
"Andijon" - "Surxon" jamoalarining o‘zaro o‘yinlardagi statistikasi qanday?
Yakshanba oqshomida “Bobur arena”da “Andijon” Termizning “Surxon” klubini qabul qilishidan xabaringiz bor. Bu jamoalarning O‘zbekiston chempionatidagi o‘zaro o‘yinlar statistikasiga to‘xtaladigan bo‘lsak, “Andijon” hamda “Surxon” shu paytgacha milliy birinchiligimizda 33 marotaba maydonda to‘qnash kelishgan. Klublarning ilk o‘yini 1992 yilning 31 mart kuniga to‘g‘ri keladi. Termizdagi bahs 1:1 hisobidagi natija bilan yakunlangan.
O‘zaro uchrashuvlardagi ustunlik “Andijon” tomonida. 33 ta o‘yinning 17 tasida "Burgutlar"ning qo‘lib baland kelgan. “Surxon”da 10 ta g‘alaba bor. Yana 6 ta bellashuvda durang qayd etilgan To‘plar nisbati esa 60\40 “Andijon” foydasiga.
Jamoalarning birinchi davrada Toshkentdagi o‘yinida “Andijon” 2:3 hisobida g‘alaba qozongan.
“Andijon” va “Surxon” ishtirokidagi bellashuvlardagi eng yirik hisoblar ham “Burgutlar”ga tegishli. 2000 yili “Andijon” mehmonda ushbu raqibini 0:5 hisobida tor-mor keltirgan. Shuningdek, 6:2, 5:1 va 4:0 hisoblarida ham “Andijon” g‘alaba qozongan. 1999 yilda esa Termizdagi o‘yinda jangovar 4:4 natijasi qayd etilgan.
Barcha futbol ishqibozlarini 18 avgust kuni “Bobur arena”da soat 19:00 da boshlanadigan uchrashuvga taklif qilamiz.
Fikrlar