
Qosimov, Fyodorov va Ashurmatov yilning eng yaxshi murabbiyi bo‘lish uchun da’vogarlik qilmoqda
Anchagina qiziqarli va murosasiz uchrashuvlarni siz-u bizga taqdim eta olgan 2018 yilda bir qator murabbiy, futbolchi va darvozabonlar ishonchli, ko‘pchilikka manzur keladigan o‘yin namoyish etib, futbol jamoatchiligi olqishlariga sazovor bo‘lishdi.
Professional Futbol Ligasi 14 dekabr kuni ortda qolayotgan Yilning eng yaxshilarini taqdirlash marosimini o‘tkazadi. Yil yakunlariga bag‘ishlab o‘tkaziladigan marosimda o‘z yo‘nalishi bo‘yicha eng yaxshi deya e’tirof etiluvchi nomzodlar eng yaxshilar uchun atalgan mukofotlarni qabul qilib olishadi.
PFL rasmiy sayti va ijtimoiy tarmoqlarida turli nominatsiyalarda eng yaxshi bo‘lish uchun nomzodlar nomini e’lon qilib boradi.
Yilning eng yaxshi murabbiyi bo‘lish uchun nomzodlar
MIRJALOL QOSIMOV (“BUNYoDKOR”). Ushbu mutaxassis qo‘l ostida "Bunyodkor" jamoasi barqaror o‘yin namoyish etdi va o‘z ishqibozlarini mudom g‘alabalar bilan xushnud etdi.
ANDREY FYoDOROV (“LOKOMOTIV”). Aprel oyida "Lokomotiv" jamoasini biroz muvaffaqiyatsiz startdan so‘ng qabul qilib olgan ushbu murabbiy qisqa vaqt ichida jamoadagi g‘alaba shashtini qaytara oldi va yakunda "temiryo‘lchilar"ni chempionat oltin medallariga etaklashning uddasidan chiqdi.
BAXTIYoR AShURMATOV (AGMK). AGMK jamoasi ortda qolgan mavsumni 2 xil o‘tkazdi, deyish mumkin. Olmaliqliklar chempionatda biroz omadsiz yurish qilishdi. Lekin mavsumning ikkinchi yarmini Baxtiyor Ashurmatov qo‘l ostida o‘tkazgan AGMK o‘z tarixida ilk marta mamlakat kubogini qo‘lga kiritishga erishdi.
Fikrlar