
"Andijon" futbol klubi bundan buyon Andijon viloyati hokimligi qaramog‘ida bo‘ladi. Viloyat hokimi qarzdorlikni bartaraf etdi
Ma’lumki, oxirgi paytlarda “Andijon” futbol klubi atrofida turli gap-so‘zlar yangray boshlagandi. Pro liga g‘olibi sifatida muddatidan ilgari Superliga yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan sevimli jamoamizning taqdiriga befarq bo‘lmagan Andijon viloyati hokimi, Andijon viloyati futbol assotsiatsiyasi prezidenti Shuhratbek Qo‘shoqboevich Abdurahmonov bugun shaxsan o‘zi “Andijon” klubi bilan uchrashdi va jamoaning kelajagi obdon muhokama qilib olindi.
Mazkur yig‘ilishda klub rahbariyati, murabbiylar, futbolchilar, muxlislar va OAV xodimlari ishtirok etdilar.
Ochiq-oydin va samimiy ruhda o‘tkazilgan uchrashuvda viloyat hokimi jamoa a’zolarini Superliga yo‘llanmasini qo‘lga kiritgani bilan tabrikladi.
Mazkur yig‘ilish asnosida bir qator muhim masalalar o‘rtaga tashlandi va e’tiborlisi kamchiliklar joyida hal qilindi.
Gap shundaki, jamoa a’zolaridan oylik maosh borasida qarzdorlik mavjud bo‘lib, viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov o‘sha joyning o‘zida shu kungacha bo‘lgan barcha qazrdorlikni uzil-kesil hal qildi. Natijada futbolchilardan bo‘lgan qarzdorlik bartaraf etildi.
E’tiborlisi, oylik ish haqlari hisobchilar bilan qonuniy ravishda o‘rganilib, grafik asosida barchasi aniq hisob-kitob qilingan holda to‘liq qarzdorlik hal qilindi.
Bundan tashqari, viloyat hokimi yig‘ilishda bundan buyon “Andijon” futbol klubi Andijon viloyati hokimligi tasarrufiga o‘tganligini ma’lum qildi.
Shu bilan birga Shuhratbek Qo‘shoqboevich, futbol bo‘yicha maslahatchisi, Andijon viloyati futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Bekzod Karimov zimmasiga vaqtincha “Andijon” klubini nazorat qilish vazifasini yukladi.
Qolaversa, yig‘ilish mobaynida Shuhratbek Abdurahmonov bosh murabbiy, futbolchilar va muxlislar bilan suhbatlashib, klubning imidjini yanada yaxshilash maqsadida keyingi rejalar bo‘yicha aniq bir to‘xtamga kelindi.
Bu hali hammasi emas. Boisi, kelayotgan haftada viloyat hokimi mukofot pullaridan bo‘lgan qarzdorlikni ham to‘liq bartaraf etilishini qo‘shimcha qilib o‘tdi.
"Andijon" matbuot xizmati.
Fikrlar