
— Shunga qaramay, chiqishingdan rozimisan?
— Albatta. Juda mamnunman. Bu ajoyib kunlar bo‘ldi, musobaqa ham juda yuqori darajada o‘tdi. Katta rahmat.
Fikrlar