Hakim Fuzaylov: OKMK haqida bizda etarlicha ma’lumotlar bor

  • 15 yanvar, 2019, 20:54
  • 0
  • Futbol

12 fevral kuni Osiyo Chempionlar ligasining pley-off bosqichida OKMK jamoasi o‘z maydonida Tojikistonning «Istiqlol» klubi bilan bellashadi. Ikkala klub ham bo‘lajak o‘yinga jiddiy hozirlik ko‘rishmoqda. G‘olib nomi aynan bitta o‘yin natijasiga ko‘ra aniqlanadi. Shuni inobatga olganda, OKMK ham, «Istiqlol» ham g‘alaba uchun borini berishi muqarrar. Biz esa tabiiyki, O‘zbekiston sharafini himoya qiladigan o‘z jamoamizni qo‘llab-quvvatlaymiz. Lekin shu bilan birga raqibning kuchiga ham past nazar bilan qarash noo‘rin. Barchaga yaxshi ma’lumki, «Istiqlol» klubi Tojikistonning eng kuchli klubi hisoblanadi va ular OFK Kubogida garchi muvaffaqiyat qozonmaga bo‘lsa-da, finalgacha etib borgan. Ayni paytda bu jamoani barchamizga yaxshi tanish bo‘lgan Hakim Fuzaylov boshqarib bormoqda. U faoliyati davomida yurtimizda ishlab «Buxoro», «Dinamo», «Andijon» va «Lokomotiv» klublariga ustozlik qilgan. «Istiqlol» boshqaruvini o‘z qo‘liga olguniga qadar esa ikki yil davomida Tojikiston milliy terma jamoasiga bosh murabbiylik qilib keldi. Endilikda esa terma jamoada uning o‘rnini hamyurtimiz Usmon Toshev egallaganidan xabardorsiz. Biz esa OKMKning OChLdagi bo‘lajak raqibiga jiddiy e’tibor qaratishni lozim topdik. Shu maqsadda «Istiqlol» bosh murabbiyi Hakim Fuzaylov bilan bog‘lanish yo‘llarini topdik. O‘z navbatida Qayumovich o‘zbekistonlik jurnalistlar bilan muloqot qilishga qarshi emasligini bildirgan holda savollarimizga o‘z javoblarini yo‘lladi.

- Hakim Qayumovich, 2018 yil siz uchun birinchi navbatda nimasi bilan yodingizda qoldi?

- Albatta, Rossiya mezbonligida o‘tgan jahon chempionati orqali yodimda qoldi.

- Bunga qadar Tojikiston milliy terma jamoasiga ustozlik qilgansiz. Endi esa o‘rningizda Usmon Toshev ishlayapti. U haqida nima deya olasiz?

- Usmonni anchadan beri bilaman. «Buxoro» klubini boshqargan chog‘imda u jamoa sardori hisoblanardi. Terma jamoamizga uni bosh murabbiy etib tayinlashganini ijobiy qabul qilaman. Umid qilamanki, Toshevda hamma narsa o‘xshaydi.

- Tojikiston terma jamoasini ham Osiyo Kubogida ko‘rishni istagandik. Chunki Markaziy Osiyodan O‘zbekiston, Turkmaniston va Qirg‘iziston ham ushbu musobaqada ishtirok etishadi. Sizning boshchiligingizdagi Tojikiston ham Osiyo Kubogiga yaqin kelgandi. Afsuski, bunday bo‘lmadi. Ayting-chi, oxiriga kelganda vazifa bajarilishiga nima etishmadi?

- O‘yin borasida terma jamoamiz musobaqaning final bosqichida ishtirok etishga munosib edi. Ammo saralash bahslari davomida etakchi futbolchilarimizning kutilmaganda jarohatlarga yo‘liqishi yakuniy natija ijobiy ko‘rinish olishiga xalaqit berdi.

- «Istiqlol» Tojikistonning kuchli klublaridan biri va endilikda siz ushbu jamoani boshqaryapsiz. 12 fevralda esa sizning jamoangiz Osiyo Chempionlar ligasi pley-offida O‘zbekistonning OKMK klubi bilan bahs olib boradi. Bo‘lajak uchrashuvga tayyorgarlik qanday olib borilyapti?

- Ha, klub 10 dekabrdan tayyorgarlik ishlarini boshlab yuborgan. «Istiqlol»ning ham xuddi OKMK kabi nufuzli musobaqada ilk bor qatnashishi munosabati bilan zimmamizda katta mas’uliyat yotganini his qilib turibmiz. Shu bilan birga bo‘lajak bahs og‘ir o‘tishiga shubhamiz yo‘q.

- Hakim Qayumovich, «Istiqlol» qanday maqsadlar uchun kurashadi? Umuman olganda, bosh murabbiylikka tayinlanganingizdan keyin oldingizga qanday vazifalar qo‘yildi?

- Yildan-yilga o‘tib borgani sari «Istiqlol» o‘z oldiga eng yuqori vazifalarni qo‘yib bormoqda. Joriy yil ham bundan mustasno bo‘lmaydi, albatta.

- Agar sir bo‘lmasa, ayting-chi, OKMKni o‘rganishni boshlab yubordingizmi? U erdagi o‘zgarishlardan xabaringiz bo‘lsa kerak. Raqiblarning imkoniyati tengmi yoki…

- OKMKda ishlar qanday olib borilishi yuzasidan bizda etarlicha ma’lumotlar bor. Ammo har qanday bellashuvlar arafasida men avvalo boshqaruvimdagi jamoaning tayyorgarligiga butun e’tiborimni qaratishga odatlanganman. Albatta, OKMKga qarshi bahsga juda jiddiy munosabatda hozirlik ko‘ramiz.

- Bizning futbolni juda yaxshi bilasiz. Sizningcha, O‘zbekiston terma jamoasi Osiyo Kubogida qaergacha bora oladi deb o‘ylaysiz?

- Ha, O‘zbekiston terma jamoasini juda yaxshi bilganim bois guruh bosqichidan muvaffaqiyatli o‘ta olishiga ishonaman. Qolaversa, termangiz anchadan beri qit’aning eng kuchli terma jamoalardan biri ekanligini isbotlab kelmoqda.

- O‘zbekistonda ishlashingiz uchun yana takliflar bo‘lib turibdimi?

- Ha, bir qancha klublar murojaat qilishgandi. Lekin ish muzokaralar olib borish darajasiga etib bormadi.

- O‘z vaqtida «Dinamo» (Samarqand), «Buxoro», «Andijon» va «Lokomotiv» klublarini boshqargansiz. Ushbu jamoalardagi faoliyatingizga qanday ta’rif berasiz? Bir-biridan farqli jihatlari ko‘zga tashlanganmi?

- O‘zbekistonda olib borgan faoliyatimda menda faqat iliq xotiralar qolgan. Bundan boshqa biror gapni qo‘shimcha qila olmayman.

- Moskvaning «Lokomotiv» klubida selektsioner murabbiy vazifasida ishlagansiz va ushbu ishingiz yuzasidan dunyo kezgansiz. Tabiiyki, bu masalada ham etarlicha tasavvur va ma’lumotlarga egasiz. Sizningcha, bizning o‘yinchilarga kuchli chempionatlarda faoliyatini davom ettirishi uchun nima etishmayapti? To‘g‘ri, legionerlarimiz yo‘q emas, lekin soni oz…

- O‘zbek futbolchilarining xorijdagi nisbatan kuchli bo‘lgan chempionatlarda faoliyatlarini davom ettirishlari uchun biror-bir to‘siqni ko‘rmayapman. Boz ustiga O‘zbekistonda futbolni rivojlantirish yo‘lida yaratilgan bugungi shart-sharoitlar bemalol zamon talablariga javob bera oladi. Bunday sharoitda har qanday futbolchi mahoratini «charxlashi» va chetdagi klublarning e’tiborini qozona olishi mumkin.

- O‘zbek murabbiylaridan kim bilan aloqani saqlab qolgansiz?

- O‘zim tanigan va birga ishlagan murabbiylarning barchasi bilan munosabatim yaxshi va hozirgacha aloqani saqlab qolganman.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!