
Superligadan chetlatilgan hakam bilan eksklyuziv suhbat yoxud Hasan Ro‘ziev barchasini aytdi
Ushbu mavsumda chempionatimiz o‘yinlarini boshqarayotgan hakamlar ham bir necha bor asosiy o‘ringa chiqib qolishayotganiga guvoh bo‘lmoqdamiz. Superliganing birinchi bosqichi davomida PFL tomonidan bir qator hakamlar jazolanganini qayd etish kerak. Ya’ni, chempionatimizda 10 ga yaqin uchrashuvlardagi hakamlarning ishi ko‘rib chiqilib, ularga tegishli jazolar tayinlangandi. Ulardan oxirgisi esa 21-turda “Metallurg” hamda “Qizilqum” o‘rtasidagi o‘yin bilan bog‘liq bo‘ldi. O‘shanda toshkentlik Hasan Ro‘ziev bellashuvni boshqargandi va bekobodliklar 2:1 hisobida g‘alaba qozonishgandi. O‘yindan keyin esa mehmonlar bosh murabbiyi Hamidjon Aktamov bosh hakam haqida o‘ta keskin tanqidiy gaplarni aytgan holda “bu Hasan Ro‘zievning o‘yini bo‘ldi” degandi. Keyin esa PFL uni oktyabr oyiga qadar o‘yinlardan chetlashtirishga qaror qildi. Chindan ham ma’lum bo‘lishicha, u 35-daqiqada “Metallurg” darvozasiga sof penaltini belgilamagan bo‘lib chiqdi.
Oradan ma’lum vaqt o‘tdi. Endi Ro‘ziev qilgan xatosi uchun jazo muddatini o‘tashga majbur. Sentyabr oyida Superliganing ikkinchi bosqichi boshlanadi. Demak, ushbu oyda ham u hakamlik qilmaydi. Endilikda uning o‘zi ham bo‘lib o‘tgan ishlarni obdon tahlil qilib, xatolaridan xulosalar chiqarayotgan bo‘lsa ajab emas. Aslida esa Hasan Ro‘ziev chempionatimizdagi tajribali hakamlardan biri hisoblanadi. Bungacha hali chetlatilmagan referi bu safar ushbu holatni chetlab o‘ta olmadi. Shuningdek, uni ilgari “Lokomotiv”ning hakami ham deyishardi. Umuman olganda, hakamlik qilish ham oson ish emas. Biz esa oradan biroz vaqt o‘tganini inobatga olib, ushbu hakam bilan gaplashish fursati etdi deb o‘yladik. Zero, boya aytganimizdek, unda barchasini o‘ylab, tahlil qilish uchun etarli vaqt bo‘ldi. Aytish joizki, u suhbatlashish taklifimizga ijobiy javob berdi. Odatda boshqa hakamlar xadiksirabmi yoki boshqa sababmi OAV bilan muloqotga kirishavermaydi. Darvoqe, suhbatni birdaniga “Metallurg” – “Qizilqum” o‘yini haqida boshlashni o‘zimizga ep ko‘rmadik. Avvalo, suhbatga kirishib olish uchun dastlab bu yilgi chempionatimiz va undagi hakamlik haqidagi fikrlari bilan qiziqdik va shundan keyin asosiy mavzuga o‘tdik. O‘zaro suhbat chog‘ida Ro‘ziev ochiq va dangal gaplarni ham aytdi. Eng muhimi, u qilgan xatosini tan olgan holda kechirim so‘radi.
“Qilgan xatoimni tan olaman”
- Chempionatimizdagi o‘yinlarda hakamlar tomonidan ayrim xatolarning kuzatilayotgani – bu avvalo Superliganing saviyasi kuchayayotgani bilan bog‘liq, - deya suhbatni boshladi Hasan Ro‘ziev. - Bundan tashqari, chempionatning formati o‘zgargani ijobiylik bag‘ishladi. Jamoalar har bir ochko uchun shiddatli bahs olib borishyapti. Qolaversa, televedinie tomonidan o‘yinlarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga uzatilayotgani ham muhim o‘rin tutadi. Shuningdek, har bir klubda legioner o‘yinchilar bor. Ma’lumki, jamoa rahbarlari ularni ancha-muncha pulga olib kelishadi. Birortasi arzon narxga kelmaydi. Legionerlar uchun pul tikishganidan keyin ulardan shunga yarasha munosib javobni kutishadi. Maydonga tushganda esa hech kim yutqazgisi kelmaydi. Qars ikki qo‘ldan chiqadi, ammo ba’zida bizda bu hol bir tomondan chiqyapti. Yutqazganda ham buni mardlarcha tan olishni bilish kerak. Inson o‘zini hurmat qilishni bilmaguncha birovni hurmat qila olmaydi. Masalan, “Bunyodkor” bosh murabbiyi Mirjalol Qosimovni chinakam professional inson deb bilaman. Murabbiylarning orasidan birinchi o‘ringa Qosimovni qo‘yaman. U “Bunyodkor”da shunday muhitni yaratdiki, jamoadagi hamma o‘z ishiga professional yondashadi. Bilasizmi, necha marotaba “Bunyodkor” ishtirokidagi o‘yinlarni boshqargan bo‘lsam, uning futbolchilari va murabbiylari haqida yomon fikrga bormaganman. Chunki jamoa yutganda ham, yutqazganda ham yoki durang o‘ynaganda ham hakamlarga umuman “osilishmaydi”. Sababini avvalo o‘zlaridan qidirishadi. Hozirgi paytda shu darajaga “Paxtakor” ancha yaqinlashyapti. Shota Arveladze ham professional murabbiy. Darvoqe, “Nasaf” va uning murabbiyi Ro‘ziqul Berdiev haqida ham shu fikrdaman. Bu murabbiylar o‘z futbolchilariga hakamlarni hurmat qilish kerakligini, madaniyatni o‘rgatadi. Maydonda ularning professionalligi biz hakamlarga bilinyapti. Ba’zi-bir murabbiylar borki, jamoasi yutqazganida, aslida ayb 100 foiz o‘z jamoasida bo‘ladi, ammo aybni hakamlardan qidirishadi. Bunday murabbiylarni birma-bir aytib o‘tirishni xohlamayman. O‘zini hurmat qilgan murabbiy xadeb aybni birovlardan qidiravermaydi. To‘g‘ri, murabbiylar ham rahbarlarning oldida o‘zini ko‘rsatgisi keladi, men ularni aybdor deb hisoblamayman.
- Hasana aka, endi bevosita “Metallurg” – “Qizilqum” o‘yinida aslida nimalar bo‘lgani haqida gapirib bersangiz?
- “Metallurg” – “Qizilqum” uchrashuvida meni nima uchun chetlatishganini bilaman. Chunki shunga yarasha xato qilganman. “Metallurg” darvozasi tomon belgilanmagan penalti haqida gapiradigan bo‘lsam, aslida o‘sha vaziyatga yaqin turgandim. Lekin o‘shanda futbolchi menga yon tomoni bilan turgandi. O‘yinchining qo‘li tanasidan qanchalik chiqib turgani menga ko‘rinmagan. Chunki o‘sha vaziyatdagi epizod menga to‘liq holatda namoyon bo‘lmagandi. Bu erda xato atayin qilinmagan. Men boshqa jamoalarni qanchalik yaxshi ko‘rib, hurmat qilsam “Qizilqum”ni ham xuddi shunday ko‘raman. Shunday ekan, “Qizilqum”dagi barcha futbolchilarni ham professional deb hisoblayman. Ammo o‘sha uchrashuvda men xato qildim va O‘FA hamda PFL oldida o‘z aybimni bo‘ynimga olaman. Bu mening 100 foiz xatoim. Chunki mening noto‘g‘ri qarorim tufayli natijaga ta’sir ko‘rsatgan bo‘lishi mumkin. Balki o‘shanda penalti belgilaganimda hisob o‘zgarishi mumkin edi. Shuning uchun aybimni tan olaman. Shu bilan birga inson doim mard bo‘lishi kerak. Ya’ni, u xato qildimi, albatta buni bo‘yniga olishni ham bilishi lozim. Faqat lekini shunki, ushbu o‘yin “Qizilqum” murabbiyiga qanchalik kerakligini shu paytgacha hali to‘liq tushunib etmadim. Misol uchun boshqa o‘yinlarda kerak bo‘lsa bundan ham jiddiy xatolar bo‘lgan-u, ammo o‘yindan keyin matbuot orqali bu haqida jar solmagan. Biroq “Metallurg”ga qarshi uchrashuvdan so‘ng nima uchun OAV orqali hammasi bo‘rttirib aytilganining tagiga eta olmadim, buning sababini bilmadim. Vaholanki, bu “Qizilqum” jamoasi uchun oddiy o‘yin edi. Faqat o‘yindan keyin men haqimda nima uchun rosa bo‘rttirib, yomonlab gapirgani men uchun jumboq bo‘lib qolyapti. Bu narsa u inson uchun shunchalik kerakmidi? Misol uchun “Qizilqum” foydasiga hakamlar xatolar ham qilgan bo‘ladi, bu aniq. Lekin nima sababdan o‘sha o‘yinlarda raqib jamoa murabbiylari bu haqida bong urishmagan? Yuqorida aytganimdek, o‘zini hurmat qilgan inson boshqani ham hurmat qiladi. Hamidjon Aktamovni professional murabbiy emas deb ayta olmayman. U ham rahbariyat oldida o‘zini ko‘rsatishga harakat qilyapti. Uni ham o‘z oilasi, bola-chaqasi bor. Mayli, uni ham omadini bersin. Lekin nima uchun o‘z jamoasi 10 daqiqa ichida ikkita gol o‘tkazib yuborgani yoki boshqasi haqida gapirmaydi? Men esa u haqida yomonlab gapirmayman. Chunki o‘sha o‘yinda mening xatoim bor. Mayli, men haqimda o‘yindan keyin rosa gapirdi. Ammo haligacha o‘sha aytgan gaplarining zamiridagi ma’noni topa olmadim. Lekin hammasini xotirjamlik bilan gaplashish ham mumkin edi. Masalan, o‘yindan keyin Aktamov yonimga kelib, mana shu vaziyatda xatolik bo‘ldi deb aytsa, men albatta uni ko‘rib chiqardim. Albatta, undan uzr so‘rab, meni ustimdan yozsangiz yozavering, xatoimni tan olaman deb aytgan bo‘lardim. Bo‘ldi, bundan boshqa gap bo‘lmasdi. Men hech qachon qilgan xatoimni bu meniki emas deb o‘jarlik qilmayman. Men professional hakamman. Hamma narsa har kimning vijdoniga havola. Shunchaki, men haqimda bo‘rttirib yuborildi. O‘sha o‘yindan keyin ham ular ancha jig‘ibiyron bo‘lib yurishdi.
“Hamidjon Aktamov men haqida juda bo‘rttirib gapirdi”
- Hamidjon Aktamovning o‘yindan keyin siz haqingizda aytgan gaplari hech kimni bee’tibor qoldirmadi. Buni hamma o‘qidi. Aynan uning gaplaridan keyin PFL reaktsiyaga kirishib sizni chetlashtirdimi? Bu haqida nima deysiz?
- Hamidjon Aktamov o‘yindan so‘ng men haqimda bunchalik gapirmaganida va ustimdan arz qilmaganida ham baribir hakamlar qo‘mitasi tomonidan o‘sha o‘yindagi vaziyat ko‘rib chiqilardi. Menimcha ham chetlashtirishlari mumkin edi. Balki 2 ta yoki 4 ta o‘yingami, baribir meni chetlatishardi. Aktamovning gaplari internet tarmoqlariga chiqib ketganidan so‘ng va mening ustimdan arz qilganidan keyin chetlashtirishdi deb ayta olmayman. O‘FA ham, PFL ham doim shaffoflikni ustun qo‘yib keladi. Ushbu tashkilotlarning o‘z oldiga qo‘ygan maqsad va yo‘nalishlari bor. Oqni oq, qorani qora deyishadi. Aynan mana shu printsip bo‘yicha ishlashyapti. Xullas, Aktamov meni “reklama” qilsa ham, qilmasa ham PFL jazo ko‘rardi. Qilgan xatoim uchun o‘z jazoimni olaman. Erkak bo‘lganimiz uchun doim qilgan ishimizga javob berishimiz kerak. Kim xato qilmaydi? Faqat Yaratgan egam xatolardan holi! Masalan, jahon chempionatlarida ham hakamlarning xatolarini ko‘ryapmiz.
- Siz bu xatoni atayin “Metallurg” foydasi uchun qilgan, degan gap-so‘zlar ham bo‘ldi...
- O‘sha paytda to‘p raqibning qo‘liga tekkanida penalti bo‘ldi degan narsa xayolimga kelmadi. Yuqorida aytganimdek, o‘sha vaziyatda to‘p va futbolchi bir-biriga yaqin edi. Qolaversa, to‘p qanchalik o‘yinchining qo‘liga tekkani menga ko‘ringani yo‘q. Chunki menga yot tomoni bilan turishgandi. Men buni Xudoni oldida ham aytaman. Bu erda insoniylik faktori ham bor. Men bilan sodir bo‘lgan vaziyatda xato ataylab qilingani yo‘q. Ammo buni Aktamov tushunadimi-yo‘qmi, menga qorong‘u. Shuningdek, u ikkinchi gol kiritilgan vaziyatda ham raqib o‘yinchisi darvozabonimizning boshiga zarba berdi va shundan keyin o‘yin qoidasi buzilgach, gol urildi deb aytdi. Ammo aslida unday emasdi. Gol haqqoniy kiritilgan, darvozabonning boshiga hech kim tepmagan. Ya’ni, Aktamov o‘sha gapni ham bo‘rttirib yuborgan. Shuni unutmaslik kerakki, inson zoti borki xato qiladi. Bu hayotda yashayapmizmi, demak xato qilishga majburmiz. Beayb Parvardigor. Biz bandamizmi, demak xato qilamiz.
“Qizilqum”ning o‘yinlarini boshqaramanmi? Menda shaxsiy adovat yo‘q”
- Demak, “Metallurg” – “Qizilqum” bahsida asosan o‘sha birgina belgilanmagan penalti sababli sizni chetlashtishdi. Bundan boshqa xatoingiz yo‘q-a?
- O‘ylaymanki, yo‘q. PFLda hakamlar qo‘mitasi ikkinchi golni ham ko‘rib chiqishdi va bunda 100 foiz “toza” gol bo‘lganini qayd etishdi. Ya’ni, o‘shanda o‘yin qoidasi buzilmagan. Faqat birgina penalti masalasida xato qildim. Lekin shuni aytishim kerakki, to‘p futbolchining qo‘liga tekkanidan keyin penalti belgilanmagan holatlar oldin ham ancha-muncha bo‘lgan. Hattoki, bu narsa o‘sha “Qizilqum” jamoasining foydasiga ham bo‘lgan. Hamidjon Aktamovga maslahatim: o‘zini hurmat qilsin. Mirjalol Qosimov, Shota Arveldaze, Ro‘ziqul Berdiev, Andrey Fyodorov, Ulug‘bek Baqoev, Ilhom Mo‘minjonov kabi murabbiylar professional. Misol uchun Baqoevni “Atletiko”dagi Diego Simeonega o‘xshatishadi. U juda xissiyotli. Mana shunday inson biror marta hakamlar to‘g‘risida gapirganmi? Yo‘q, u ham o‘zini qanday tutishni biladi.
- Sizning chetlatishingiz ma’lum bir vaqtgacha, ya’ni, oktyabr oyigacha amal qiladi va keyin yana Hasan Ro‘ziev hakamlikka qaytadi. O‘z ishingizni boshlaganingizdan so‘ng vaqti kelib Navoiyga borib, “Qizilqum”ning o‘yinlarini ham boshqarishingiz tabiiy. Ana shunday paytda Hamidjon Aktamov bilan o‘zaro munosabatlaringiz bir-biriga qanchalik ta’sir qilishi mumkin?
- Men hali bu to‘g‘risida o‘ylaganim yo‘q. Bu savolingizga shunday javob beraman: Men professional hakamman. U erda Aktamov yoki boshqasi bo‘ladimi, menga farqi yo‘q. Maydonga chiqaman va doimgidek o‘z ishimni bajaraman. Men bo‘lib o‘tgan ishlarni maydonga “olib chiqishim” kerak emas. Hammasi ortda qoldi, unutdim. Bekoboddagi voqealarning hammasi o‘sha erda qoldi. Endi bo‘lib o‘tgan ishlar haqida o‘ylagim ham kelmayapti. Aktamovni ham hurmat qilaman. Bundan keyin ham “Qizilqum” ishtirokidagi o‘yinlarni uyda yoki safarda bo‘lsin, doim hurmat qilgan holda birdek hakamlik qilaveraman. Bu erda qandaydir shaxsiy adovatlar haqida gap bo‘lishi mumkin emas. Men hamma vaqt maydonda faqat professional hakam bo‘lishni istayman va shunga amal qilaman. Boya aytganimdek, o‘sha Hamidjonni ham hurmat qilaman. Tan olish kerak, u Navoiyda e’tiborli shaxslardan biri. Ko‘p yillardan beri Navoiy futbolini ko‘tarishga harakat qilib kelmoqda. Shu o‘rinda o‘sha qilgan xatoim uchun Hamidjon Aktamovdan kechirim so‘rayman. Rasman aytaman: Hurmatli, Aktamov oldingizda penalti masalasi bo‘yicha uzr so‘rayman.
“Hasan Ro‘ziev “Lokomotiv”ning hakami deyishlari menga og‘ir botadi”
- Yana bir masalaga e’tiboringizni qaratmoqchi edim. Oldingi yillarda Hasan Ro‘ziev “Lokomotiv”ning hakami degan gap-so‘zlar ham rosa avj olgandi. Ro‘ziev boshqargan o‘yinlarda doim “Loko”ning g‘alaba qozonishi e’tiborga molik bo‘lib qolgandi. Shu o‘rinda mazkur holatga ham munosabatingizni bildirib o‘tsangiz.
- Adashmasam, bu yil hali “Lokomotiv” ishtirokidagi o‘yinda hakamlik qilmadim. Yodingizda bo‘lsa, 2016 yili Qarshida “Nasaf” va “Lokomotiv” o‘rtasidagi o‘yinni boshqargandim. O‘shanda Kubok uchrashuvi edi. 41-daqiqada “Lokomotiv” o‘yinchisi Temurxo‘ja Abduholiqovni biz hakamlarning sha’niga noma’qul so‘zlarni aytgani uchun maydondan chetlatib yuborgandim. O‘sha o‘yinda “Nasaf” 2:0 hisobida yutgandi. Agar yanglishmasam, o‘sha uchrashuvni Diyor Imomxo‘jaev sharhlagandi. U sharhi davomida Abduholiqovni chetlatganimdan so‘ng “ana sizga “Lokomotiv”, ana sizga Hasan Ro‘ziev” degandi. O‘yinning boshida Ro‘ziev “Lokomotiv”ni boshqargan o‘yinlari haqida gapirib o‘tamiz deyishgandi. Men o‘sha uchrashuvning translyatsiyasini ertasi kuni ko‘rganman. O‘sha 41-daqiqada “Lokomotiv” futbolchisini chetlatganimdan so‘ng sharhlovchi umuman mening “Lokomotiv” hakami ekanligim to‘g‘risida og‘iz ochmagan. Ya’ni, o‘sha holat bilan Hasan Ro‘ziev “Loko”ning hakami, degan tushuncha yo‘q bo‘lib ketgan. Ataylab o‘yinni oxirigacha ko‘rganman. Men haqimda yana gapirarmikin deb kutganman. Ammo hech nima deyilmagan. “Lokomotiv”ni 15-16 ta o‘yinini boshqargan bo‘lsam, 3 yoki 4 tasida durang o‘ynagan. 2-3 tasida yutqazgan va qolganida yutgan. Hakamlar qo‘mitasi bizni biror-bir o‘yinga tayinlashsa, biz buni rad eta olmaymiz. Masalan, shunday hakamlarimiz ham borki, ular “Paxtakor” yoki “Nasaf” uchun omadli hisoblanishadi. Ya’ni, o‘sha hakamlar boshqarganida bu jamoalar yutaverishadi. Bu ham bir omad bilan bog‘liq. Lekin bizda bu narsani mahkam “ushlab” olishadi. Lekin bunday holat hamma joyda bor. Misol uchun Ispaniyada Barbolan degan hakam bor. “Real” ishtirokidagi o‘yinlarni boshqarganida madridliklar hech qachon yutqazishmaydi. Mana shunday masalalar haqida gapirmoqchimisan, unda fakt keltirish bilan izohlashsin. Hasan Ro‘ziev “Lokomotiv”ning hakami, degan gapni o‘qish yoki eshitish menga ham og‘ir botadi. Nima uchun shu paytgacha Superligada “Lokomotiv” ishtirokidagi o‘yinni boshqarmadim? Balki hakamlar qo‘mitasi yana shunday gap-so‘zlar bo‘lmasin deb meni himoyalayotgan bo‘lishi ham mumkin. Lekin o‘sha gaplar faqat asossiz xolos. Shu o‘rinda Umid Ahmadjonovga rahmat aytaman. U o‘zbek futbolining rivojlanishi uchun ko‘p ish qilyapti. Mana, bizga Ektor Kuperni olib keldi. Ilgari Mirabror Usmonov ham ko‘p ish qildi, ajoyib stadionlar qurildi. Mirabror Zufarovichga ham rahmat. Terma jamoamizning mundialga chiqishiga bir qadam etmay qolayotgandi. Endi esa Ahmadjonov o‘sha bir qadamni men qo‘yay deb tinmay harakat qilyapti. Shu fursatdan foydalanib, ushbu insonlarga minnatdorchilik bildiraman.
Shuhratbek Jo‘raev suhbatlashdi.
Fikrlar