Baxtiyor Ashurmatov: Murabbiy sifatida hozircha o‘zimni to‘liq namoyon eta olmadim

  • 6 sentabr, 2018, 09:32
  • Baxtiyorjon Toshtemirov
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Baxtiyor Ashurmatov boshqaruvidagi OKMK jamoasi baribir kuchli oltilikka kira olmadi va endi kurashni pastki oltilikda davom ettiradi. Ammo u erda ham intriga bor. Boisi, hech kim pro-ligaga tushib ketishni yoki pley-offda qolib ketishni istamaydi. Shuning uchun hamma jamoalar qatori olmaliqliklar ham astoydil kurashishi aniq. Ashurmatov esa dastlabki bosqich va keyingi rejalar haqida gapirdi.

Tecno

Birinchi bosqich haqida

- Gapning ochig‘i birinchi bosqichdan murabbiy sifatida menda ikki xil taassurot qoldi. Salbiy tomoni shundaki, biz o‘z oldimizga kuchli oltitalikka kirishni maqsad qilib qo‘ygandik. Afsuski, bu vazifani uddalay olmadik. Garchi oxirgi beshta turdan to‘rttasida g‘alaba qozonganimizga qaramasdan to‘plagan ochkolarimiz kuchli oltilikka kirishga etmadi. OKMKni qabul qilib olganimdan keyin to‘rtta g‘alabasiz seriyani o‘tkazganimiz baribir o‘z ta’sirini o‘tkazdi. Ayniqsa, o‘z maydonimizda “Neftchi” bilan durang o‘ynab ikki ochkoni yo‘qotib qo‘yganimiz oxiriga kelib juda bilindi. Natijada kuchli oltilikka kirish imkoniyatidan mahrum bo‘ldik. Endi ijobiy taraflari haqida gapiradigan bo‘lsam, jamoani qabul qilib olganimdan so‘ng futbolchilarning mashg‘ulotlarga bo‘lgan qarashlari, o‘yinga bo‘lgan munosabatlari o‘zgardi. Bu esa albatta yaxshi holat. Boisi, shundan keyin futbolchilarimiz men xohlagan o‘yinni ko‘rsatishni boshlashdi. Shuningdek, dastlabki g‘alabani qo‘lga kiritganimizdan keyin yigitlarimizda o‘z kuchlariga bo‘lgan ishonch ham ortdi. Natijada g‘alabalarimiz ko‘paydi. Ammo bu ham kamlik qildi. Yana bir yoqmagan jihati shu bo‘ldiki, birinchi bosqichning oxirgi turida “Metallurg”ga qarshi uchrashuvda mag‘lubiyatga uchraganimiz kayfiyatimizni tushirib yubordi. Aynan OKMKda ish boshlagach, dastlabki to‘rtta o‘yindagi g‘alabasiz seriya va oxiridagi “Metallurg”ga boy berilgan o‘yin meni juda ham ranjitdi. Lekin boya aytganimdek, futbolchilarimizning ishga bo‘lgan yondashuvi menga yoqdi. Keyingi bosqichga aystoydil tayyorgarlik ko‘rishga harakat qilyapmiz. Bemalol aytishi mumkinki, quyi olitilikda ham kuchli jamoalar yig‘ilishgan. Masalan, “Qo‘qon-1912” yoki o‘zbek futbolining oxirgi paytlardagi etakchilaridan biriga aylanib borayotgan “Nasaf”ni ko‘rsatishim mumkin. “So‘g‘diyona” esa o‘z tarkibini kuchli legionerlar bilan kuchaytirgan. “Neftchi” ham oxirgi paytlarda yaxshi o‘yin ko‘rsatyapti. “Qizilqum”ni ham unutmaslik kerak, boisi ularda ajoyib tarkib bor. O‘ylaymanki, pastki oltitalikda ham tomoshabop va shiddatli o‘yinlar ko‘p bo‘ladi. Bu erda ham ko‘proq g‘alabalar qozonishimiz lozim. Afsuski, endi qanday o‘ynashimizdan qat’iy nazar faqat 7-8-o‘rinlarga kurashishimiz mumkin xolos. Biz tayyorgarligimizning bir qismini Chimyon tog‘ yon bag‘irlarida o‘tkazdik. Bir tomondan birinchi bosqichdan so‘ng futbolchilarga u erda dam olish imkonini bergan bo‘lsak, ikkinchi tomondan muhim o‘yinlar oldidan yigitlarning jismoniy holatini me’yoriga keltirish va shu bilan chempionatga tayyor holda olib kelishimiz lozim edi. Shu bois 8 kun davomida Chimyonda tayyorgarlik ko‘rdik.

Ikkinchi bosqich

- Futbolchilarimizda motivatsiya yo‘q? Biz bu fikrdan yiroqdamiz. Quyi oltilikda oxirgi o‘rinni egallagan jamoa to‘g‘ridan-to‘g‘ri pro-ligaga tushib ketadi. 11- va 10-o‘rin egalari esa pro-ligadagi 2- hamda 3-o‘rin sohiblari bilan pley-off o‘yinida qatnashadi. Shu sababli menimcha, intriga oxirigacha saqlanib qoladi. Aytib o‘tganimdek, shiddatli va muxlislarga yoqadigan o‘yinlar bo‘ladi. Masalan, bizdan keyingi o‘rindagi “Qo‘qon-1912” bilan o‘rtamizdagi ochkolar farqi uchta. “Nasaf” bilan OKMKda 16 tadan ochko bor. “Qizilqum”da esa 19 ta. Shu bois hech bir jamoaning bo‘shashishga haqqi yo‘q. “So‘g‘diyona” bilan “Neftchi” ham Superligada jon saqlab qolish uchun oxirigacha kurashishadi. Garchi kuchli oltilikka kira olmagan bo‘lsak-da, endi o‘z o‘yinimiz bilan o‘rnimizni saqlab qolishimiz kerak.

Milosh Trifunovich to‘g‘risida

- Milosh Trifunovichni “Bunyodkor”dagi o‘yinlari orqali yaxshi bilaman. To‘g‘ri, oradan bir necha yillar o‘tdi. Shu bois hozirda u yoshi o‘tib borayotgan hujumchi hisoblanadi. Shunday bo‘lsa ham u mahoratli futbolchi. Uning imkoniyatlarini yaxshi bilardik. Vadim Chemirtan jamoamizdan ketganidan so‘ng bizda hujum chizig‘imizda muammolar paydo bo‘ldi. Kamol Murzoev jarohatidan keyin hali sport formasini tiklab olmagandi. Zafar Polvonov ham bor, ammo bizda ko‘proq gollar uradigan hujumchi yo‘q edi. Shuning uchun Trifunovichni gollari bilan jamoamizga yordam beradi, degan maqsadda taklif qilgandik. Ammo uning jamoamizga kirishib ketishi oson bo‘lgani yo‘q. Asta-sekin o‘z o‘yinini topib boryapti va umid qilamanki, ikkinchi bosqichda yanada ko‘proq yordam bera oladi. Ya’ni, kuchli futbolchiligini va bejizga taklif qilmaganimizni o‘z o‘yinlari bilan isbotlaydi.

Murabbiylik salohiyati xususida

- Men ishlagan jamoalardan ikki xil taassurotlar qolgan. Masalan, “Navbahor”ni qiyin paytda qabul qilib olgandik va yomon jamoa tuzmagandik. Ammo medallar uchun kurasha olmagandik. “Andijon”da esa ayrim sabablarga ko‘ra ko‘p ishlamadim. Ulug‘bek Baqoev bilan birgalikdagi ishimiz esa yomon bo‘lmadi. Biz “Buxoro”da yaxshi jamoani tashkil qilishga muvaffaq bo‘ldik. Meni OKMKga chaqirishganida Baqoev bilan bu masalada maslahatlashgandim va mening mustaqil ishlashim kerakligini aytib omad tilagandi. Natijada “Buxoro” rahbarlari bilan kelishgan holda Olmaliq jamoasini qabul qilib oldim. Ikki yil davomida mustaqil ishlamagandim. Shuning uchun bosh murabbiylikda ishlashga ishtiyoqim baland edi. Baribir mavsum davomida yo‘qotilgan ochkolar yakunda o‘z ta’sirini ko‘rsatdi. Yaxshi o‘yinlar ko‘rsatib tursak va keyingi mavsumda ham OKMKda ishlash nasib qilsa, aynan yangi chempionatda ishtirokimizga qarab mening murabbiylik salohiyatimga baho berish mumkin bo‘ladi. Murabbiy bo‘lganimdan beri bir jamoada ko‘p yillar ishlay olmayapman. Shuning uchun mening qanaqa murabbiy ekanligimga baho berish murakkabroq kechyapti. Olmaliqda esa ko‘proq ishlash niyatim bor. Agar rahbariyat bizga ishonib turishsa, vaqti kelib medallar uchun kurashadigan jamoani tuzishga harakat qilamiz.

Shuhratbek Jo‘raev

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!