
“ArMI—2022” musobaqalarining dastlabki sovrindorlari tantanali kutib olindi
“ArMI—2022” Xalqaro armiya o‘yinlarining Qozog‘istonda bo‘lib o‘tgan “Meridian” hamda “Taktik o‘qchi” yo‘nalishlarida ishtirok etgan o‘zbekistonlik ishtirokchilar yurtimizga qaytib keldi. Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida delegatsiyamiz vakillari tantanali ravishda kutib olindi.
– Bugun biz VIII Xalqaro armiya o‘yinlarining “Taktik o‘qchi ” yo‘nalishi bo‘yicha ishtirok etib qaytdik. To‘qqizta davlatdan ishtirok etgan jamoalar orasida qozog‘istonlik va xitoylik hamkasblarimizdan keyingi 3-o‘rinni qo‘lga kiritdik, – deydi mayor Farxod Egamyorov. – O‘tgan yilgi natijalarimizga nisbatan bu yil juda yaxshi natijani egalladik. Bizga yaratilgan sharoitlardan unimli foydalangan holda keyingi yilgi natijamiz bundan ham yuqori bo‘lishiga bor kuch g‘ayratimizni ayamaymiz.
– “Meridian” yo‘nalishida ishtirokimiz faxrli 3-o‘rin bilan yakunlandi. Bu yo‘nalish harbiy topograflar o‘rtasida o‘tkaziladigan uch bosqichdan iborat bellashuv hisoblanadi. Bu musobaqaning otish marrasi bo‘lmish birinchi bosqichida eng yuqori natijani qayd etdim va rekord natijani o‘rnatdim, – deydi kapitan Atabek Satimuratov. – Bunday xalqaro musobaqalarda ishtirok etishimiz avvalo do‘stlikni, safdoshlarim bilan bir jamoa bo‘lib harakatlanishni hamda o‘zimizga bo‘lgan ishonchni kuchaytirishga sabab bo‘ldi.
Mudofaa vazirligi matbuot xizmati
Fikrlar