Davron Fayziev kubok finalida qaysi jamoaning imkoniyatlarini yuqori baholadi?
Taniqli sharhlovchi "SPORTS.uz haftasi" ko‘rsatuvida O‘zbekison kubogi final o‘yini borasida o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi. Yaxshi bilasiz, bugun AGMK va "Paxtakor" jamoalari billur sovrinni qo‘lga kiritish uchun Farg‘onadagi "Istiqlol" stadionida o‘zaro kuch sinashadi.
"Paxtakor" bu o‘yinga hayot-mamot uchrashuvi sifatida qarashi aniq. Murabbiylar shtabiga ham sovrinlar kerak. Superligada "Lokomotiv"ga imkoniyat boy berilgach, "sherlar"ning g‘oliblik uchun kurashni boy berishi mumkin. Qolaversa, bu OChL saralashi uchun tayyor yo‘llanma. Aynan shu o‘yin "Paxtakor" uchun rahbariyat oldidagi hisoboti bo‘ladi. Kubok ko‘lga kiritilsa, "Paxtakor" uchun mavsum yomon o‘tmadi deyish mumkin bo‘ladi va shuning uchun toshkentliklar nima qilib bo‘lsada, g‘alaba qozonishga harakat qilishadi. Ikki karra ishonch bilan aytamanki, finalda favorit "Paxtakor".
AGMKda ham g‘alaba qozonish imkoniyati bor. Sababi shuki, "Paxtakor" futbolchilarining ruhiyatida haddan tashqari bosim ko‘payib ketsa, bu aks ta’sir etishi ham mumkin. AGMKning esa yo‘qotadigan narsasi yo‘q. Ular mag‘lub bo‘lishsa ham, olmaliqlik muxlislar jamoani jiddiy tanqid qilishmasa kerak", - dedi Fayziev.

Fikrlar