AGMK — "Bunyodkor" qarama-qarshiligida yubiley to‘qnashuv (prevyu)

  • 26.09.2019 15:30
  • Bekzod Isayev
  • 0
  • Futbol
Komp: Xabar sarlavhasi ostidagi

Bugun Olmaliq shahrida O‘zbekiston kubogi yarim finalidan o‘rin olgan AGMK - "Bunyodkor" uchrashuvi o‘tkaziladi. AGMK klub matbuot xizmati ushbu bahs oldidan e’tiborga molik raqamlarni taqdim etdi.

AGMK O‘zbekiston Kubogi yarim finalida ketma-ket ikkinchi yildirdi "Bunyodkor" bilan to‘qnash kelmoqda. Mazkur to‘qnashuv umumiy hisobda ushbu jamoalarning kubok yarim finalidagi o‘zaro uchinchi bellashuviga aylanadi. Bunga qadar AGMK va "Bunyodkor" 2008 hamda 2018 yillarda yarim final bosqichida o‘zaro to‘qnashgan. O‘tgan yili finalga yo‘llanma beruvchi bahsda olmaliqliklar g‘alabani tantana qilgan bo‘lishsa, 2008 yilgi bahsda "Bunyodkor"ning qo‘li baland kelgan.

AGMK va "Bunyodkor" qarama-qarshiligi tarixiga nazar soladigan bo‘lsak, bo‘lajak o‘yin barcha musobaqalarda umumiy hisobdagi 30-uchrashuvga aylanadi. Hozirgacha o‘tkazilgan o‘yinlarda 4 marotaba AGMK g‘alabani tantana qilgan bo‘lsa, 6 bor durang qayd etilgan va 19 marta "Bunyodkor" g‘alaba qozongan. To‘plar nisbati ham "qaldirg‘ochlar" foydasida: 28-60.

E’tiborlisi, olmaliqliklar tarixda uchinchi bor, ketma-ket ikkinchi yili yarim final bosqichiga qadar etib kelishdi. Farqli tarafi, AGMK jamoasi bu gal musobaqaning amaldagi g‘olibi sifatida kubokni himoya qiladi.

AGMK O‘zbekiston Kubogida o‘tgan yildan buyon mag‘lubiyatsiz seriyani davom ettirmoqda. Mazkur musobaqadagi g‘alabali odim 7 o‘yinga etgan.

Ayni paytda AGMKni boshqarib borayotgan hozirgi kundagi chempionatimizning eng sovrindor murabbiyi - Mirjalol Qosimov yarim finaldagi raqibi "Bunyodkor" ustozi sifatida 3 marotaba O‘zbekiston Kubogida g‘olib chiqqan. "Bunyodkor" bosh murabbiyi Vadim Abramov esa bir marotaba O‘zbekiston kubogi sohibiga aylangan.

Qiziq tomoni, ayni damda chempionatda ishlayotgan murabbiylarning barchasini ushbu musobaqada qo‘lga kiritgan g‘olibliklarini qo‘shgan taqdirda ham AGMK ustozi Mirjalol Qosimov yutgan kubok soniga tenglashmaydi. Ayni paytdagi mutaxassislar ichidan yarim finalchi "Nasaf" bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiev va Vadim Abramovda bittadan O‘zbekiston Kubogi g‘olibligi mavjud.

"Bunyodkor" tarixda 4 marotaba O‘zbekiston Kubogida (2008, 2010, 2012, 2013) g‘olibga aylangan. "Qaldirg‘ochlar" Mirjalol Qosimov qo‘l ostida (2010, 2012, 2013) 3 marotaba zafar quchishgan bo‘lishsa, 2008 yili braziliyalik mutaxassis Ziko bilan ilk bor O‘zbekiston Kubogi sohibiga aylanishgandi.

AGMK esa o‘tgan yili o‘z tarixida ilk bor Baxtiyor Ashurmatov qo‘l ostida O‘zbekiston Kubogida muvaffaqiyat qozondi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!