
Arturo Vidalning “Barselona”ga o‘tishidan kimga foyda, kimga zarar?
“Barselona” ushbu yozda shundog‘am muvaffaqiyatli tarkibni yanada kuchaytirish bo‘yicha ancha faollik ko‘rsatmoqda.
Allaqachon o‘z safiga Kleman Langle, Artur va Malkomlarni qo‘shib olgan La Liganing amaldagi chempionlari endi Arturo Vidalni olib kelishdi.
Chililik futbolchi Bundesliga chempioni “Bavariya”dan 26.7 million funt evaziga kataloniyaliklar safiga o‘tdi va uch yillik shartnomaga imzo chekdi.
Boshida Vidalning “Inter”ga o‘tishi qizg‘in muhokama qilinayotgandi. Biroq “ko‘k-anorranglilar” yana so‘nggi daqiqalarda “oraga suqildi” va yarim himoyachini sotib oldi.
Xo‘sh, chililik futbolchining “Barselona”ga o‘tishidan kimga foyda-yu kimga zarar?
Foyda: Ernesto Valverde
Yoz “Barselona” bosh murabbiyi Valverde uchun ancha og‘ir boshlandi. Boisi maydonning yarim himoya chizig‘i katta yo‘qotishga uchradi. “Barsa” klubdagi 22 yillik faoliyatidan keyin Yaponiyaning “Vissel Kobe”ga o‘tgan Andres Inesta bilan xayrlashdi. Bu ham kamdek, bir yillik mazmunli faoliyatidan keyin Paulino yana ortga “Guanchjou”ga qaytdi.
Biroq Vidal Valverde kutgan transfer bo‘ldi. Ushbu transfer amalga oshgani zahotiyoq bosh murabbiy “Vidal yarim himoyaga energiya qo‘shadigan biz kutgan futbolchi” deya lo‘nda javob qaytardi.
“Unda katta tajriba borligini bilamiz. Oldingi jamoalarida ko‘plab o‘yinlari juda yaxshi. U maydonda yo‘qolib qolmaydi.”
Inestaning o‘rnini to‘ldirish imkonsiz bo‘lsada, Paulinonikini to‘ldirsa bo‘ladi. Valverde bunday tarkib bilan nafaqat La Liga, balki Evropada yana tojni qaytarib olishga urinib ko‘rishi mumkin.
Zarar: “Inter”
Ushbu yozda ikkinchi marta “Barselona” A Seriya vakillarini “chuv tushirmoqda”. Dastlab, “Roma”ga o‘tishi hal bo‘lgan Malkom “ilib ketilgandi”. Endi esa “Inter”ga o‘tish imkoniyati yuqori bo‘lgan Arturo Vidal kataloniyaliklarning “o‘ljasi”ga aylandi.
Bild nashriga ko‘ra, “neradzurrilar” Vidalni dastlab ijaraga olishni, mavsum yakunida to‘liq sotib olishni mo‘ljallashgandi. Biroq Vidal va uning agentini doimiy ko‘chish varianti qoniqtirardi. Va shu lahzada “Barsa” paydo bo‘ldi va Vidal so‘ragan shartlarni bajardi.
Endi “Inter” “Real” etakchisi Luka Modrich uchun kurashmoqchi. Biroq Peres Jahon Chempionati “Oltin to‘p” sohibini 750 million evrodan kamiga rozi bo‘lmasligini aytganidan keyin “Inter” birorta salohiyatli yarim himoyachisiz qolishi hech gap emas.
Foyda: Arturo Vidal
Vidal ushbu yozda o‘ziga yangi klub qidirayotgan edi. Biroq “Bavariya”dek nomdor klub topish masalasi qiyin edi. Ammo yakunda u buning uddasidan chiqdi.
Yoshiga qaramay, Vidal tezligi evaziga asosiy tarkibda yarim himoyadan o‘ziga joy topa olishi mumkin. Boz ustiga Valverde uni Paulinoga to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘rinbosar sifatida ko‘rmoqda.
Agarda chililik futbolchi “Inter”ga o‘tganida bormi, u Nainggolan, Joao Mario, Brozovich va Vesino kabi “nahanglar” bilan tinmay raqobat qilishiga to‘g‘ri kelardi. 31 yoshli yarim himoyachi yarim himoyasi biroz kuchsizlanib qolgan “Barselona”da o‘z o‘rnini topib ketishi mumkin.
Zarar: Denis Suares
Ushbu hafta Denis Suares uchun xayrli bo‘lmadi. 24 yoshli yarim himoyachi 2016-yilda klubga qaytganidan beri asosiy tarkibga kirish uchun kurashib keladi.
Avval bu yo‘lda unga Inesta, Rakitich va Buskets izn bermagan bo‘lsa, keyin Paulino va Filippe Koutino uning imkoniyatlarini cheklab qo‘ydi.
Agarda Suares Inesta va Paulinoning klubdan ketganini asosiy tarkibga kirish uchun umid uchqunlarini ochgan bo‘lsa, chililik futbolchining kelishi bunga yana rahna solishi mumkin.
Foyda: Serxio Buskets
Paulino ketgach Busketsning yangi mavsumdagi ishi biroz qiyinlashishi kutilgandi. Sababi braziliyalik yarim himoyachi o‘tgan mavsumda Busketsga himoyaviy ishlarda ancha kamarbasta bo‘lgandi.
Ispaniyalik futbolchi dunyoning eng yaxshi yarim himoyachilaridan biri. Biroq unga ham maydon o‘rtasida yordamchi sherik zarur. Bu vazifani Vidal bajarishi mumkin. O‘tgan mavsumda Vidal Bundesligada har 90 daqiqada 4.3 marta raqibni to‘xtatib qolgan. 22 o‘yinda esa 88.5 % bilan aniq uzatmalarni amalga oshirgan.
Qiyoslaydigan bo‘lsak, Pauliono har 90 daqiqada 1.8 marta raqibni to‘xtatgan bo‘lsa, aniq uzatmalari ko‘rsatkichi – 87.8 % ni tashkil qiladi.
Zarar: “Barselona”
Ba’zi klub muxlislari va shaxsan Ernesto Valverde Vidal transferida ijobiylikni ko‘rayotgan bo‘lsada, chililik futbolchi klubning transfer strategiyasida oqsoqliklar borligini ko‘rsatmoqda.
Vidal ayni vaqtda 31 yoshda va shartnomasi muddati oxirida 34 ga kiradi va futbolchilik faoliyatini yakunlashi ham mumkin.
Albatta u Krishtianu Ronaldu emas, Vidal klubdagi faoliyati davomida pastga sho‘ng‘iy borishi aniq. U klubda nari borsa bir yil yuqori sport formasida bo‘lishi mumkin. Bir yil futbolda uzoq muddat bo‘lishi mumkin. Dunyoning ba’zi iqtidorli yoshlari mavsum o‘rtasidagidan ko‘ra ancha arzonroqqa tushishi mumkin edi. Qisqasi Vidalning transferini yaxshi deyishimiz mumkin. Bu faqatgina qisqa muddatli kelajakda.
Erkinjon G‘aybullaev tayyorladi.
Fikrlar