APLga nazar: ushbu yozda amalga oshirilgan eng yaxshi 7 transfer
Ushbu mavsum avvalida APLda bir qancha shov-shuvli transferlar amalga oshirildi. Xo‘sh, ular qay darajada omadli chiqdi? Ushbu savolga javobni quyidagi maqolamiz orqali olishingiz mumkin. Demak, yozda amalga oshirilgan eng yaxshi 7 transfer haqida.
7. Erik Bayi ("Vilyarreal"dan "Manchester Yunayted"ga)
“Manchester Yunayted” ivuarlik futbolchi uchun 30 mln funtni “Vilyareal”ga “qurtdek” sanab berdi. Biroq ushbu transfer Pogba yoki Mxitaryanniki singari omma e’tiborida bo‘lmadi. Shunday bo‘lsada mazkur transfer muvaffaqiyatli chiqqanini Bayining ishonchli o‘yinlari namoyish etdi. Afsuski, Erik “Chelsi”ga qarshi bahsda jarohat oldi va safdan chiqdi. Umid qilamizki, 22 yoshli himoyachi yaqin orada yana safga qaytadi.
6. Kristian Benteke ("Liverpul"dan "Kristal Pelas"ga)
“Kristal Pelas” bosh murabbiyi Alan Pardyuning muammosi bu - saviyali hujumchiga ega bo‘lish edi. O‘tgan mavsumda janob Pardyu bu borada Adebayor bilan qisqa muddatli shartnoma imzolab, muammoni echishga harakat qilgan edi. Yozda esa murabbiy haqiqiy echimni “Liverpul”dan topdi. “Qizillar” safida o‘yini chiqmagan Benteke “burgutlar” tarkibida yaxshi o‘yin namoyish etmoqda va hozirga qadar 4 bor raqib darvozasini ishg‘ol etishning uddasidan chiqdi.
5. Yannik Bolasi ("Kristal Pelas"dan "Everton"ga)
Bentekening “Pelas” safiga kelishi ko‘p jihatdan Bolasining “Everton”ga ko‘chib o‘tishi bilan bog‘liqdir. Ayniqsa, moliyaviy jihatlarda buni kuzatish mumkin. Kongolik futbolchi Ronald Kuman boshqaruvidagi “Everton”ga moslashib keta oldi. Bu borada u Romelu Lukaku bilan tezda “til topishib” keta oldi. Ayni vaqtga qadar esa Bolasi o‘z hisobiga 2 ta gol va 3 ta samarali uzatmani yozib qo‘yishga muvaffaq bo‘ldi.
4. Markos Alonso ("Fiorentina"dan "Chelsi"ga)
Markos uchun “tumanli albion” begona emas. U bir vaqtlar “Bolton” tarkibida to‘p surgan. Biroq u vaqtlarda jamoasining darajasi va oldiga qo‘yilgan vazifalar “Chelsi”dan keskin farq qilar edi. “Real” tarbiyalanuvchisi bo‘lgan Markosni “Bolton” muhlislari 2012/13 yilgi mavsumning eng yaxshi futbolchisi deb topishgan edi. Antonio Konte esa “Fiorentina”dan o‘zining 3-4-3 taktik sxemasiga mos keluvchi ispaniyalik chap qanot “vingbek”ini xarid qildi. Bu harid shu qadar omadli chiqdiki italiyalik mutaxassis uni doimiy ravishda boshlang‘ich tarkibda maydonga tushirmoqda. Darvoqe, “Everton”ga qarshi kechgan o‘yinda esa Alonso “aristokratlar” safidagi debyut golini kiritishga muvaffaq bo‘ldi.
3. Naser Shadli ("Tottenxem" – "Vest Bromvich")
“Tottenxem”ning soyada qolib ketgan futbolchisi “Vest Bromvich”da hozirda bosh yulduz. Toni Pyulis yozda “shpor”lardan belgiyalik futbolchini xarid qildi. Shadli hozircha “Brom” tarkibida eng ko‘p gol kiritgan va eng ko‘p golga assistentlik qilgan futbolchidir. Uning harakatlari jamoaga ayniqsa tezkor qarshi hujumlarda qo‘l kelmoqda.
2. Jo Allen ("Liverpul"dan "Stok Siti"ga)
“Liverpul”ning sobiq bosh murabbiyi Brendan Rojers Alenni “uelslik Xavi” deb ta’riflagan edi. Uning “Liverpul”dagi faoliyatida turli davrlar bo‘ldi. Kloppning tezkor jamoasiga esa u qadar tezkor bo‘lmagan futbolchi kerak emas edi va Allen Mark Xyuzning taklifiga binoan “Stok”ga tashrif buyurdi. Bu transferning amalga oshishida futbolchining Evro-2016 dagi o‘yini ham turtki bo‘lganini e’tirof etish joiz. Umuman uelslik futbolchi joriy mavsum “Stok” safida 4 ta gol va 2 ta samarali uzatmani amalga oshirishga muvaffaq bo‘ldi.
1. Sadio Mane ("Sautgempton"dan "Liverpul"ga)
“Liverpul” bu mavsumni juda yaxshi o‘tkazmoqda va bu natijalarda Manening hissasi ulkan. Senegallik futbolchi “qizillar” tarixidagi eng qimmatbaho futbolchilardan bo‘lsada, uning transferi u qadar shov-shuvli bo‘lmadi. Transfer shov-shuvli bo‘lmagan bo‘lsada, uning o‘yini shov-shuvga sabab bo‘lmoqda. Ayniqsa Kloppning tezkor jamoasida Mane o‘z texnikasi bilan qolganlardan ajralib turibdi.
Shahzod Xolboev tayyorladi

Fikrlar