
"Maqsadim aniq" yoxud sovrindor legionerimiz yana chempionatimizga qaytdi
Navoiyning “Qizilqum” klubi yozgi transfer chog‘ida tarkibiga tayanch yarim himoyachisi Asror G‘ofurovni qo‘shib oldi. Muxlislar uni yaxshi eslashadi. Ilgari ham chempionatimizda “Andijon” va “Surxon” singari klublarda to‘p surgan. Undan avval esa Turkiya chempionatida faoliyat olib borgan. Oxirgi uch yilni Bangladesh chempionatida o‘tkazib, qator sovrinlarni yutib qaytdi.
- Asror, "Qizilqum" bilan shartnoma imzoladingiz. Bunday qarorni qabul qilishingizning asosiy sababi nimada?
- 3 yil davomida legioner sifatida boshqa mamlakat chempionatida to‘p surdim. Albatta, 3 yil uzoq muddat. To‘g‘risi, O‘zbekistonni sog‘indim. Ona vatan baribir ona vatan.
- Ma’lumki, siz bir necha mavsum Bangladesh chempionatida to‘p surdingiz. Sovrinlarni ham qo‘lga kiritdingiz. Barchasi siz uchun qoniqarli kechdimi yoki nimadandir qoniqmagan jihati ham bo‘ldimi?
- Bangladeshdagi 3 yililk faoliyatimdan ko‘nglim to‘ldi. Bangladeshdagi barcha sovrinlarga ega chiqdim, Xudoga shukr. Barchasi ko‘ngildagidek bo‘ldi.
- Oldingizda sir bo‘lmasa yana qanday variantlar bor edi?
- Oldimda Bangladesh, Indoneziya va Tailand Superligalaridan variantlar turgandi.
- "Qizilqum" tarkibida siz yaxshi bilgan futbolchilardan kimlarni uchratdingiz?
- “Qizilqum”da Fayzullo Qambarov, Samandar Shukurullaev, Baxtiyor Qosimov, Azizbek Usmonov kabilarni yaxshi bilardim.
- Legioner sifatida to‘p surdingiz va ortga qaytdingiz. O‘tgan vaqt mobaynida qanchalik o‘zgardim, deb ayta olasiz?
- Yaxshi yoki yomon tarafga o‘zgarish futbolchini o‘z qo‘lida. Yaxshi tomonga o‘zgardim, deb o‘ylayman.
- Bangladesh futbolida o‘zingiz uchun nimadir oldingizmi?
- Qandaydir tajriba bo‘ldi, deb o‘ylayman. Oldin ham aytgandim, hamma joyda futbol rivojlanyapti. Bangladesh futbolida ham o‘sish bor.
- "Qizilqum" bilan qanday maqsadni ko‘zlayapsiz?
- Maqsadim aniq. Tezroq o‘yinlar boshlanib, maksimal ochkolarni yig‘ish va iloji boricha jamoani yuqoriroq o‘rinlarga olib chiqishda o‘z hissamni qo‘shmoqchiman.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar