
“ArMI—2022". “Elbrus halqasi”: Jamoamiz ikkinchi bosqichda ikkita rekord o‘rnatdi
Xabaringiz bor, Kabardino-Balkariya Respublikasining Terskol hududida VIII Xalqaro armiya o‘yinlari doirasida “Elbrus halqasi” musobaqasi bo‘lib o‘tmoqda. Unda O‘zbekiston, Armaniston, Abxaziya, Rossiya, Xitoy, Hindiston, Qozog‘iston, Uganda va Janubiy Osetiya vakillari bellashmoqda.
Jamoamiz dastlabki bosqichda turli murakkablikdagi vazifalarni o‘z ichiga olgan jami 6 ta shartni bajargan edi. Birinchi bosqich yakunlariga ko‘ra, vakillarimiz yaxshi natija ko‘rsatib, kuchli uchlikdan o‘rin olgandi.
Galdagi, ikkinchi bosqich shartlari ham muvaffaqiyatli kechdi. Xususan, harbiy xizmatchilarimiz ikkinchi bosqichning “Muzlik hududdan o‘tish” sharti bo‘yicha maxsus vazifani 11 daqiqayu 31 soniyada bajarib, o‘tgan yilgi Rossiya harbiy jamoasi tomonidan o‘rnatilgan 11 daqiqayu 37 soniya rekord natijani yangiladi.
Shuningdek, mazkur bosqichning “Qoyali hududdan o‘tish” shartida ham jamoamiz ishonchli harakatlarni amalga oshirib, sun’iy qoyada juft bo‘lib harakatlanish vazifasini 6 daqiqayu 38 soniyada tamomlab, o‘tkan yilgi musobaqada Rossiya harbiy vakillari tomonidan o‘rnatilgan 6 daqiqayu 51 soniya rekordni yangiladi. Ushbu rekord natija harbiy jamoamiz a’zolari kichik serjantlar Abdumuhtor Abdug‘aniev va Islomjon O‘ktamovlar tomonidan o‘rnatildi.
Musobaqaning I va II bosqich yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston 9 ta jamoa ichida 2-o‘rinni egallab turibdi. Umid qilamizki, vakillarimiz 3-bosqich shartlarini ham muvaffaqiyatli bajarib, shohsupani zabt etadi.
Ma’lumot o‘rnida aytib o‘tish kerak, o‘zbekistonlik harbiy xizmatchilar o‘tgan yili “Elbrus halqasi” musobaqasida mezbon davlatdan keyin faxrli 2-o‘rinni qo‘lga kiritgan edi.
Fikrlar