
Dilshod Nuraliev: “Surxon”dan ketish alamli bo‘ldi, ammo...
Xabaringiz bor bundan bir necha kun avval Termizning “Surxon” jamoasida kutilmagan o‘zgarish yuz berdi. Bosh murabbiy sifatida ishlab kelayotgan Dilshod Nuraliev iste’foga chiqarilib, o‘rniga Igor Shkvirin tayinlandi. Aslida Nuraliev boshchiligida “Surxon”ning natijalari chakki emasdi. Har holda ular pro-ligada “Mash’al”dan keyin 2-o‘rinni egallab turishgandi. Ma’lum bo‘lishicha, Dilshod Nuraliev O‘zbekiston yoshlar terma jamoasini boshqarishi kutilyapti va shuning uchun u termizliklar bilan xayrlashgan. Aslida voqealar rivoji qanday tus olganini uning o‘zidan eshitsak.
- Meni hech kim ishdan bo‘shatgani yo‘q, o‘z xohishim bilan ariza yozdim, - deb gap boshladi, Nuraliev. - Chunki menga O‘FA va PFL rahbarlari yoshlar terma jamoasini boshqarishni taklif etishdi. Menimcha, har bir murabbiy terma jamoada ishlashni istaydi. Masalan, o‘zim uchun ham terma jamoada ishlash katta sharaf. Lekin bu aynan hozir ro‘y berganini kutmagandim. Chunki bor e’tiborimni “Surxon”ga qaratgandim. O‘z oldimizga qo‘ygan maqsadimiz bor edi. Yozgi yig‘inda tarkibimizni yana kuchaytirishni rejalashtirib turgandik. Buning uchun yangi futbolchilar bilan gaplashib turgandik. Qisqasi, oldimizga qo‘yilgan vazifani bajarish yo‘lida ishlayotgandik. Ayniqsa, oxirgi paytlarda jamoamizning o‘yini ancha yaxshi chiqayotgandi. To‘g‘risi, bu jamoadan ketish menga alamli. Men futbolchilarga, futbolchilar esa menga o‘rganib qolishgandi. Albatta, hammasini rahbarlar hal qiladi. Ammo har doim birinchi o‘rinda terma jamoa manfaati turishini unutmasligimiz kerak. O‘FA rahbariyati bilan “Surxon” rahbariyati o‘zaro kelishib olishgan. Biz vazifani bajaruvchilarmiz, shu bois qaerda deyishsa o‘sha erda ishlashga majburmiz. Endi bundan buyon terma jamoada ham astoydil mehnat qilamiz. Ammo yana qaytaraman: “Surxon”dan ketishimiz juda alamli bo‘ldi. U erda fevral oyidan ish boshlagandik, to‘rt oy davomida katta mehnat qilgandik. O‘ylaymanki, Termizda yaxshi jamoa shakllantirishning uddasidan chiqa oldik. Ayni paytda “Surxon” 2-o‘rinda boryapti. Jamoaning keyingi uchrashuvlari “Orol” va “Sho‘rtan”ga qarshi o‘tadi. Ishonamanki, “Surxon” bu o‘yinlarda olti ochkoni qo‘lga kiritadi va mavqeini yanada mustahkamlaydi.
- Lekin sizni “Surxon”dan yoshlar terma jamoasiga o‘tkazishyaptimi, demak siz hali ham o‘zbek futboli uchun kerakli mutaxassissiz...
- Ha, to‘g‘ri aytasiz. Buning uchun futbolimiz rahbariyatiga minnatdorchilik bildiraman. Lekin tan olish kerakki, bungacha mehnat qilib ishlayotgan joyingizdan ketish baribir og‘ir bo‘lar ekan. Boz ustiga “Surxon”dagi natijalarimiz ham chakki emasdi. Agar natijalar o‘xshamayotganida murabbiy qochib ketishi hech gap emas. Lekin bizda u erda hammasi yaxshi edi.
- Klubdan ketishingizga termizlik muxlislarning munosabati qanday ekan? Eshitishimizcha, u erda sizni yoqtiradigan va yoqtirmaydigan ishqibozlar ham bor ekan...
- Murabbiy jamoani shakllantiryaptimi, muxlislar faqat g‘alabani talab qilishadi. Buni to‘g‘ri tushunsa bo‘ladi. Axir hamma ham o‘z jamoasini Superligada ko‘rishni xohlaydi. To‘g‘ri, hammaga birdek yoqadigan ish qilib bo‘lmaydi. Ammo bizni qo‘llab-quvvatlab, ishonayotgan muxlislar ishonch bildirmayotgan odamlarga nisbatan juda ko‘p edi. Mashg‘ulotlarimizga ham kelishib dalda berib turishgandi. Termizda ishlab ko‘plab ajoyib insonlar bilan tanishdim. To‘g‘ri, ayrim muxlislarga yoqmagan bo‘lishim mumkin. Yutqazib qo‘ygan paytlarimizda ayrim noto‘g‘ri gaplarni ham gapirishdi. Bu esa albatta murabbiylarga qattiq ta’sir qiladi. Ammo biz bunga to‘g‘ri qarashimiz kerak. Chunki muxlislar har doim o‘z jamoasinining g‘alaba qozonishini istaydi. Masalan, “Paxtakor” durang o‘ynab qo‘ysa, u erda ham muxlislar gapirishadi. Demak, “Surxon”ni aytmasa ham bo‘ladi. Surxondaryoda ko‘p yillardan beri yaxshi futbol jamoasi bo‘lmagani u erdagi ishqibozlarning ruhiyatiga ham ta’sir ko‘rsatgan. Shuning uchun ular “Surxon”ni tezroq Superligada ko‘rishni xohlashyapti. Biz esa u erda shu maqsadda qo‘limizdan kelganicha mehnat qilayotgandik. Futbolchilarimiz yomon natija ko‘rsatishmayotgandi.
- Endi u erda Igor Shkvirin sizning ishingizni davom ettiradi. Bundan keyingi voqealar rivojini qanday baholaysiz?
- Biz u erda ishni kech boshlaganimiz uchun o‘zimiz istagan hamma futbolchini ham qo‘lga kirita olmaganmiz. Igor Shkvirin vaqtliroq o‘ziga kerakli futbolchilarni tarkibga yig‘ib olsa, umid qilamanki, jamoani Superligaga olib chiqa oladi. Hozir ham “Surxon”ni yaxshi shakllangan deb hisoblayman. Masalan, “Andijon”ga qarshi uchrashuvda ham yigitlarimiz mehmonda yaxshi o‘ynashdi. Pro-ligada eng kuchlisi bo‘lgan “Mash’al”ga ham munosi qarshilik ko‘rsatayotgandik. Jamoamizning kelajagi bor.
- Yoshlar terma jamoasida ishni nimadan boshlashni o‘ylayapsiz?
- Hozircha reja tuzganim yo‘q. Futbolimiz rahbariyati bilan gaplashib, rasman ishga kirishganimizdan keyin rejalar tuzamiz. PFL bosh direktori Omon G‘ofurov bilan gaplashdim. O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining birinchi vitse-prezidenti Umid Ahmadjonov mening terma jamoaga qaytishimni xohlayotganini ma’lum qildi. Albatta, birinchi bo‘lib selektsiya ishlarini olib boramiz. Barcha viloyatlar bo‘yicha Toshkentda turnir o‘tkazib nomzod o‘yinchilarni saralab olamiz.
- Terma jamoada ishlash borasida tajribangiz katta va buni oldingi natijalar ham ko‘rsatib turibdi. Klubda esa...
- Balki terma jamoaga ko‘proq kerakligim uchundir. Meni yoshlar terma jamoasi bosh murabbiyligiga loyiq ko‘rishayotgani yoqimli. Rahbarlar bilan yana bir bor uchrashib gaplashib olganimizdan keyin barchasi ma’lum bo‘ladi.
Shuhratbek Jo‘raev suhbatlashdi.
Fikrlar