
WSB turniri haqida batafsil yoxud UZBEK TIGERS bokschilarining guruhdan chiqish imkoniyati qanday?
Xalqaro havaskor bokschilar uyushmasi – AIBA tomonidan tashkil etilgan The World Series Boxing (WSB) – Butunjahon boks seriyalari sport olamining eng nufuzli musobaqalari qatoriga qo‘shildi.
2008 yildan buyon o‘tkazib kelinayotgan bu chempionat yarim professional miqyosdagi jamoaviy turnirdir. Unda ishtirokchi davlatlar o‘zlarining eng kuchli bokschilarini bir jamoa sifatida musobaqaga qo‘yadi. WSB turnirida o‘z mamlakati jamoasi bo‘lmagan bokschilarga boshqa ishtirokchilar safida legioner boks sifatida ishtirok etish huquqi beriladi.
Butunjahon boks seriyalari musobaqasi tashkilotchilari 2017 yilda boshlangan VII mavsum oldidan reglamentga ayrim o‘zgartirishlarni kiritdi. Unga ko‘ra, hakamlar soni oltitadan to‘rtta qisqartirildi, turnirda professional bokschilarning ishtirok etishiga ruxsat etildi, legioner boschilarni ro‘yxatdan o‘tkazishdagi cheklovlar bekor qilindi va bitta uchrashuvda jamoa sharafini himoya qilayotgan besh ishtirokchidan kamida ikkitasi mahalliy bokschi bo‘lishi belgilab qo‘yildi.
Shuningdek, guruhlar mintaqalarga bo‘lingan holda tuziladigan bo‘ldi.
Bu yilgi musobaqada 12 ta jamoa uch mintaqaviy guruhga bo‘lgan holda bellashuvlarga kirishdi.
“A” guruhidan Amerika qit’asi jamoalari - COLOMBIA HEROICOS, CUBA DOMADORES, CACIQUES VENEZUELA, ARGENTINA CONDORS o‘rin oldi.
“V” guruhini Evropa va Afrika qit’asi vakillari - ITALIA THUNDER, BRITISH LIONHEARTS, FRANCE FIGHTING ROOSTERS, MOROCCO ATLAS LIONS jamoalari tashkil qildi.
“S” guruhiga Evropa va Osiyo mamlakatlari jamoalari - ASTANA ARLANS KAZAKHSTAN, PATRIOT BOXING TEAM, CHINA DRAGONS va UZBEK TIGERS bokschilari kiritildi.
VII mavsum bahslarida jamoalarning har birida bokschilar 10 tadan vaznda jang o‘tkazadi. O‘z navbatida vazn toifalar bo‘yicha jamoa tarkibi ikkiga bo‘linadi.
S1 kategoriyasidagi bellashuvlarda 49 kg, 56 kg, 64 kg, 75 kg, 91 kg vazn toifasidagi bokschilar qatnashadi.
S2 kategoriyasidagi janglarga og‘irligi 52 kg, 60 kg, 69 kg, 81 kg +91 kg bo‘lgan bokschilar jalb qilinadi.
Ishtirokchi jamoalar musobaqani guruh bellashuvlaridan boshlaydilar. Har bir guruhda ikki davrali tizimda uchrashuvlar o‘tkaziladi. Uy-safar tizimida jamoalar bir biriga qarshi ikkitadan uchrashuv o‘tkazadi va bu ikki bellashuvda o‘nta vazn toifasidagi bokschilarning barchasi ringga chiqishi kerak. Ya’ni bir uchrashuvda S1 kategoriyasidagi vazn toifalari bo‘yicha jang o‘tkazilsa, ikkinchi davrada S2 kategoriyasi vakillari ringga chiqadi.
WSB turnirining guruhdagi va pley-off bosqichidagi uchrashuvlari uch daqiqadan besh raund davom etadi.
Guruh bahslarida 5:0, 4:1, 3:0, 2:0, 1:0 natijalari qayd etilsa, g‘olib jamoa uch ochko oladi. Mag‘lub tomonga ochko berilmaydi.
Natija 3:2, 3:1, 2:1 ko‘rinishida bo‘lsa, g‘olib jamoa uch, mag‘lub jamoa bir ochko bilan taqdirlanadi. Agar mag‘lub tomon bokschisi ringga chiqmasa hisobdagi farq qanday bo‘lishidan qat’iy nazar mag‘lub tomonga ochko berilmaydi.
Uchrashuvda durang natija qayd etilgan taqdirda, tomonlar ikkitadan ochkoni qo‘lga kiritadi.
Har bir guruhdan dastlabki ikki pog‘onani egallagan jamoalar va uch guruh orasida eng yaxshi ko‘rsatkichga ega bo‘lgan ikki jamoa – jami sakkizta jamoa pley-off bosqichida bellashadi.
Ayni paytda WSB turnirining VII mavsumi ishtirokchilari birinchi davra bahslarini yakunlashdi. Uchinchi turning so‘nggi uchrashuvlari 8-9 mart kunlarii “V” guruhi vakillari o‘rtasida o‘tkazildi.
Endi e’tiborni guruhlardagi vaziyatga qaratamiz.
“A” guruhida COLOMBIA HEROICOS jamoasi uchta uchrashuvda g‘alaba qozongan holda to‘qqiz ochko bilan birinchi o‘rinni egallab turibdi. Keyingi o‘rinda turgan amaldagi chempion – CUBA DOMADORES ikkita g‘alaba va bitta kichik hisobdagi mag‘lubiyat bilan etti ochko jamg‘ardi. Guruh bahslarida bir marta zafar quchgan CACIQUES VENEZUELA hisobida uch ochko bor. Barcha uchrashuvlarni boy bergan bo‘lsa-da, bir ochko jamg‘arishga erishgan ARGENTINA CONDORS so‘nggi pog‘onada turibdi.
“ A” guruhi
№ |
Jamoa |
ochko |
yutuq |
mag‘lubiyat |
durang |
1 |
COLOMBIA HEROICOS |
9 |
3 |
0 |
0 |
2 |
CUBA DOMADORES |
7 |
2 |
1 |
0 |
3 |
CACIQUES VENEZUELA |
3 |
1 |
2 |
0 |
4 |
ARGENTINA CONDORS |
1 |
0 |
3 |
0 |
Dastlabki bosqich yakunlariga ko‘ra, uchta uchrashuv doirasidagi janglarda eng ko‘p g‘alaba qozongan jamoa Kuba vakillaridir. Kubaliklar 15 ta jangdan 12 tasini o‘z foydasiga hal qilgan. Bu borada kolubiyaliklar 11 g‘alaba bilan ikkinchi, venesuelaliklar 4 yutuq bilan uchinchi ko‘rsatkichni qayd etgan. Guruh autsayderi – Argentina bokschilari umumiy hisobda uchta jangni o‘z foydasiga hal qilgan.
“V” guruhida uchinchi tur oldidan ITALIA THUNDER jamoasi ketma-ket ikki g‘alabadan so‘ng yuz foizlik natija bilan peshqadamlik qilayotgan edi. Biroq, italiyaliklar so‘nggi uchrashuvda FRANCE FIGHTING ROOSTERS maydonida 2:3 hisobida mag‘lubiyatga uchradi va uchinchi o‘ringa tushib ketdi. BRITISH LIONHEARTS bokschilari esa MOROCCO ATLAS LIONS vakillarini 5:0 hisobida engib, birinchi o‘ringa ko‘tarildi. Biroq Evropaning har uchala jamoasida ochkolar bo‘yicha ko‘rsatkichlar bir xil. Evropaliklarga etarlicha qarshilik ko‘rsatolmayotgan Marokash sherlari joriy mavsumning eng zaif jamoasi bo‘lib qolmoqda.
“V” guruhi
№ |
Jamoa |
ochko |
yutuq |
mag‘lubiyat |
durang |
1 |
BRITISH LIONHEARTS |
7 |
2 |
1 |
0 |
2 |
FRANCE FIGHTING ROOSTERS |
7 |
2 |
1 |
0 |
3 |
ITALIA THUNDER |
7 |
2 |
1 |
0 |
4 |
MOROCCO ATLAS LIONS |
1 |
0 |
3 |
0 |
Uchta uchrashuvda o‘tkazilgan o‘n beshtadan jang natijasiga ko‘ra, britaniyaliklar o‘nta, frantsiyaliklar to‘qqizta va italiyaliklar sakkizta jangda zafar quchgan. Marokashliklar uchta jangni o‘z foydasiga hal qildi.
“S” guruhi bu yilgi mavsumda eng kuchli, deb e’tirof etilmoqda. Bu guruhdan jahon boksida etakchilik qilayotgan mamlakatlar jamoalari o‘rin olgan.
Musobaqada yurtimiz sharafini himoya qilayotgan UZBEK TIGERS jamoasi uchinchi tur bahsida haqiqiy kuchini ko‘rsatdi. "O‘zbek yo‘lbarslari"ning o‘z muxlislari ko‘z o‘ngida Rossiyaning PATRIOT BOXING TEAM jamoasiga hech qanday imkoniyat qoldirmadi. Jamoamiz tarkibida ringga chiqqan Abdulhay Shorahmatov, Elnur Abduraimov, Isroil Madrimov, Zuhriddin Mahkamov va Olimpiya o‘yinlari chempioni Hasanboy Do‘smatov rossiyalik kuchli bokschilarni katta ustunlik bilan engdi.
Uchinchi tur yakunlariga ko‘ra, bir marta safarda va ikki bor o‘z maydonida zafar quchgan ASTANA ARLANS KAZAKHSTAN 9 ochko bilan guruh peshqadamiga aylandi. Rossiyalik bokschilar UZBEK TIGERS jamoasi a’zolaridan qabul qilingan qaqshatqich mag‘lubiyatdan so‘ng to‘rt ochko bilan ikkinchi o‘rinda turibdi.
Birinchi turda tasodif tufayli jamoamizni mag‘lub etgan CHINA DRAGONS bokschilari avvaliga o‘z uyida rossiyaliklarga, keyin safarda qozog‘istonliklarga mag‘lub bo‘ldi va birinchi turda qo‘lga kiritilgan uch ochko bilan qolib ketdi.
№ |
Jamoa |
ochko |
yutuq |
mag‘lubiyat |
durang |
1 |
ASTANA ARLANS KAZAKHSTAN |
9 |
3 |
0 |
0 |
2 |
PATRIOT BOXING TEAM |
4 |
1 |
2 |
0 |
3 |
CHINA DRAGONS |
3 |
1 |
2 |
0 |
4 |
UZBEK TIGERS |
3 |
1 |
2 |
0 |
Nihoyat UZBEK TIGERS dastlabki uch ochkosini qo‘lga kiritdi. Garchi hamyurtlarimiz hozircha so‘nggi pog‘onada turgan bo‘lsa-da, guruhda yuqori ko‘tarilish uchun yaxshi imkoniyatga ega. Chunki g‘alaba qozonilgan janglar soni bo‘yicha o‘zbek bokschilar guruhda ikkinchi o‘rinni qayd etmoqda. Birinchi pog‘onada turgan qozog‘istonliklar ushbu mavsumda jami 12 ta jangda zafar quchdi. Bu ko‘rsatkich UZBEK TIGERS vakillarida sakkizta, rossiyaliklarda oltita va "Xitoy ajdarlari"da to‘rttani tashkil qilmoqda.
Ko‘pchilikni UZBEK TIGERS jamoasining guruhdan chiqish imkoniyatlari qiziqtiradi. Guruhlardagi vaziyatlarga nazar solsak, bokschilarimizda pley-off yo‘llanmasini qo‘lga kiritish uchun imkoniyatlari etarli. Guruhda uchta jamoa bittadan jangda zafar quchgan. Bu borada asosiy raqobatchilar ochkolar hisobida ilgarilab ketgani yo‘q. Janglardagi g‘alabalar soni bo‘yicha hamyurtlarimiz Rossiya va Xitoy vakillaridan oldinda.
Bundan tashqari UZBEK TIGERS keyingi ikkita jangni o‘z maydonida o‘tkazadi. Hamyurtlarimiz 18 mart kuni CHINA DRAGONS jamoasini, 1 aprelda esa guruh peshqadami ASTANA ARLANS KAZAKHSTAN bokschilarini qabul qiladi. Barcha muxlisu mutaxassislarimiz bo‘lajak janglarda "o‘zbek yo‘lbarslari"ning g‘alabasiga ishonmoqda. Chunki bokschilarimiz adolat nuqtai nazaridan olib qaraganda, xitoylik raqiblaridan haqiqatan kuchli, qozog‘istonliklar esa o‘tgan yili Toshkentda 4:1 hisobida mag‘lub etilgan va bu jamoa ham engilmas emas.
Qolaversa, o‘zbekistonlik bokschilar 21 aprel kuni Rossiyada o‘tkaziladigan so‘nggi jangda ham g‘alaba qozonish imkoniga ega. Hamyurtlarimiz o‘tgan yili Rossiyada bu ishni bir bor amalga oshirgan va ikkinchi marotaba ham buni uddalasa bo‘ladi.
Umumiy xulosa sifatida WSB turnirining bu galgi mavsumida deyarli har bir jamoa keyingi bosqichga chiqish imkoniyatini saqlab turibdi. Bu omil musobaqaning guruh bosqichlarida ikkinchi davra uchrashuvlari keskin va murosasiz o‘tishini ta’minlaydi.
O‘z navbatida UZBEK TIGERS bokschilarining salohiyati muxlisu mutaxassislarda bu jamoa yuqori o‘rinlar uchun kurasha olishiga ishonch uyg‘otmoqda.
Fikrlar