
Dzyudo, og‘ir atletika hamda gimnastika federatsiyalari MOQni o‘z rejalari bilan tanishtirishdi
Unda federatsiya mas’ullari Tokio 2020 Olimpiadasi uchun o‘zlarining strategik rejalarini taqdim etmoqdalar.
Ana shunday uchrashuvlarning navbatdagisi bugun O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi, O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi hamda O‘zbekiston gimnastika federatsiyasi vakillari bilan o‘tkazildi. Yig‘ilishlarda Jasur Matchanov boshchiligidagi ishchi guruh a’zolari ham ishtirok etishdi. Bu haqda MOQ rasmiy sayti xabar bermoqda.
O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi bilan tashkil qilingan yig‘ilishda federatsiya raisi o‘rinbosari Shahrillo Mahmudov og‘ir atletikachilarimizning Yaponiyada o‘tkaziladigan Olimpiya o‘yinlari uchun tayyorgarlik rejasi, maqsadlarini tushuntirib berdi. Shuningdek, qaysi musobaqa orqali qanday reyting ochkolariga ega bo‘lish mumkinligi haqida ma’lumot bilan tanishtirdi.
Shuningdek, O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi mutasaddilari, murabbiylar ham Milliy olimpiya qo‘mitasi vakillariga o‘zlarining Tokio 2020 Olimpiadasi uchun tuzgan rejalari haqida ma’lumot berdilar. Federatsiya bosh kotibi Abdullo Murodov hamda terma jamoa bosh murabbiyi Farhod To‘raev sportchilarimizning bugungi kundagi holati, ular bilan kuzatilayotgan muammolar va kamchiliklar haqida gapirishdi. Yig‘ilish davomida sportchilarimizning umumiy jismoniy tayyorgarligini ham kuchaytirish lozimligiga alohida e’tibor qaratildi.
Gimnastika federatsiyasi mas’ullari bilan o‘tkazilgan yig‘ilish ham aynan shu mavzuda tashkil etildi. Sportchilarimizning Olimpiya o‘yinlari litsenziyasini qo‘lga kiritish imkoniyatlari, shuningdek Tokioda sovrinli o‘rinlarga ega chiqish masalalari keng muhokama qilindi.
Fikrlar