
APLda eng uzoq o‘ynayotgan “otaxonlar”
Angliya Premer-ligasi eng murakkab chempionatlardan hisoblanadi. Lekin liga futbolchilari orasida jamoasiga sodiq qolayotgan o‘yinchilar ham bor.
Sports.uz portali ana shu “otaxon” futbolchilar bilan tanishtiradi.
- Ugo Loris, “Tottenxem” – 11 yil, bir oy.
Frantsiyalik darvozabon 2012 yilning yozida “Lion”dan “Tottenxem”ga o‘tgan. 36 yoshli posbon “shporlar” darvozasini 447 ta uchrashuvida qo‘riqladi. Yangi mavsumda joyini Gulelmo Vikarioga boy bergan bo‘lsa-da, jamoaga sodiq qolgan holda, boshqa takliflarni rad etdi.
- Joel Uord, “Kristal Pelas” – 11 yil, to‘rt oy.
Himoyachi Joel Uord 2012 yili “Kristal Pelas” safiga qo‘shilgan va jamoaning Premer-ligaga chiqishiga hissa qo‘shgan. 33 yoshli futbolchi buguni kunga qadar 336 ta o‘yin o‘tkazdi va hamon safda.
- Pol Dammit, “Nyukasl Yunayted” – 12 yil, 3 oy.
Pol Dammit “qarg‘alar” tarbiyalanuvchisi hisoblanadi va ikki marta boshqa klublarda ijara asosida o‘ynagan xolos. Faoliyatining qolgan qismida har doim “yangi shaharliklar”ga sodiq qolgan.
- Lyuis Dunk, “Brayton” – 14 yil, 3 oy.
“Brayton” tarbiyalagan futbolchi asosiy tarkibga 2010 yili qo‘shilgan. Klub rahbariyati himoyachini hech qachon qo‘yib yubormagan. Dunk Angliya terma jamoasida o‘ynagan davrda unga talab ko‘p bo‘lgan. Hatto futbolchi 2015 yili o‘zini transferga qo‘yishlarini talab qilgan. Biroq u hamon “Brayton”da javlon uryapti.
- Simus Koulman, “Everton” – 14 yil, 8 oy.
“Everton” irlandiyalik himoyachini 2009 yili arzimagan narxga transfer qilgan. Simus 2010 yili bir mavsum “Blekpul”da ijarada o‘ynab keldi. Shundan beri u faqat “Everton” uchun to‘p tepib kelmoqda. 2015 yili Lui Van Gal uni “Manchester Yunayted”ga chaqirib, transferga ko‘ndira olmagan.
Fikrlar