
“Arsenal”ning 5 ta eng yaxshi sardori
Jamoa sardoridan talab qilinadigan narsa, mas’uliyat va etakchilik. Sardor doim yaxshi o‘yin ko‘rsata olishi kerak.
Oxirgi paytlar “Arsenal” sardordan yolchimayapti. Vermalen, Arteta, Mertezaker va Koselni. Hech biri doimiy asosiy tarkibda qatnasha olmadi. Biri jarohatlar girdobida bo‘lgan bo‘lsa, boshqasi jamoani tark etishiga to‘g‘ri kelgan.
Murabbiylar endi jamoaga o‘zlari sardor tayinlashi mumkinligini aytdi. Jamoa Granit Djakaga ovoz berdi. Katta ehtimol bilan Djaka ham eng yaxshi sardor sifatida o‘z nomini jamoa tarixida qoldira olmaydi.
Bir paytlar “Kanonirlar”ning ideal sardorlari bo‘lgan. Keling, ularni yodga olamiz.
- Terri Anri – 2005 dan 2006 yilgacha sardor bo‘lgan.
Anri jamoada rasman bir mavsum sardor bo‘lgan. Ammo ko‘p yillar bog‘ichsiz ham lider bo‘lib, jamoani ortidan ergashtira olgan. Shuning uchun uni bu ro‘yxatdan tushirib qoldira olmasdik.
Afsonaviy futbolchi Chempionlar ligasi finalida (2006) sardor sifatida qatnashgandi. U gol urgandi, jamoadoshlarini ruhlantirib turgandi. Venger uni juda hurmat qilardi. Shu hurmat yuzasidan 2011/2012 yilgi mavsumda Anrini jamoaga qaytardi. O‘shanda fransuz jamoa APLda 3-o‘rinni egallashiga va Chempionlar ligasiga yo‘llanma olishiga yordam bergandi. Faoliyatini yakunagandan so‘ng, Anri “Arsenal”ning yoshlar jamoasida murabbiylik qildi va Aleks Ivobi, Ris Nelson, eddi Nketia singari yosh iste’dodli futbolchilarni etkazib berdi.
- Djo Merser – 1946 dan 1955 yilgacha sardor bo‘lgan.
Ikkinchi jahon urushidan so‘ng, Merser “Everton”dan “Arsenal” safiga kelib qo‘shildi. U juda tez fursatda o‘zini ko‘rsata oldi va jamoa uni sardor etib tayinladi.
Himoyachi jamoaga shunchalar sodiq ediki, Liverpuldan Londonga har o‘yin oldidan uzoq yo‘l bosib kelar edi. Shuning uchun jamoadoshlari bilan faqat o‘yin payti ko‘rishar edi.
Merser jamoa bilan 2 marta APL chempioni va bir marta Angliya kubogi sohibiga aylangan.
“Arsenal” safida 275 marta maydonga tushgan.
- Frenk Maklintok – 1967 dan 1973 yilgacha sardor bo‘lgan.
“Kanonirlar”ning yana bir sodiq himoyachisi. Frenk 60 yillar oxiri va 70 yillar boshida London jamoasida to‘p surgan.
1968 yilda “Arsenal” safida yil futbolchisi bo‘lganidan so‘ng, unga sardorlik bog‘ichi topshiriladi. 1970 yilda bo‘lib o‘tgan Yarmarka kubogida sardor sifatida qatnashgan edi.
O‘sha yili jurnalistlar tomonidan Angliyadagi eng yaxshi futbolchi deya e’tirof etilgandi. Frenk hattoki, Britaniya imperiyasining Kavaler ordeni bilan ham taqdirlangan.
- Patrik Vieyra – 2002 dan 2005 yilgacha sardor bo‘lgan.
Patrik “Arsenal”dan ketganiga deyarli 15 yil bo‘ldi, ammo haligacha uning o‘rni bilinadi. U eng yaxshi sardor deya eslanadiganlarni oxirgisi edi.
Iste’dodli, o‘z uslubiga ega va texnik jihatdan kuchli futbolchi edi. 1998 yilgi mundialning qahramoni London klubi bilan birga 6 ta sovrin yutgan. Aynan “Engilmaslar” davrida u jamoa sardori edi.
Oxirgi mavsumida “Yuventus”ga ketishidan oldin 2005 yilgi Angliya kubogi finalida penaltidan hal qiluvchi golni ham Patrik urgan edi.
1 Toni Adams – 1988 dan 2002 yilgacha sardor bo‘lgan.
Uning nomi bekorga “Janob Arsenal” emas. Jamoa akademiyasidan chiqqan Adams 21 yoshida sardorlik bog‘ichiga ega bo‘lgan edi. Bog‘ichni 14 yil davomida hech kimga bermadi.
Stiv Boul bilan birga himoyada o‘tib bo‘lmas “qo‘rg‘on”ga aylangandi. U jamoa bilan birga 2 marta APL, 2 marta Liga kubogi, 1 marta Kubok egalari kubogi sohibiga aylangan. U “Arsenal” safida 3 ta tuli o‘n yillikda chempionga aylangan yagona futbolchi hisoblanadi.
Adams London jamoasi safida 504 ta o‘yinda maydonga tushgan va butun faoliyatini “Arsenal” safida o‘tkazgan. Uni ta’riflash uchun afsona so‘zini o‘zi kamlik qiladi.
Fikrlar