
Anvar Berdiev: "Murtazoev uchun "Andijon" muxlislaridan uzr so‘rayman"
“Andijon” – “Turon” (3:2) uchrashuvidan keyin tashkil etilgan matbuot anjumanida dastlab mehmonlar ustozi Anvar Berdiev ishtirok etdi.
- Anvar aka, uchrashuv borasida fikringiz qanday?
- “Andijon” jamoasini keyingi bosqichga chiqqani bilan tabriklayman. Ularga keyingi bosqichda omad tilayman. Yana birinchi golni standart vaziyatdan o‘tkazib yubordik. Futbolchilarimga shuncha uqtirdim. Ko‘rgan bo‘lsanglar, oldingi uchrashuvga nisbatan asosiy tarkibda 5 ta o‘zgarish qildik. Baribir futbolchilarni mahorati o‘z so‘zini aytdi va “Andijon” jamoasi g‘alaba qozondi. Yana bir bor tabriklayman.
- “Turon”ni Andijon xalqi hurmat qiladi. Qarsaklar bilan kuzatgan. Ammo bugungi bahsda Humoyun Murtazoev birinchi goldan so‘ng uni nishonlashda noo‘rin hatti-harakatni amalga oshirdi. Bunga munosabatingiz qanday? Jamoada tarbiyaviy, ma’naviyat soatlari ham olib boriladimi?
- Albatta, bu narsa futbolda juda xunuk. Futbolchim uchun “Andijon” muxlislaridan uzr so‘rayman. Bu vaziyatni tahlil qilib, o‘yinchimiz bilan gaplashib olamiz. Chempionatdagi bahsimizda darvozamizga gol urilganidan keyin “Andijon”ning 20-raqamli futbolchisi ham goldan keyin shunga o‘xshash qilig‘ini qilganidan keyin balki bu bizning futbolchilardan javob tariqasida bo‘lgandir. Ammo nima bo‘lgan taqdirda ham hamma vaqt bunday holatdan yiroq bo‘lish kerak. Yana bir bor qaytaraman: Murtazoev uchun “Andijon” muxlislaridan uzr so‘rayman.
- “Turon” jamoasi bu mavsumda “Andijon”dan har tomonlama mag‘lubiyatga uchrayapti. Pro ligada “Andijon”ni yaqqol favorit deb o‘ylaysizmi?
- Bunaqa deb o‘ylamayman. Hali aniq bo‘lgani yo‘q. “Andijon”, “Mash’al”, “Buxoro” klublariga Superligaga chiqish vazifasi qo‘yilgan. Ular o‘rtasidagi hal qiluvli o‘yinlar mavsum oxirigacha davom etadi. “Andijon”, “Mash’al”, “Buxoro” va “Turon” eng kuchli jamoalar. Qaysilari yaxshi tayyor bo‘lsa va jismonan ham tayyor bo‘lsa, o‘sha klub yutib ketadi.
- Nima uchun ikki xil bo‘limni ko‘rdik? Birinchisida passiv o‘yin ko‘rsatdi...
- Bu erda aybni o‘z bo‘ynimga olaman. Tarkib tanlash borasida o‘zim xato qildim. Yaypanlik muxlislardan ham uzr so‘rayman. Chempionat doirasida yutqazganimizga qaramay, Yaypandan bizni qo‘llash uchun ko‘plab muxlislar keldi. Jamoa boshliqlari oldida uzr so‘rayman. Bugun tarkib tanlashda yonib turgan yigitlarni tanladim. Anvar aka, bizga ham imkoniyat bering deyishgandi. O‘shalarga imkoniyat bergandim. Lekin ikkinchi bo‘limda 4 ta o‘zgarish qildik. O‘yinda burilish yasadik. Baribir bu o‘yinga etarli bo‘lmadi.
"Andijon" matbuot xizmati.
Fikrlar