Mirjalol Qosimov: "Lokomotiv"dan cho‘chimayapmiz
Bugun O‘zbekiston Superkubogi oldidan "Samarqand darvoza" ko‘ngilochar savdo markazida matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda dastlab kubok sohibi – AGMK jamoasi bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov ishtirok etdi.
“Ertaga bizni qiyin o‘yin kutmoqda. Barcha futbol ishqibozlarini bo‘lajak uchrashuvga taklif etamiz. Futbol muxlislar uchun o‘ynaladi va to‘la stadionda o‘ynash ham o‘zgacha ruh beradi.
Saudiyada yomon o‘yin ko‘rsatmadik. Futbol shunisi bilan qiziq, biz yaratilgan imkoniyatlardan foydalanada olmadik. Raqib esa buni uddaladi. Yigitlarga ishonaman, ular oldinga qo‘yilgan maqsad uchun qattiq harakat qilishadi.
Bir jamoa bo‘lib, natijaga erisha olamiz deb o‘ylayman. “Lokomotiv”dan cho‘chimayapmiz. Raqib safida malakali futbolchilar bor. Qolaversa, amaldagi chempion. Shunday bo‘lsada, o‘z futbolchilarimga ishonaman.
Mavsumni erta boshlaganimiz, bizga yordam berishi ham mumkin. Lekin biz ham uzoq yo‘l bosib keldik. Superkubok o‘yini bu Superkubok. Bu bitta o‘yin va xato qilish juda qimmatga tushishi mumkin.
Ertaga qo‘l ostimdagi bor shogirdlarimdan foydalanaman. O‘yin amaliyoti etishmaydi, boisi jamoa yangi. Shunday bo‘lsada, yaxshi tayyorgarlik ko‘rdim deb ayta olaman", - dedi Qosimov.

Fikrlar