
"Andijon" bugun Osiyo o‘yinlari g‘olibigi qarshi o‘ynaydi. Ular esa uch kun oldin yutqazdi...
24 yanvar kuni Turkiyaning Antaliya shahriga etib kelgan “Andijon” jamoaci o‘zining o‘quv-mashg‘ulot yig‘iniga jiddiy kirishdi. Oldin xabar berib o‘tganimizdek, Antaliyada “Burgutlar” 7 ta nazorat uchrashuvini o‘tkazadi. Dastlabki bellashuv esa bugun, 27 yanvar kuni bo‘lib o‘tadi.
Hech kimga sir emaski, Janubiy Koreya olimpiya terma jamoasi o‘ziga yarasha kuchli. Uzoqqa bormaylikda, 2023 yili Xitoyda bo‘lib o‘tgan Osiyo o‘yinlarini eslash kifoya. Futbol musobaqasida aynan Janubiy Koreya olimpiya terma jamoasi musobaqa g‘olibligini qo‘lga kiritgandi. O‘shanda hal qiluvchi finalda Yaponiyani 2:1 hisobida mag‘lub etib Osiyo o‘yinlari g‘olibiga aylangan.
Ayni paytda Janubiy Koreya olimpiya terma jamoasini 55 yoshli tajribali mutaxassis Sun Xon Xvang boshqarib bormoqda. Ushbu murabbiy jamoasini chempionlik sari etakladi. Aytish lozimki, u o‘z yurtida mashhur mutaxassislar qatorida. Murabbiylik faoliyati mobaynida Janubiy Koreyaning “Pusan Ay Park”, “Poxan Stilers”, “Seul”, “Daejon Sitizen” kabi klublarni boshqargan. Qolaversa, Sun Xon Xvang Janubiy Koreya U-22 terma jamoasi ustozi ham hisoblanadi.
Osiyo o‘yinlari g‘olibi hisoblangan koreyaliklar shu yilning 15 aprel – 3 may kunlari Qatarda bo‘lib o‘tadigan U23 Osiyo Kubogiga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Ular qur’aga ko‘ra, “V” guruhida Yaponiya, BAA va Xitoy termalariga qarshi o‘ynaydi.
Darvoqe, Janubiy Koreya olimpiya terma jamoasi o‘tgan yilning 21 noyabr kuni Terri Anri boshchiligidagi Frantsiya U21 terma jamoasiga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvida 3:0 hisobida g‘alaba qozondi.
Shuningdek, koreyaliklar safida milliy terma jamoa o‘yinchilari ham borligini ta’kidlash darkor. Hozirda Janubiy Koreya futbolining bo‘lajak yulduzlaridan biri Li Kan In PSJ safida to‘p surmoqda. Ayni paytda olimpiya termasining 4 nafar a’zosi Janubiy Koreya terma jamoasi bilan birga Qatarda o‘tayotgan Osiyo Kubogida ishtirok etishmoqda.
Yuqorida ta’kidlab o‘tganimizdek, Janubiy Koreya olimpiya terma jamoasi shu yili U23 Osiyo Kubogida qantanashadi. Shu bois koreyaliklar bo‘lajak musobaqaga qizg‘in tayyorlanishmoqda. 24 yanvar kuni ushbu terma jamoa Antaliyada Rossiyaning “Fakel” klubiga qarshi maydonga tushdi va 2:1 hisobida imkoniyatni boy berdi.
“Andijon” va Janubiy Koreya U-23 terma jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv 27 yanvar kuni Turkiya vaqti bilan soat 15:00 da boshlanadi. Toshkent vaqtiga esa 17:00 ga to‘g‘ri keladi. Uchrashuv Side shaharchasidagi “Emirxan sport kompleks” stadionida bo‘lib o‘tadi.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar