Sobiq legioner Furqat Hasanboev: “Xo‘jand”dagi oyligim 500 dollar edi

  • 17 iyun, 2018, 13:55
  • Baxtiyorjon Toshtemirov
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Tojikistonning “Xo‘jand” jamoasi safida to‘p surgan futbolchimiz Furqat Hasanboev yaqinda ortga qaytdi. Shu yilning fevral oyida mazkur klubning rasman a’zosiga aylangan himoyachining afsuski u erdagi faoliyati uzoqqa cho‘zilmadi. Gap shundaki, yaqinda “Xo‘jand” to‘rt nafar futbolchisi bilan xayrlashgani e’lon qilingandi va ularning orasida Hasanboev ham bor.

- U erda murabbiyning taktikasiga mos tushmadim shekilli. Shu bois oxirgi paytlarda u qadar o‘yin amaliyotiga ega bo‘la olmayotgandim. Bir so‘z bilan aytganda, murabbiy bilan o‘rtamizdagi munosabat ko‘ngildagidek emasdi. Shu sabab tufayli u erdan ketdim. Aslida meni “Xo‘jand”ga oldingi ishlagan murabbiy taklif qilgandi. Keyinchalik u ishdan ketdi va o‘rniga boshqasi keldi. Natijada yangi kelgan murabbiy bilan chiqisha olmadik, - deya ketishining sababini izohladi, Furqat.

Shu o‘rinda Tojikiston chempionatida ma’lum vaqt o‘ynagan futbolchimiz u erdagi taassuroti va saviyasi haqida ham shunday dedi:

- To‘g‘risini aytsam, Tojikiston chempionatining saviyasi past. Har xolda bizning futbol bilan solishtirib bo‘lmaydi. Albatta, u erdagi faoliyatimdan unchalik qoniqmadim. Ha, boshida men uchun hammasi yaxshi ketayotgandi, ammo keyinchalik voqealar rivoji o‘zgarib ketdi. U erda meni o‘ziga jalb qilgan holda hayratlanarli narsa ham bo‘lmadi.

Shu o‘rinda Furqat Hasanboevdan Tojikiston chempionatida futbolchilarga qancha miqdorda oylik maosh to‘lanishi haqida so‘raganimizda dangal javob berdi:

- U erda oylik maoshlar kam. Legioner o‘yinchilar uchun 400-500 AQSh dollari atrofida pul to‘lashadi. Bu esa ancha oz. Shaxsan mening oyligim 500 dollar edi. Mukofot puli esa faqat 100 dollarni tashkil etadi. Lekin klub men bilan barcha hisob-kitoblarni to‘liq amalga oshirdi. Qarzdorliklar qolmadi.

Shuni ham aytish kerakki, “Xo‘jand” klubi OFK Kubogida ishtirok etdi. Furqat Hasanboev ham ushbu musobaqada ilk bor ishtirok etishga erishdi.

- Jamoaning oldiga qo‘yilgan asosiy vazifa OFK Kubogi guruh bosqichidan muvaffaqiyatli o‘tish edi. Men ham “Xo‘jand” tarkibida ikkita o‘yinda maydonga tushdim. To‘g‘risi, OFK Kubogidan men uchun ajoyib xotiralar qoldi.

Shuhratbek Jo‘raev suhbatlashdi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!