
Anri: «Agar «Arsenal»ga yordam bera olmasang...»
SPORTS.uz APLning barcha zamonlardagi eng yaxshi futbolchisi - Terri Anrining chin yurakdan bildirgan fikrlarini sizlarga taqdim etadi.
Frantsuz o‘z futbolchilik faoliyati davomida «Oltin to‘p»dan boshqa barcha sovringa ega chiqqan. Angliya va Ispaniyada muvaffaqiyatli to‘p surdi. Hozirda, telekanallarda futbol eksperti sifatida ishlamoqda. Xo‘sh, uning futbol haqidagi fikrlari qanaqa? U qanday xotiralar og‘ushida yashaydi? Shu va shunga o‘xshash boshqa savollarga javob olish maqsadida uning avtobiografik qissasidan parchalarni e’tiboringizga havola qilamiz.
Agar siz Anridan uni nima buyuk futbolchiga aylantirgani haqida so‘rasangiz, u tezlik yoki texnikasi haqida fikr bildirmaydi. U hammasi fikrlashga borib taqalishini aytadi!
«Marko Van Basten 1992 yilda amalga oshirgan ish meni hayratda qoldirgan!»
Qahramonimiz 13 yoshga to‘lganida, Frantsiyadagi eng taniqli akademiya - «Klerfonten»ga qabul qilindi. Nikolya Anelka, Vilyam Gallas va Lui Saa singari bo‘lajak yulduzlar bilan katta bo‘lgan Anri futbolni o‘zgacha o‘zlashtirdi. Yosh jamoadoshlaridan farqli o‘laroq, uning yana bir ustozi bor edi! U ham bo‘lsa, televizor! Terri o‘z kumirlari ijrosidagi futbol uchrashuvlarini qayta-qayta tomosha qilar, ulardan nimadir o‘rganishga intilar edi.
«1992 yilda bo‘lib o‘tgan Evropa chempionatida Marko shunday ishni amalga oshirdiki, men buni avval hech ham ko‘rmagan edim. Dennis Bergkampning goli bilan yakunlangan vaziyat futbolga bo‘lgan qarashlarimni o‘zgartirib yuborgan. Van Basten himoyachilarni o‘zi bilan olib ketdi va Dennisga gol kiritish imkoniyatini yaratdi».
Bo‘lajak JCh g‘olibining faoliyatida burilish yasagan yana bir voqeaga alohida to‘xtalib o‘tish shart. Yosh futbolchi «Monako»ga o‘tgach, Arsen Venger bilan tanishadi. Mutaxassis Anrida bir nima bor ekanligini darrov anglaydi. Oradan 5 yil o‘tgach, ular Londonda yana uchrashib qolishadi...
«APL meni o‘zgartirdi! Angliyada men chinakam erkakka aylandim, deb hisoblayman. Yodimda bor, «Arsenal»dagi ilk mavsumda meni yarim himoyaga joylashtirgani uchun murabbiylardan ranjigan edim. Shunda, Venger meni suhbatga tortgan. Yodimda bor, u deyarli 45 daqiqa o‘yin sxemasi, taktika va strategiya haqida tushuncha bergan edi. Uning men uchun jon kuydirib so‘zlagan gaplari qulog‘imga kirmagan bo‘lsa-da, chin yurakdan to‘p surishga qaror qildim.
Vaqt o‘tgach, o‘yin uslubiga moslashish uchun yarim himoya eng zo‘r variant bo‘lganini angladim. U mendan doimo to‘psiz oldinga intilishim kerakligini talab qilgan. Sekin-asta u mendan nima talab qilayotganini angladim. Keyin, o‘z vazifamni uddalash uchun bor kuchimni ishga soldim.
Bir kuni o‘ylab qoldim. Men markaziy hujumchi bo‘lsam, qanday qilib futboldan lazzat olishim mumkin? Axir, markaziy hujumchilar butun 90 daqiqa davomida uzog‘i bilan 2-3 daqiqa to‘p bilan birga bo‘ladi, xolos. Qolgan daqiqalarni nimaga sarflayman?»
Bu o‘ylardan so‘ng, Anri Venger bilan birgalikda o‘zi uchun yangi pozitsiya yaratishga qaror qildi. Shunday qilib, chap qanot vingeri katta futbolga kirib keldi. Terri chap qanotda to‘p surar, lekin istalgan daqiqada jarima maydonchasiga yorib kirishi, ikkinchi hujumchiga aylanishi mumkin edi.
«Men «Arsenal»ga o‘tganimda, barcha «qanday qilib yarim himoyachi gol kiritadi? Axir u jarima maydonchasi ichiga ham kirmaydi» qabilidagi fikrlarni bildirgani yodimda. Hozirda esa, vingerlar kiritgan gollar soni markaziy forvardlarnikidan ancha ko‘proq.
Bu mening qoidam edi. Markaziy himoyachilar meni ta’qib etish uchun qanotga chiqishi mumkin emas. Shu bois, doimo erkin harakat qilishim mumkin. Bu biz o‘ylab chiqqan rejaning eng muhim qismi. Tan olish lozim, birgina pozitsiya bilan qolganlardan oldinda bo‘lish mushkul. O‘rtamiyona klublar bilan to‘qnashuvlarda doimo kuchli jismoniy tayyorgarlik talab etiladi. Shu bois, kundan-kunga o‘z ustimda ishlashni ko‘paytirdim».
Darhaqiqat, Martin Kioun va Li Dikson («Arsenal»ning jismoniy tayyorgarligiga javob beruvchi murabbiylar) faoliyat olib borgach, yakkakurashlarda Anri bir qadam oldinda bo‘la boshladi. APL bahslarida kiritilgan 175 gol o‘z-o‘zidan kelmagani aniq. Bir qarashda hammasi oddiydek: chap qanotdan markazga va zarba. Qarabsizki, Anri nomi tabloda paydo bo‘lmoqda.
«Bu ishni to‘liq o‘zlashtirish uchun menga necha oy ketganini bilasizmi? Mashg‘ulotlarda qay darajada mehnat qilinganimni-chi? «Monako»da bu ishni mashq qilar edim, lekin 50 urinishdan faqat bir bor darvozani ishg‘ol qilganman, xolos.
Men klubning barcha zaxira darvozabonlarini joniga tekkanman. Ulardan har kuni mashg‘ulotdan keyin qolishlarini iltimos qilardim. Keyin 1-2 soatlab faqat shu zarba ustida ishlar edim."
Anri nafaqat gol kiritish, balki jamoaviy o‘yinda ham benazirlardan biri edi. APLdagi 258 o‘yinda ijro etilgan 74 assist so‘zimizga isbot bo‘lishi aniq.
«To‘g‘risi, ba’zan hujumchilarni ortiqcha erkalab yuborishadi. Men butun o‘yin davomida 9 noaniq zarba bersamda, yakunda g‘alaba golini kiritsam kifoya. Darvozabonlar 90 daqiqa qutqarib, 91-daqiqada gol o‘tkazib yuborsa, darrov tanqid qilinadi.
Shu bois, yarim himoyachilarni qadrlashni o‘rgandim. Ular doimo soyada qolib ketishadi. Hech kim o‘yindan so‘ng, maydon markazida mehnat qilgan yigitlarni xotirlamaydi. Hamma gol kiritganlarni eslab qoladi. Bu adolatdan emas. Afsuski, futbol o‘z yozilmagan qoidalariga ega shafqatsiz sport!»
Anri yosh sportchilar uchun namuna bo‘lishi mumkin. E’tiborlisi shundaki, u basketbol yulduzi - Maykl Jordanning fanati. U bolalik chog‘idan beri Jordanning har bir g‘alabasi va mag‘lubiyatini his etib keladi. Tan olish lozim, ularning o‘xshash tomonlari bor. Ikkisi ham o‘z olamida mehnat va talabchanligi bilan shuhrat qozongan. Ayniqsa, ularning jamoadoshlari bilan iliq munosabatda bo‘lishi tahsinga sazovor. Boshqa bir afsona - Ronaldinodan farqli o‘laroq, Anri hech qachon yuzida tabassum bilan to‘p surmagan. U tug‘ma etakchi edi va doimo jamoa uchun o‘zini mas’ul, deb bilgan. Mas’uliyatni his etib turgan insonlarning tabassum qilayotganini tasavvur qila olasizmi?
«Yashirib o‘tirmayman! «Chikago Bullz»ning o‘yinlarini tomosha qilib katta bo‘lganman. Ayniqsa, Maykl Jordanning o‘sha davrdagi sport formasini xotirlasam, etlarim jimirlab ketadi. Shaxs sifatida doimo unga o‘xshashga intilganman. Yaqinda uning bolaligi va faoliyati aks ettirilgan hujjatli filmni tomosha qildim. O‘ylashimcha, o‘zimga kumir tanlashda adashmadim.
Bilasizmi, o‘sha filmdagi so‘nggi sahna meni ta’sirlantirdi. Jang yakunlangach, Jordan ko‘z yoshlarini tiyib tura olmaydi. Aslida, sportchilar uchun har bir o‘yin jangga teng. Biz - jangchilarmiz. Jangda hissiyotlarni jilovlash shart! Urush tugagach, o‘zingni bemalol his etasan. Shunda, ko‘z yoshlar quyilib keladi.
Uni afsona darajasiga chiqishida Toni Kukocha va Skot Pippen katta rol o‘ynagan. Men ham Viltor va Bergkampsiz Anriga aylanmagan bo‘lar edim. Shuningdek, boshqa futbolchilarning ham mehnatlari evaziga shu darajaga etishdim, deb hisoblayman».
U hech qachon «Arsenal»ni sevishdan to‘xtamasligini bir necha bor ta’kidlagan. Ayniqsa, klub stadioni oldida ochilgan haykalini ko‘rgach, ko‘z yoshlarini berkita olmay qoldi. Xo‘sh, qahramonimiz uchun «Arsenal» nimani anglatadi?
«Agar siz «kanonirlar»ga yordam bera olmasingiz, yaxshisi uyga keting! Agar jamoa libosi og‘irlik qilsa, uni kiymang! Jamoani tark et va hech qachon klub haqida negativ fikr bildirma! Men shunday qilish to‘g‘ri, deb hisoblaganman. Faqat muxlislargina har qanday vaziyatda «Arsenal» libosini kiyish huquqiga ega.
Men bu libosni shunchaki tungi sayr uchun kiyib chiqishga hech bir futbolchining haqqi yo‘q, deb hisoblayman! Bu «Arsenal» faxriylari bilan suhbatlardan so‘ng paydo bo‘lgan fikrim. Bu o‘zgacha jamoa va o‘zgacha muhit degani! Bilasizmi, nega avvallari «Arsenal»ni engish mushkul bo‘lgan? Gap shundaki, futbolchilar qanday klubda to‘p surayotganini yaxshi anglagan! Toni Adams, Patrik Vieyra, Dennis Bergkamp... Ular buni his etib maydonga tushib kelgan.
Men avliyo emasman. Shunchaki insonman va xato qilishim mumkin. Shunga qaramay, faoliyatim davomidagi birorta o‘yinga sovuqqonlik bilan qaramaganman. Menda omadsiz uchrashuvlar bo‘lgan, lekin tayyorgarliksiz kelgan o‘yinlarim bo‘lmagan! Doimo muxlislarimizni hurmat qilganman. Ularga pand bermaslik uchun ham mashg‘ulotlarni birortasini o‘tkazib yubormaganman!»
Anrining so‘zlari kishini o‘ylantirib qo‘yishi bor gap. Chinakam afsona, tug‘ma etakchi. Yaqinda, Terri barcha ijtimoiy tarmoqlardagi akkauntlarini o‘chirib tashladi va internet olamini tark etdi. Uning qarori g‘alati ko‘rinishi mumkin, lekin barcha ham bunday qila olmasligini anglab turibsiz. Demak, Anrini bejizga «o‘zgacha» deb atashmagan. U doimo shunday bo‘lib qoladi!
Yahyoxo‘ja Ulug‘xo‘jaev
Fikrlar