100 daqiqalik shou yoxud “Nasaf” qanday qilib g‘alabani qo‘ldan chiqardi?! Qarshidagi “al-mumtoz”ni muhokama qilamiz!

  • 10 mart, 2021, 22:55
  • Yahyoxo’ja Ulug’xo’jayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

SPORTS.uz so‘nggi yillarda printsipial qarama-qarshilikka aylangan uchrashuv haqida fikr yuritadi!

Murabbiylar dueli:

Berdiev 10 daqiqa kech qoldi!

Samarqanddagi finaldan “Nasaf” bosh murabbiyi to‘g‘ri xulosa chiqargani ilk daqiqalardan sezila boshladi. Berdiev o‘yinga ehtiyotkor taktika tanladi. Agressiv pressing va maydon bo‘ylab harakat qilish o‘rniga, “Nasaf” raqibni maydon markazida kutib olishga e’tibor qaratdi. O‘z jarima maydonchasi ichida bo‘sh zonalar qoldirmay, raqibni "ekonom" rejimdagi pressing bilan kutib olish asosiy planga ko‘tarildi. Berdiev ushbu bahsga 4-3-3 sxemasini tanlab oldi. Bozorov, Norchaev, Yo‘ldoshev uchligi asosan tezkor hujumlar uyushtirish vazifasi bilan maydonga tashlandi. Samarqanddagi finaldan farqli o‘laroq, Berdiev Stanoevichning orqaroqda to‘p surishini istadi. Qanot himoyachilariga Toshkent klubi vingerlariga bo‘sh zona bermaslik asosiy vazifa etib tayinlandi. Ro‘ziqul Berdiev avvalgi uchrashuvdan kelib chiqib o‘yin manerasini o‘zgartirishga qaror qildi.

berdiyev

Xyuistradan "vabank"!

"G‘oliblar almashtirilmaydi", deganlaridek, Piter Xyuistra hech qanday o‘zgarishga qo‘l urgani yo‘q. Murabbiy “Paxtakor”ni 4-2-3-1 sxemasida jangga tashladi. Tayanch zonasida Abror Ismoilov va Sardor Sobirxo‘jaev harakat qilgan bo‘lsa, qanotlarda Rashidov-Turg‘unboev tandemi to‘p surishi kerak edi. Markazda Cheran hujumni qo‘llab-quvvatlashi lozim edi. Bitta klassik hujumchi – Eren Derdiyok so‘nggi zarbani berish maqsadida asosiy tarkibda maydonga tushdi. Xyuistra yillar davomida sinovdan o‘tgan sxema va o‘yin taktikasini tanladi.

hyuistra_1

O‘yin jarayoni!

Uchrashuvning ilk daqiqalaridayoq Berdievning yaxshi tayyorlangani ko‘rindi. “Nasaf” birinchi navbatda “Paxtakor”ning asosiy kuchi – qanotlarni to‘liq berkitib tashladi. Bundan tashqari, “ajdarlar” raqibni ortiqcha kuch sarflamay maydon markazida kutib olishni boshladi. Hujumdagi uchlik istalgan daqiqada qarshi hujumga o‘tishi va “Paxtakor”ni dog‘da qoldirishi kerak edi. Buni anglagan “sherlar” ortiqcha kuch bilan oldinga tashlana olmadi. Samarqandda butun maydon bo‘ylab pressing uyushtirgan “Nasaf” o‘z uyida ehtiyotkorlikka e’tibor qaratgani “Paxtakor”ni shoshirib qo‘ydi. Oqibatda, klub birinchi bo‘limda deyarli imkoniyatlarga ega bo‘lgani yo‘q. Qanotlardan reydlar, maydon markazidagi to‘p nazorati, qanot himoyachilarining hujumga qo‘shilishini ko‘rmadik. O‘z “fishkalari”dan ayrilgan “Paxtakor” ilk 45 daqiqalikda sira o‘ziga o‘xshamadi. Birinchi bo‘limda yaratilgan ikkita xavfli vaziyat ham standartdan keyin yuzaga keldi. “Nasaf” esa, raqibning rejalarini barbod qilish evaziga o‘yin tempini yuqori ushlab turdi. Qanotdagi chaqqon futbolchilar va maydon markazidagi mayda paslar “Nasaf”ni tezroq harakat qilishga undadi.

Berdiev tomonidan amalga oshirilgan taktik o‘zgarish o‘z samarasini berdi. Birinchi bo‘lib yakunida Shoxmalik Komilov hisobni ochdi. “Nasaf” qanotdan katta tezlikda maydon markaziga yorib kirdi va raqibni dog‘da qoldirdi. Toshkentliklar nimalar bo‘layotganini anglay olmay qolishdi. Bir necha kun ilgari yuqoridan uzatmalar bilan harakat qilgan “Nasaf”dan bunday javobni kutmagan bo‘lishsa kerak. Ikkinchi bo‘limda “Paxtakor” yana oqsay boshladi. Hujumlarda xatolar ortib ketdi. “Nasaf” muxlislari qarshisida har bir to‘p uchun kurash olib bordi. Oqibatda, kichik epizodlarda “ajdarlar” “sherlar”dan ustunroq chiqishni boshladi. Boz ustiga, Ro‘ziqul Berdiev “Paxtakor”ning hujumlariga javob beruvchi Dragan Cheranni zararsizlantirdi. Mozgovoy butun o‘yin davomida serbiyalik raqibiga qarshi personal harakat qildi. Maydon markazida fol ishlatib bo‘lsada, unga erkin nafas olish imkonini bergani yo‘q. Ikkinchi gol ham aynan “Paxtakor”ning markazni boy berganidan kelib chiqdi. Jo‘raev yaqin burchakni nishonga oldi va 2:0! Qarshidagi “Markaziy” arena goldan so‘ng "portlab ketdi". Berdievning topqirligi va ayyorligi ish bergan edi. Stadionning qo‘llab-quvvatlashi “Nasaf”ga qo‘shimcha adrenalin bergani rost. Aynan ikkinchi goldan so‘ng murabbiylar o‘rtasidagi kurash katta sahnaga chiqdi. Xyuistra raqib o‘z uyida boshqacha futbol taklif etayotganini darrov angladi. Shu bois, ikkinchi bo‘limning startida o‘zgarish amalga oshirdi.

nasaf-paxta1

Niderlandiyalik mutaxassis hujumning qanotlari “qirqilganini” angladi va darrov Turg‘unboevni Erkinovga almashtirdi. 65-daqiqada esa, Cheran to‘liq o‘yindan tushib qolgani uchun zaxiraga olindi. Uning o‘rnini sobiq “Nasaf”chi Sharof Muhitdionov egalladi. Bundan tashqari, Piter o‘yin sxemasida ham o‘zgarishni amalga oshirdi. Ilk daqiqalarda tayanch zonasida to‘p surgan Sobirxo‘jaev oldinga surildi. Abror Ismoilov yagona tayanch yarim himoyachisiga aylandi. Sobirxo‘jaev va Muhitdinov Eren Derdiyokka oldinroqda yordam berishni boshladi. Bu o‘zgarishga qadar, “Paxtakor” deyarli 5-8 daqiqa raqib jarima maydonchasiga o‘ta olmayotgan edi. Xyuistraning topqirligi katta rol ijro etdi. Aynan Sobirxo‘jaev jarima maydonchasi ichida penalti ishlab berdi. Sardor Rashidov esa, uni aniq amalga oshirdi.

Piter raqib o‘yin rejasi barbod bo‘lganini tushundi va asosan himoyaga ixtisoslashgan Alijonovni Ibrohimxalil Yo‘ldoshevga almashtirdi. Sardor Rashidov chap qanotdan o‘ngga ko‘chirildi. Oqibatda, “Nasaf”ning o‘yin oldidan tuzgan rejasi to‘liq barbod bo‘ldi. Maydon markazida ikkita yarim himoyachi paydo bo‘lgach, “Paxtakor” hujumlar chog‘ida qanotlarni ishga solishni boshladi. Sekin-asta Erkinov va Rashidov o‘yinga qaytdi. Bu esa, “Nasaf”ni chuqurroq himoyalanishga va maydondagi joylashuvini o‘zgartirishga majbur qildi. Ikkinchi gol ham aynan Erkinovning zarbasidan keyin belgilangan burchak to‘pidan kiritildi. To‘g‘risi, bu epizodda “ajdarlar” futbolchilariga tajriba etishmadi. Adrenalin ko‘payib ketgandek tuyuldi. Tablodagi hisob 2:2 bo‘lgach, “Nasaf” maydonga yangi kuchlarni tashlay boshladi, ammo o‘yin to‘liq “Paxtakor” tomoniga o‘tib ketgandi. Toshkentliklar maydon markazi va qanotlardan tashqari, maydon markazidagi pressingni ham yo‘lga qo‘ydi. Berdiev o‘yin qo‘ldan chiqib ketayotganini angladi va tezda zaxiradan yangi kuchlarni maydonga tashladi. Afsuski, murabbiy 10 daqiqa kech qoldi. Hisob tenglashgach, asosan yoshlardan iborat jamoada ruhiy tushkunlik kuzatildi. Yigitlar hammasi qandaydir 20 daqiqada qo‘ldan chiqib ketganini hazm qilguniga qadar zaxiradan o‘yinga qo‘shilgan Yo‘ldoshev tablodagi hisobni 2:3 ga aylantirdi.

nasaf-paxta3

O‘tkazib yuborilgan goldan keyin “Nasaf” yana o‘yinga qayta oldi, biroq ruhiy bosimni engib o‘tishning imkoni bo‘lmadi. “Nasaf” katta kuch bilan oldinga tashlandi, vaziyatlar yaratdi. Xatto, hisobni tenglashtirishi ham mumkin edi, ammo Sanjar Quvvatovning chaqqonligi bunga yo‘l qo‘ymadi. So‘nggi daqiqalardagi standartlar esa, samarasiz ketdi. “Nasaf” ikkinchi bor “Paxtakor”ga mag‘lub bo‘ldi.

To‘g‘risi, so‘nggi O‘zbekiston chempionatida qachon shunday dramatik, o‘zgarishlar va taktik kurashlar aks etgan o‘yinni ko‘rganimni eslay olmayman. So‘nggi daqiqalarda ikki bor darvozabonning raqib jarima maydonchasiga kelishi, hisobdagi quvlashmachoq, murabbiylar effekti, muxlislarga to‘la arena atmosferasi, kurashlarga boy printsipial o‘yin. O‘zida shuncha omilni jamlagan uchrashuv O‘zbekiston Superligasida yuzaga kelgani quvonarli. Mayli, natija o‘z yo‘liga. Bugun butun O‘zbekiston futbol muxlislariga 100 daqiqalik shou namoyish etib bergani uchun, so‘nggi paytlarda APLda ham kam kuzatilayotgan keskinlik uchun, voqealar rivojini qiziqarli tus olishiga sabab bo‘lgan 5 ta gol uchun “Nasaf” va “Paxtakor” yigitlariga rahmat.

nasaf-paxta3_1

O‘yin qahramoni

Bu so‘zsiz “Paxtakor” bosh murabbiyi Piter Xyuistra! Mutaxassis Qarshidagi qaynoq atmosferada “erib” ketmadi va o‘z darajasini ko‘rsatdi. Qaerdadir omad kulib boqqan bo‘lishi mumkin, biroq u tavakkalga qo‘l urdi. Yakunda, rejalari amalga oshdi va amaldagi chempion ortga 3 ochko bilan qaytmoqda.

hyuistra_1

O‘yin antiqahramoni

Bunday “match”dan so‘ng, kimnidir aybdor qilish noo‘rin, biroq hech narsa o‘z-o‘zidan sodir bo‘lmaydi. Sportda kam xato qilgan g‘alaba qozonishi 100 yillardan beri isbotlanib kelmoqda. Shunday ekan, biz Abduvohid Ne’matovni "o‘yin antiqahramoni", deb atashga qaror qildik. Butun o‘yin davomida ajoyib harakat qilgan kiper burchak to‘piga chiqishda qo‘pol xatoga yo‘l qo‘ydi. Tablodagi natija esa, ruhan “Nasaf”ga katta ta’sir ko‘rsatdi. Shu bois, bugun “ajdarlar” safida atigi bir bor xato qilgan – Abduvohid Ne’matov “bosh qahramon” obrazida gavdalanadi.

nematov

Yahyoxo‘ja Ulug‘xo‘jaev

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!