Shomurodov bilan o‘ynagan futbolchi “Barsa”ni qiziqtirib qo‘ydi
Eldor Shomurodov “Roma”da faoliyat ko‘rsatgan davrda u bilan bir jamoada o‘ynagan Evan N’Dika yozgi transferlar oynasi davrida Rimdan Ispaniya chempionatiga ko‘chib o‘tishi mumkin.
“Barselona” mutasaddilari Kot-d’Ivuar milliy terma jamoasi va “Roma” klubi markaziy himoyachisi Evan N’Dika haqida ma’lumot to‘plash maqsadida dastlabki maslahatlashuvlar o‘tkazdi.
26 yoshli futbolchi kataloniyaliklar tomonidan qo‘yilgan bir nechta talabga javob beradi. Bu haqida Sport.es sayti xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, hozircha ispan superklubining qiziqishi faqat ma’lumot to‘plash bilan cheklangan, ochiq muzokaralar hali boshlangan yo‘q.
Joriy mavsumda N’Dika barcha musobaqalarda 31 ta o‘yinda ishtirok etib, himoyadagi vazifalarini bajarishdan tashqari 3 ta gol ham urdi.
Futbolchining klub bilan amal qilayotgan shartnomasi 2028 yilning yozigacha mo‘ljallangan. Transfermarkt ma’lumotiga ko‘ra, uning bozor qiymati 30 million evroni tashkil qiladi.
Kot-d’Ivuar terma jamoasi safida N’Dika 2024 yil Afrika millatlar kubogida g‘olib chiqqan.
Fikrlar