Shahram G‘iyosov Osiyoning eng yaxshi bokschisi deb topildi

  • 13 dekabr, 2017, 12:17
  • 0
  • Boks
CHERY AUTO

Osiyo boks Konfederatsiyasi tomonidan o‘tkazilgan yilning eng yaxshilarini  aniqlash bo‘yicha so‘rovnomalar yakuniga etdi.

Unda 14 ta turli nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblar aniqlandi. So‘rovnomada asosan ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari ovoz berish jarayonida ishtirok etishdi.

Erkaklar o‘rtasidagi Osiyoning eng yaxshi bokschisi nominatsiya uchun Shahram G‘iyosov (O‘zbekiston), Hasanboy Do‘smatov (O‘zbekiston) va Kayrat Eraliev (Qozog‘iston) kurash olib borishdi. Ovoz berish yakunlariga ko‘ra, Shahram G‘iyosov 57,2% ovoz to‘plagan bo‘lsa, 32,8% ovoz bilan Hasanboy ikkinchi va Kayrat Eraliev 6,1% bilan uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.

24 yoshli Rio-2016 Olimpiadasi finalchisi Shahram 2017 yil may oyida Toshkentda o‘tgan Osiyo chempionati hamda sentyabr oyida Germaniyaning Gamburg shahrida tashkil etilgan jahon chempionatida shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarilgan.

Bokschimiz yaqinda havaskorlar boksini tark etganini va professional boksdagi faoliyatini boshlash uchun AQShga yo‘l olganini ma’lum qildi.

Xotin-qizlar o‘rtasida esa qozog‘istonlik Madina Nurshaeva (62,3%) eng yaxshi bokschi deb topildi. Shuningdek, hindistonlik Chungneyjang Meri Kom Hmangte (Chungneijang Mary Kom Hmangte) ikkinchi (14%) va koreyalik Eon Oh Ji (9,4%) uchinchi bo‘ldi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!