"Andijon": legionerlar oʻz yurtiga joʻnab ketdi yoxud Kubok bahsiga tayyorgarlik haqida
Ikki yil muqaddam Oʻzbekiston Kubogini qoʻlga kiritgan "Andijon" jamoasi joriy yilgi Kubok bahslariga ham jiddiy kirishdi. "N" guruhidan oʻrin olgan "Burgutlar" dastlab Gʻuzorda "Shoʻrtan"ni 1:3 hisobida magʻlub etib qaytishdi. "Bobur arena"da ikkinchi tur doirasida "Nasaf"ga qarshi oʻtgan jangovar bellashuvda esa 1:1 natijasi qayd etildi.
Hozirda "Nasaf" bilan "Andijon" 4 ochkodan boʻlishib turishibdi. Uchinchi turda "Andijon"ni Qoʻqonda birinchi liga vakili "Xavokand"ga qarshi oʻyin kutmoqda. Ayni paytda "Burgutlar" boʻlajak uchrashuvga tayyorgarlik koʻrishmoqda.
Islom Ahmadov boshchiligidagi “Burgutlar” “Nasaf” bilan oʻtkazilgan oʻyindan soʻng bir kun xordiq chiqardi va kechadan navbatdagi uchrashuvga tayyorgarlikni boshladilar.
Maʼlumki, Oʻzbekiston Kubogi “N” guruhidagi soʻnggi 3-tur bellashuvini “Andijon” safarda birinchi liga vakili - “Xavokand”ga qarshi oʻtkazadi. 26 may kuni boʻladigan boʻlajak uchrashuv uchun jamoamiz aʼzolari oʻz qarorgohida mashgʻulotlarga kirishishdi.
Klub matbuot xizmatining maʼlum qilishicha, tarkibdagi barcha legionerlarga dam berildi va ular xordiq chiqarish uchun oʻz yurtlariga joʻnab ketdilar. Shuningdek, Jamshid Boltaboevda engil jarohat borligi sababli oʻyinni oʻtkazib yuboradi. Ibrohim Yoʻldoshev esa Toshkentda davolanish muolajalarini davom ettiryapti. Kechagi mashgʻulotda koʻrinish bermagan Mahmud Mahamadjonov esa bugun tarkibga qoʻshiladi.
Bundan tashqari, Oʻzbekiston U17 terma jamoasi bilan Osiyo Kubogida qatnashib qaytgan Ahror Ravshanbekov hamda Oʻzbekiston U20 termasi bilan birga “KAFA” musobaqasida ishtirok etib, gʻoliblikni qoʻlga kiritgan darvozabon Neʼmatulloh Rustamjonov ham klub safiga qoʻshildilar.
Kubok doirasidagi oxirgi oʻyin uchun tayyorgarlik jarayonlariga U21 jamoasidan Hamidullo Karimov, Fazliddinxoʻja Ubaydullaev, Jamshid Koʻpaysinov, Yahyobek Yuldashaliev, Muhammadrizo Sharifjonov, Shoxjahon Yorqinboev, Ahror Ravshanbekov singari iqtidorlu oʻyinchilar ham jalb etildi.
Eslatib oʻtamiz, “Xovakand” – “Andijon” oʻrtasidagi oʻyin 26 may kuni Qoʻqondagi “Markaziy” stadionda soat 18:00 da boshlanadi.

Fikrlar