18-"Ulkan toj"ini qo‘lga kiritgan Jokovich, dahshatli kambek qurboniga aylangan Nadal, to‘xtatib bo‘lmas Osaka - "Australian Open-2021" yakunlari

  • 22 fevral, 2021, 19:45
  • Javokhir Azimov
  • 0
  • Tennis
CHERY AUTO

Tennis ixlosmandlari katta qiziqish bilan kuzatib borgan "Australian Open-2021" ko‘p jihatlari bilan muxlislar yodida qoldi. Ushbu musobaqa orqali yosh avlod vakillari o‘yinlarini kuzatib tennisga qiziqqan ba’zi darg‘alarning davri o‘tib borayotgani yanada yaxshiroq his qildi. Avvalo, yilning ilk "Katta dubulg‘a"sini o‘tkazib yuborishga majbur bo‘lgan Rojer Federerning o‘zi ham gapimizga isbot bo‘la oladi. Ya’ni, maestro jarohatidan to‘liq tiklanishga ulgurmadi va o‘z yurishini mart oyida bo‘lib o‘tadigan turnirlar bilan boshlamoqchi. To‘g‘ri, shveytsariyalik raketka ustasi oyog‘ini shikastlab olgani uchun davolanmoqda, ammo tiklanish jarayonida yosh faktorining ham roli ancha kattaligini hech kim rad eta olmaydi.

Tecno

Bundan tashqari, ayollar o‘rtasidagi bahslarda Serena Uilyams gegemoniyasiga barham berilayotgani ham yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. Aynan "Australian Open-2021"ga katta umidlar bilan kelgan okeanorti vakilasi yarim finalda o‘z yurishini to‘xtatishiga to‘g‘ri keldi. Jismonan baquvvat Uilyamsga o‘ziga o‘xshagan tennischidan boshqa kim ham bas kela olardi, deysiz! Ma’lumot o‘rnida, Denis Istomin ham "Ulkan toj"da ishtirok etish uchun ariza topshirgan va o‘z omadini saralash bosqichida sinab ko‘rgandi. Ammo yana o‘sha gap - avvalgi tezkor, kuchli va aniq zarbalari bilan hatto Jokovichdan ustun kela oladigan Istomin tarixda qoldi, nazarimizda. Bu bilan Denisning vaqti o‘tdi degan fikrdan yiroqmiz. Ammo yosh faktori o‘z so‘zini tobora balandroq aytib borayotganini ham hech kim inkor eta olmaydi. Tennis olamida o‘z o‘rniga ega katta nomlarni o‘z sovrinlar muzeyida yolg‘iz qoldirgan holda, "Australian Open-2021"ning yakkalikdagi chempionlari haqida suhbatlashamiz!

jokovichosaka

Novak Jokovich

O‘z yurishini 8 fevral kuni Jeremi Shardiga qarshi o‘yin bilan boshlagan Novak osonlikcha zafar quchdi va turnirni ishonchli g‘alaba bilan boshladi. Bu sportda ancha muhim holat sanaladi. Biroq keyingi bahslarda unga jiddiy raqobat taklif etildi: qahramonimiz 3-bosqichda katta qiyinchilik evaziga raqibini mag‘lubiyatga uchratdi. Autsayder Teylor Fritts ayni paytdagi jahon tennis qirolidan 2 ta set tortib olishga muvaffaq bo‘ldi. Ammo yakunda daraja o‘z so‘zini aytdi va Jokovich keyingi bosqichga yo‘l oldi. Shundan keyin har qanday ehtimoliy sensatsiyalardan ehtiyotkorlikni saqlagan serbiyalik qolgan bellashuvlarda ortiqcha ter to‘kmadi. Milosh Raonich, Aleksandr Zverev, Aslan Karatsev hamda Daniil Medvedev kabi iste’dodli raketka sohiblari "ishtahasi ochilgan" Novakni to‘xtata olmadi. Bunga bir tomondan asosiy raqobatchi Rafael Nadalning chorak finalda o‘z yurishini to‘xtatgani ham sabab bo‘ldi. Aks holda, biz odatdagidek super final guvohiga aylanishimiz mumkin edi. O‘zi Nadalga nima bo‘ldi? Ispaniyalik dahshatli kambek qurboniga aylandi. Tsitsipasga qarshi kortga chiqqan Rafa dastlabki setni o‘z hisobiga yozdirib, biroz xotirjamlikka berildi. Vaziyatdan unumli foydalangan yunon sportchisi yakunda 6:3, 6:2, 6:7, 4:6, 5:7 hisobida mag‘lubiyatga uchradi. Bu Jokovichga yanada motivatsiya bergan bo‘lsa ajab emas.

jokovich1

Jahonning eng sovuqqon tennischilaridan biri hisoblanadigan Jokovich ushbu g‘alabasi orqali asosiy raqobatchilariga yanada yaqinlashib oldi. Gap shundaki, endi serbiyalik sportchi hisobida 18 ta "Ulkan toj" turkumiga kiruvchi titul mavjud. Bu borada u 20 tadan shunday sovringa ega Rojer Federer hamda Rafael Nadalga yana bir qadam yaqinlashib oldi. Bundan tashqari, ayni damdagi jahon tasnif jadvalida Rafani 2180 ochkoga ortda qoldirmoqda. Bu yaxshigina farq va ruhiy ustunlik berishi tabiiy.

jokovich2

Naomi Osaka

Yaponiyalik ushbu sportchi ayollar tennisining yangi yulduziga aylanib ulgurdi. Undagi texnika, aniqlik va eng muhimi, g‘alaba uchun tashnalik juda yuqori darajada. "Australian Open-2021"da ham uning yuqoridagi hislatlari unga qo‘l keldi. Qahramonimiz butun turnir mobaynida atigi 1 ta geymda imkoniyatni boy berdi, xolos. E’tibor bering, musobaqa davomida qit’adoshimiz umumiy hisobda 13 ta geym o‘tkazdi. Shulardan 12 tasida g‘alaba qozongan tennischi g‘alaba uchun mutlaqo haqli. O‘sha birgina tortib olingan ochko ham ancha kuchli Garbine Mugurusa bilan o‘yinga to‘g‘ri keladi. Umuman olganda, Naomi "Katta dubulg‘a" turnirida 2 ta jiddiy uchrashuv o‘tkazdi deyish mumkin. Biri yuqorida aytilgan Mugurusaga qarshi 4:6, 6:4, 7:5 hisobidagi g‘alaba bo‘lsa, ikkinchisi so‘nggi yillardagi tennis gegemoni Serena Uilyams bilan o‘tkazilgan bellashuv. 23 yoshli yapon qizi final ostonasida tajribali Uilyamsni ham turnir bilan xayrlashishga majbur etdi.

gettyimages-1231231042-2048x2048

Tan olish lozim, Osakaning bu qadar oson zafar quchishiga turnir oldidan favoritlar qatorida e’tirof etilgan Eshli Barti, Sofiya Kenin, Viktoriya Azarenko kabi tennischilarning sensatsion tarzda o‘z yurishini to‘xtatishi ham sabab bo‘ldi. Tasnif jadvali etakchisi Barti chorak finalda raketkalarini g‘ilofiga joylashga majbur bo‘ldi. Karolina Muxovadan ilk setda ustun kelgan mezbonlar vakilasi keyingilarini yutqazib qo‘ydi. Shuningdek, amaldagi chempion Sofiya Kenin ham 2-bosqichda Kayya Kaneli qarshiligini enga olmadi. Yuqoridagi natijalardan ham ko‘rinib turibdiki, pandemiya bizdan ko‘p  narsani olib qo‘ydi. Shunga qaramay, o‘z kuchini to‘g‘ri taqsimlay olgan raketka ustalari zo‘rligini isbotlab bormoqda. Bu haqiqatan yoqimli holat, nazarimizda.

osaka

Qiziqarli faktlar

Federerdan o‘zib ketgan Jokovich Nadalga  yaqinlashdi!

"Australian Open-2021"da tengsiz bo‘lgan Jokovich 1 turdagi "Katta dubulg‘a" turnirlaridagi g‘alabalari sonini 9 taga etkazib oldi. Ya’ni, endi Novak hisobida Avsraliya ochiq chempionatining 9 ta bosh sovrini mavjud. Bu borada u "Wimbledon"ning 8 karra g‘olibi Rojer Federerni ortda qoldirdi. "Roland Garros"da butkul gegemoniya o‘rnatgan Rafael Nadal 13 ta titul bilan karvonboshilik qilmoqda.

grand slam winners

Rus tennischilaridan rekord natija

Rossiyalik 3 nafar tennischi tarixda ilk bor "Katta dubulg‘a" turkumiga kiruvchi musobaqa chorak finaliga yo‘l oldi. Ya’ni, 20 tartib raqam ostida saralangan Feliks Oje-Alyassimni mag‘lub etgan Aslan Karatsev rus sportchilaridan birinchi bo‘lib keyingi bosqichga chiqdi. Ikkinchi yo‘llanma Andrey Rublyovga nasib etdi. Norvegiyalik Ruud Kasperga qarshi kortga chiqqan Rublyov texnik g‘alaba tufayli chorak finalga yo‘q oldi. Uning raqibi 2 setni boy berganidan keyin, o‘yinni davom ettira olmadi. Shuningdek, AQSh sharafini himoya qilgan MakKenzi MakDonalddan 3 setda, 6:4, 6:2, 6:3 hisobida ustun kelgan Daniil Medvedev Rossiyaga "Australian Open" chorak finalining 3-chiptasini taqdim etdi.

russian

Daniil Medvedev o‘z faoliyatidagi eng baland parvozni amalga oshirmoqda

Avstraliya ochiq chempionatida ikkinchi o‘rinni band etgan Medvedev yangilangan ATP reytingida kuchli uchlikka kirib oldi. Musobaqa oldidan 8715 ochko bilan to‘rtinchi pog‘onani band etgan rus sportchisi 1200 ochkoni o‘z hisobiga qo‘shib olgan holda, 9125 ochkoga ega Dominik Timni ortda qoldirdi.

medvedev

Yuqorida yilning eng nufuzli turnirlari debochasi haqida fikr almashishga harakat qildik. Endigi navbat Buyuk Britaniya kortlarida o‘tkaziladigan "Wimbledon"ga. Ushbu musobaqa 28 iyun-11iyul oralig‘ida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan. Biz esa eng so‘nggi tennis yangiliklarini siz aziz muxlislarga etkazib turishga harakat qilamiz. Bizdan uzoqlashmang!

Javohir Azimov tayyorladi

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!