Yozgi Biatlon bo‘yicha O‘zbekiston kubogi g‘oliblari aniqlandi
O‘zbekiston mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkilotining Chirchiq shahrida joylashgan sport majmuasida yozgi biatlon bo‘yicha yoshlar o‘rtasida O‘zbekiston kubogi musobaqalari o‘tkazildi.
O‘zbekiston kubogida respublikamizning barcha viloyatlaridan biatlonchilar qatnashishdi. Dastlabki kun sprint bahslarida o‘g‘il bolalar 4 kilometr musofada, qizlar esa 3 kilometr masofada g‘oliblik uchun kurash olib borishdi. Natijalarga ko‘ra, farg‘onalik Fayzullo Po‘latxo‘jaev 16 daqiqa 10 soniya natija bilan marraga birinchi bo‘lib etib keldi. Ikkinchi natija undan 36 soni ortda qolgan jizzaxlik Xaytali Po‘latovga tegishli bo‘ldi.

Sprintda samarqandlik qizlar etakchi bo‘lishdi. Sevara Chorieva hamda Madina Sagatovalar ortidan namangan viloyati vakilasi Adolat Juraeva uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.

O‘zbekiston kubogining ikkinchi kuni ta’qib poygalari ham murosasiz tashkil etildi. O‘g‘il bolalar 6 kilometr masofada, qizlar esa 5 kilometr masofada raqiblarini quvib etish bo‘yicha mahoratlarini ishga solishdi. O‘g‘il bolalar musobaqasida kuchli uchlikka Qashqadaryo viloyati vakili Shaxzod Maxsudov qo‘shilgan bo‘lsa, qizlar o‘rtasidagi ta’qib poygalarida etakchilar o‘zgarmadi.

O‘zbekiston kubogining so‘nggi kuni shaxsiy birinchilik uchun bahslar qizg‘in davom etdi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, umumjamoa hisobida Toshkent viloyati vakillari birinchi, andijonlik biatlonchilar ikkinchi, Qashqadaryo viloyati vakillari uchinui o‘rinni qo‘lga kiritishdi.



Fikrlar