
Sayfiddin Ermatov: Ravshanning mundial finalini boshqarish vaqti keldi
Rossiyada o‘tayotgan jahon chempionatida doimgidek tajribali FIFA referisi Ravshan Ermatov ham jalb etilgan. Bugun hamyurtimiz "D" guruhidan o‘rin olgan Argentina hamda Xorvatiya terma jamoalari o‘rtasidagi bahsni boshqarib boradi. Aytish lozimki, o‘zbekistonlik muxlislar Ermatovni mundialda ko‘rishni mushtoqlik bilan kutishmoqda. SPORTS.uz muxbiri esa Ravshan Ermatovning otasi, tajribali nazoratchi Sayfiddin Ermatov bilan bog‘lanib bir qator masalalar haqida suhbatlashdi.
- Jahon chempionatidagi hakamlikni diqqat bilan kuzatib borayotganingizga shubha yo‘q. Shunday ekan, ayting-chi, sizda qanday taassurot qolmoqda?
- Ko‘rib turganingizdek, videotakrorlar hakamlarning xatolarini to‘g‘rilab turibdi. Hakamlar masalasida ko‘zga tashlanayotgan asosiy jihatlari shu. 2-turdan yanada jiddiy o‘yinlar boshlanadi. Jahon chempionatidagi asosiy o‘yinlar hali oldinda. Bunday bellashuvlar endi boshlanyapti. Shu bois asosiy hakamlar ham endi ishga kirishishadi.
- Umuman olganda, bu safargi mundialning shiddati borasida nima degan bo‘lardingiz?
- O‘yinlar yomon emas. Kutilmagan natijalar ham boshlandi. Masalan, Germaniyaning Meksikaga yutqazib qo‘yishini hech kim kutmagandi. Braziliya bilan Argentinaning durang o‘ynab qo‘ygani ham kutilmagan natijalar sirasiga kiradi. Jahon chempionati mana endi qizg‘in pallasiga kirib boradi.
- O‘g‘lingiz Ravshan Ermatov bilan doimiy aloqada bo‘lib turibsizmi?
- Ha, har kuni kechki payt gaplashyapmiz. Hammasi yaxshi. Uni ikkinchi tur bahslaridan o‘yinlarga tayinlashsa kerak deb o‘ylab turgandim. Mana, aytganimdek, unga juda jiddiy bo‘lgan Argentina va Xorvatiya terma jamoalari o‘rtasidagi o‘yinni topshirishdi.
- Ha, bizdan ham ko‘pchilik Ravshan Ermatovning nega o‘yinlarni boshqarmayotgani haqida so‘rashayotgandi. Hozirgi kunda butun xalqimiz uning tezroq mundialda hakamlik qilishini kutishmoqda...
- Buni xavotirli joyi yo‘q. Tajribali hakamlar asta-sekin o‘z o‘yinlarini boshlashadi. Chunki hozir aytdim-ku, asosiy uchrashuvlar endi boshlanadi. Hozir esa FIFAning hakamlar departamenti boshqa hakamlarni ko‘rib chiqyapti. Chunki jahon chempionatida yangi hakamlar ham ko‘p. Ravshan o‘yinlarni boshqarishga 100 foiz tayyor. Unga to‘liq ishonaman. Shuning uchun ham unga muhim bellashuvni ishonib topshirishdi.
- Umuman olganda, ota sifatida o‘g‘lingizdan jahon chempionatida nimani kutyapsiz?
- Yaxshi hakamlik qilib, xalqimizni xursand qilsa bo‘ldi. Bundan boshqa yana nimani ham kutardim? Xudoim ularning omadini bersin. Albatta, boshqaradigan har bir uchrashuvini adolatli va ortiqcha e’tirozlarsiz o‘tkazishini istayman.
- Jahon chempionatlardagi eng ko‘p o‘yinni boshqargan rekordchi hakam sifatida bu safargi mundialning finalini Ravshan Ermatov boshqarishini ko‘pchilik kutyapti. Bu borada uning imkoniyatlarini qanday baholaysiz?
- Ha, menimcha ham Ravshanning final uchrashuvini boshqarish imkoniyati yuqori. Tan olaman, men ham hamma qatori uning finalga tayinlanishini intizorlik bilan kutyapman. Hammasini vaqt ko‘rsatadi. Men ham, Ravshan ham buni yaxshi his qilib turibmiz. Xudo xohlasa, umidlarimiz va rejalarimiz bo‘yicha finalni bizga berishlari kerak.
- Aynan qanday xususiyatlar evaziga o‘g‘lingizning finalni boshqarishiga ishonchingiz yuqori?
- Aslida o‘tgan safargi jahon chempionatidayoq final uchrashuvini boshqarishi kerak edi. Lekin ayrim sabablarga ko‘ra bunday bo‘lmadi va yarim final o‘yinini boshqargandi. Endi faqat finalni boshqarish qoldi xolos. Agar shuni ham uddalay olsa, maqsadiga erishgan bo‘ladi.
- Yuqorida aytib o‘tganingizdek, bu safargi mundialda videotakrorlardan foydalanilyapti. Buning futbolimizga qanchalik foydasi bor?
- Har bir ishning o‘ziga yarasha plyus va minus jihatlari bor. Albatta, videotakrorlardan foydalanish jarayonida vaqtdan yo‘qotishyapti. Shvetsiya va Janubiy Koreya o‘rtasidagi uchrashuvda hakam o‘yin qoidasi buzilganida penalti belgilamagandi. Ammo videotakrordan keyin qarorini o‘zgartirib 11 metrli nuqtani ko‘rsatdi. Natijada Shvetsiya o‘sha penalti tufayli yutib ketdi.
- Hakamlarning videotakrordan keyin qarorini o‘zgartirishi natijaga ta’sir qilyapti. Bunday paytda o‘sha hakamning saviyasiga ta’sir ko‘rsatmaydimi?
- Albatta, ta’sir ko‘rsatadi. Hakamning o‘yin davomida videotakrorlardan qancha kam foydalansa, mahorati ham shunga yarasha yuqori bo‘laveradi.
- Ayting-chi, Ravshan Ermatovning jahon chempionatidagi asosiy raqobatchilari deb kimlarni aytgan bo‘lardingiz?
- U erda raqobat yo‘q. Kim tayyor bo‘lsa o‘sha hakamlik qilaveradi. Mundialga FIFA hakamlar departamentining ishonchini qozongan referilar yo‘l olishgan. Hammasi bir-biri bilan do‘stona munosabatda. Hozircha FIFA boshqa hakamlarni ko‘rib chiqyapti. Kimning qanday xato qilayotganini ko‘rib olyapti.
- Bugungi kundagi o‘zbek hakamlarining mavqei haqida nima deya olasiz?
- O‘zgarishlar katta. Hakamlarimizda ijobiylik ko‘proq ko‘zga tashlanyapti. Bu albatta bizni xursand qilyapti. O‘zbek futbolining hakamlar maktabi har doim o‘z darajasini yuqori ushlagan. Maqtanish emas, ammo chindan ham hakamlarimizning saviyasi yuqori. Buni xorijliklar ham e’tirof etishadi. Muhimi, o‘sish bo‘lyapti. Yana yaqin orada bir qator hakamlarimiz xalqaro musobaqalarga borishadi.
- Ravshan Ermatovning vorisi deb sizni kimni ko‘rsata olasiz?
- Iqtidorli yoshlarimiz ko‘p. Masalan, Sherzod Qosimov. Biz ham ularga qo‘limizdan kelganicha yordam berib turibmiz. Ular bizni uyaltirib qo‘yishmaydi. Xatolar qilmaslikka harakat qilishyapti. Og‘ir uchrashuvlarni yaxshi boshqarayotganini ko‘rib turibmiz.
- Superliga bahslarini “Sport” telekanalida jonli ravishda efirga uzatayotgani hakamlarga qanchalik ta’sir ko‘rsatyapti deb o‘ylaysiz?
- Buni qo‘rqinchli joyi yo‘q. Hammasi ijobiy. O‘z ustida oldingidan ham ko‘proq ishlashyapti. Xatoga kamroq yo‘l qo‘yishga harakat qilishyapti. Jismoniy tayyorgarligi ham shuni taqozo qilishi lozim. O‘yinga zo‘r tayyorlangan bo‘lsa, xato ham o‘z-o‘zidan kamayadi. Hakamlarimizda har tomonlama o‘sish bor. Aynan shunisi quvonarli. Chempionatimizda har ikki-uchta turdan keyin hakamlar va nazoratchilar ishtirokida seminarlar tashkil etilyapti. Yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklar nimadan kelib chiqqani tahlil qilinib, kelajakda bunday holatlar takrorlanmasligining oldini olishga harakat qilyapmiz.
Shuhratbek Jo‘raev suhbatlashdi.
Fikrlar