Mushtariy Abdurazzoqova: Sportchi bir kunda chempion bo‘lmasligini tushundim

CHERY AUTO

 

Tecno

Qilichbozlik – yurtimizda jadal rivojlanayotgan sport turlaridan. Olimpiya o‘yinlari dasturidan o‘rin olgan ushbu sport turi bugungi kunda o‘zbekistonlik yoshlar orasida keng ommalashib bormoqda.

SPORTS.uz axborot portali o‘z oldiga yuksak maqsadlarni qo‘ygan andijonlik iste’dodli sportchi Mushtariy Abdurazzoqova bilan suhbatlashdi.

- Mushtariy, nega aynan qilichbozlikni tanlagansiz?

- Menga qilichbozlikning rapira yo‘nalishi yoqib qolgan. O‘shanda 12 yoshda edim. Keyin shu sport turi bilan shug‘ullana boshladim.

- Ota-onangizning munosabati qanday bo‘ldi?

- To‘g‘risini aytsam, avvaliga qarshilik qilishdi. Lekin sport turiga bo‘lgan qiziqshim kattaligini inobatga olib, qilichbozlik bilan shug‘ullanishimga rozi bo‘lishdi, sharoit yaratib berishdi va hozirgacha qo‘llab-quvvatlab kelishadi.

- Sport o‘qishga ta’sir qilamaydimi?

- Yo‘q. Men 2009 yili Respublika olimpiya zaxiralari kollejida 7 –sinfdan o‘qiy boshlaganman. Sport o‘quv jarayonining ajralmas qismiga aylangan edi. Shunga qiyinchilik bo‘lmagan. Hozir Farg‘ona davlat universitetida ikkinchi bosqich talabasiman. Agar sport o‘qishga halaqit qilganida oliy o‘quv yurtiga o‘qishga kirolmasdim.

- Oila ishlariga uquvingiz qanday?

- Qiz bola  bo‘lganim uchun oila ishlarining hammasini bilishim kerak. Hammasini uddalay olishimga ishonaman. Oilamizda bu masalalarga jiddiy e’tibor qaratiladi.

- Bo‘sh vaqtda nima bilan shug‘ullanasiz?

- Aslida bo‘sh vaqtning o‘zi juda kam. Kuniga ikki mahal mashg‘ulotlarda qatnashaman. O‘qishga boraman. Darslarni puxta o‘zlashtirish uchun o‘z ustimda ko‘proq ishlashga harakat qilaman. Sport va o‘qishdan bo‘sh qolib bo‘lmaydi.

- Sportdan ketish fikri bezovta qilmaganmi?

- Bunaqasi ham bo‘lgan. Mag‘lubiyatlar alamidan ketmoqchi bo‘lganman. Lekin keyin sportda bir kunda chempion bo‘lish mumkin emasligini tushindim. Qiyinchiliksiz, mehnatsiz marraga etib bo‘lmaydi. Bularning bari hayotimda menga duch keldi. Hozir sportsiz hayotimni tasavvur qilolmayman.

- Musobaqada raqibdan qo‘rqasizmi?

- Qo‘rquv bo‘ladi. Lekin buni raqibdan qo‘rqish deyish noo‘rin. Men elkamdagi mas’uliyatni his qilolmay qolishdan, ustozlarim, ota-onam va menga ishongan odamlar ishonchini oqlolmay qolishdan qo‘rqaman. Xalqaro maydonlarda O‘zbekiston sha’nini himoya qilishar bir sportchi uchun katta sharaf. Lekin buning o‘ziga yarasha mas’uliyati ham bor.

- Mushtariy, o‘z oldingizga qanday maqsadlarni qo‘ygansiz?

- Qilichbozlik – Olimpiya sport turi. Mening eng oliy maqsadim 2020 yili Tokioda bo‘ladigan yozgi Olimpiadada munosib qatnashish. Barcha harakatlarim shunga qaratilgan.

Mushtariy, suhbat uchun rahmat. Maqsadlaringiz amalga oshishiga tilakdoshmiz.

 

 

SPORTS.uz

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!