Ilgar Aliev: Qudratillo va Azizbek faqat g‘alaba uchun jang qiladi

  • 06.02.2017 10:20
  • 0
  • Boks
Komp: Xabar sarlavhasi ostidagi

 

10 fevral kuni ikki engilmas bokschimiz – Qudratillo Abduqahhorov (9-0-0, 6 KO) va Azizbek Abdug‘ofurov (4-0-0, 4 KO) Singapurda tashkil etiladigan professional boks kechasida navbatdagi jangini o‘tkazadi. Professional ringda mag‘lubiyatsiz faoliyat yuritayotgan bu bokschilarimizning muvaffaqiyatlari zamirida intiluvchan murabbiy Ilgar Alievning xizmatlari yotibdi.

SPORTS.uz axborot portali bo‘lajak muhim janglar oldidan Ilgar Aliev bilan suhbat uyushtirdi.

- Ilgar, avvalo o‘zingiz haqingizda ma’lumot bersangiz.

- Men 1985 yilda Toshent shahrida tug‘ilganman. 10 yoshimdan boks bilan shug‘ullandim. Bokschi sifatida qator xalqaro turnirlarda g‘olib va sovrindor bo‘ldim. O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya institutida tahsil oldim. Bolaligimdan murabbiylik sohasiga qiziqqanim uchun shu kasbni tanladim.

O‘qishni bitirganimdan so‘ng menga Malayziyada murabbiy sifatida ishlash taklifi tushdi. Xalqaro tajribaga ega bo‘lish uchun xorijda ishlashga yo‘l oldim. Shu tariqa Kuala-Lumpurda boks murabbiyi sifatida ishlay boshladim.

- Shogirdlaringiz qanday natijalarga erishdi?

Malayziyadagi faoliyatim davomida shogirdlarimdan uch nafari mamlakat chempioni bo‘ldi. Ulardan birini Chirchiqda o‘tkazilgan ochiq musobaqaga olib kelgandim. Bu erda ham oltin medal oldi. Yana bir shogirdim Malayziyaning eng yaxshi bokschi, deb topilgan.

Kuala-Lumpurdagi murabbiyligim bugungi kundagi faoliyatim uchun mustahkam poydevor bo‘ldi. Shogirdlarimga boks sir-asrorlarini o‘rgatish barobarida o‘zim ham murabbiylik mahoratini oshirib bordim. Bu jarayonda bokschilarni tayyorlash bo‘yicha ko‘p bilim va tajribalarni o‘zlashtirishga to‘g‘ri keldi.

- Qanday qilib, professional bokschilar murabbiyiga aylandingiz? Qudratillo va Azizbek bilan qanday tanishdingiz?

2014 yili Malayziyada nufuzli xalqaro boks turnirini tashkil qildik. Unga O‘zbekiston bokschilari ham taklif etildi. Yurtimizdan to‘rt nafar bokschi keldi. Ular orasida Azizbek Abdug‘ofurov va Qudratillo Abduqahhorov ham bor edi. Ularning jang olib borish usulidan hayratga tushdim.

Oradan ikki oy o‘tib, yana bir xalqaro musobaqa o‘tkazildi. Men o‘z shogirdlarim bilan birga Qudratilloni ham o‘sha turnirga olib bordim. Hamma shogirdim oltin medalga loyiq topildi. Qudratillo ham nimalarga qodirligini ko‘rsatdi.

Keyinroq, hamkorlarim bilan birga professional boks klubini ochdik. 2015 yili shu klubga Qudratillo Abduqahhorovni taklif qildim.

Azizbek Abdug‘ofurov esa havaskordagi natijalari bilan e’tiborga tushgan edi. U bir necha marotaba O‘zbekiston chempionatida g‘olib va sovrindor bo‘lgan. Xalqaro miqyosdagi turnirlarda yurtimiz sharafini munosib himoya qilgan. Uning salohiyatini inobatga olib, birga ishlashga qaror qildim.

Shu tariqa barchamizning professional boksdagi faoliyatimiz boshlanib ketdi.

- Qudratillo va Azizbekning qaysi xususiyatlarini alohida ko‘rsatgan bo‘lardingiz?

Har ikki shogirdimning bokschilik maktabi juda kuchli ekanini ta’kidlash lozim. Qudratilloning texnikasi juda zo‘r. Bundan tashqari, u o‘ta chidamli bokschilar toifasiga kiradi. Jang davomida charchamaydi, serharakat va raqibga ko‘p zarba bera oladi. O‘zi eza zarba “ko‘tara oladigan” bokschi.

Azizbek haqiqiy nokautchi. Zarbasi juda kuchli ekanini mutaxassislar ham, u bilan jang qilgan yoki sparring tushgan bokschilar ham tan oladi. Shuningdek, Azizbekka zarba tekkizish mushkul, u o‘ta chaqqon va tezkor bokschi. Har ikki shogirdim ham nimalarga qodirligini ringda ko‘rsatib kelmoqda.

- Ilgar, bokschilarimiz oldida juda jiddiy janglar turibdi. Kuchli va tajribali bokschilarga qarshi ringga chiqishga hali erta emasmi?

Ma’lumot o‘rnida: Qudratillo Abduqahhorov 25 mart kuni zimbabvelik Afrika chempioni Charlz Manyuchiga qarshi jang qiladi. Bu bokschi etti yildan buyon mag‘lubiyat nimaligini bilmay kelyapti. 20 ta g‘alabaga erishgan. U hozir WBC Silver – kumush kamarni egallab turibdi. Manyuchi bu sovrin uchun o‘tgan yili Rossiyada tashkil etilgan jangda engilmas bokschi Dimitriy Mixaylenkoni mag‘lub etgan. Ungacha Qudratillo 10 fevralda ringga chiqadi.

Azizbek Abdug‘ofurov 10 fevral kuni WBC yo‘nalishi bo‘yicha Osiyo chempionligi kamarini ilk bor himoya qiladi. Singapurda bo‘ladigan chempionlik jangida hamyurtimizga qarshi Sirimongkol Eamtuam ringga chiqadi. Tailandlik bokschi professional ringda 93 ta jang o‘tkazib, 91 marta zafar quchgan, shulardan 57 tasida raqiblarini muddatidan oldin enggan.

Sirimongkol Eamtuam bir necha marta turli vaznlarda jahon chempionligiga sazovor bo‘lgan o‘ta kuchli professional bokschi hisoblanadi. Tajribali charm qo‘lqop ustasi qariyb 15 yildan buyon mag‘lubiyat nimaligini bilmay kelmoqda.

Qudratillo ham, Azizbek ham havaskorlar boksida kuchli tayyorgarlik ko‘rgan. Har holda ular jahonda o‘z o‘rniga ega bo‘lgan o‘zbek boks maktabi tarbiyalanuvchilaridir. Tajribasi ham etarli. Qudratillo shu kungacha professional ringa to‘qqizta jang o‘tkazib, o‘zini ko‘rsatdi va raqiblaridan mahorat bobi ancha ustunligini namoyish qildi.

Azizbek esa faoliyatini darrov kuchli bokschilarga qarshi janglardan boshladi. Boshqa charm qo‘lqop ustalaridan farqli o‘laroq, professional boksga moslashish uchun vaqt sarflamadi. Dastlabki ikki jangda katta ringda bir necha g‘alabaga ega sportchilarni mag‘lub etgan, uchinchi va to‘rtinchi jangini yillar davomida mag‘lubiyat alamini bilmay kelayotgan bokschilarga qarshi o‘tkazdi. Ularning hammasini nokaut qildi.

Qudratillo ham, Azizbek ham muhim janglarga har tomonlama tayyorligi uchun jiddiy raqiblarga qarshi ringga chiqishiga tayyorgarlik ko‘ryapmiz.

- Bu yilga mo‘ljallangan rejalar qanday?

Asosiy maqsadimiz - Qudratillo Abduqahhorov 25 mart kuni zimbabvelik Afrika chempioni Charlz Manyuchiga qarshi jangda WBC Silver – kumush kamarini qo‘lga kiritishi kerak. Azizbek Abdug‘ofurov WBC yo‘nalishi bo‘yicha Osiyo chempionligi kamarini munosib himoya qilishi lozim. Keyin shogirdlarim bilan professional boks markazi hisoblangan AQShda uzoq muddatli o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini tashkil qilib, katta janglarga tayyorgarlik ko‘ramiz.

Bundan tashqari, klubimiz tarkibiga yana ikki nafar o‘zbekistonlik charm qo‘lqop ustalarini taklif etishni rejalashtiryapmiz. Ba’zi sabablarga ko‘ra, bu bokschilarning nomini oshkor qilolmayman. To‘g‘ri tushunasiz degan umiddaman.

Ilgar, samimiy suhbatingiz uchun rahmat. Faoliyatingizda omad tilaymiz!

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!