Artyom Filiposyan asosiy tarkibdagi o‘rni, Superligada hayron qoldirayotgan klub va OFK Kubogini qanday olib kelmoqchiligini aytdi

  • 16 aprel, 2022, 20:46
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 2
  • Futbol
CHERY AUTO

“So‘g‘diyona” safiga mavsum boshida qo‘shilgan tajribali himoyachi Artyom Filiposyan yangi jamoasining O‘zbekiston Kubogidagi bellashuvlarida maydonga tushyapti. Ammo hozircha uni Superligada u qadar ko‘rayotganimiz yo‘q.

Tecno

Lekin uning kelishi jamoadagi raqobatni kuchaytirgani rost. Shuning uchun murabbiy oldida tanlash imkoniyati va jiddiy raqobat bor.

Kuni kecha jizzaxliklar Andijonda Kubok bellashuvida maydonga tushishdi va 1:1 hisobi qayd etildi. Ushbu o‘yindan keyin Filiposyan bir qator masalalarda munosabatini aytdi.

“Andijon” bemalol Superligaga chiqa oladi”

- Biz uchrashuvdan oldin ushbu o‘yin qiyin bo‘lishini bilib turgandik. “Andijon” yaxshi shakllangan jamoa. Ko‘p o‘yinchilari bo‘ydor va baquvvat. Bu klubning ustun tomoni shundaki, standartlar va uzun paslar orqali o‘ynaydi. Bosh murabbiyi Viktor Kumikovni hamma yaxshi biladi. Har doim uning standart vaziyatlari xavfli bo‘lgan. Mazkur uchrashuvdan avval raqibning bir qator o‘yinlarini ko‘rganimizda gollarini asosan standartlar va aut orqali kiritilganiga guvoh bo‘ldik. Mana, bizga ham baribir standart vaziyatdan gol urishdi. Bizga qarshi uchrashuvda andijonliklar yaxshi taassurot qoldirdi. O‘zining ajoyib muxlislariga ega. Qayd etilgan 1:1 hisobi “Andijon” uchun yaxshi natija deb o‘ylayman. O‘yin natijaga mos bo‘ldi. Biz penaltidan ham gol ura olmadik. Agar “Andijon” shunday o‘yin ko‘rsatishda davom etsa, bemalol Superliga yo‘llanmasini qo‘lga kirita oladi.

artyom4_3

“Har bir o‘yinda g‘alaba qozonishimiz kerak”

- “So‘g‘diyona” uchta frontda o‘ynaydi. O‘zbekiston chempionati, O‘zbekiston Kubogi va OFK Kubogi. Shuning uchun har bir uchrashuvdan avval maydonga g‘alabani ko‘zlagan holda tushamiz. “So‘g‘diyona”ning o‘z maqsadi bor. Chunki o‘tgan yili klub 2-o‘rinni qo‘lga kiritgan. Natijada bizning jamoa favoritlar qatoriga qo‘shildi. O‘zimiz qatnashadigan uchala frontda ham uzoqroqqa borish maqsadi qo‘yilgan. Mashg‘ulotlarda o‘z ustimizda tinimsiz ishlab tursak, umid qilamanki, vazifani bajaramiz. Iloji bo‘lsa, OFK Kubogini O‘zbekistonga olib kelmoqchimiz. Shuningdek, O‘zbekiston Kubogida finalga chiqishni niyat qilganmiz. Tabiiyki, Superliga bahslarida ham sovrindorlar qatoridan joy olishni xohlaymiz. Buning uchun har bir o‘yinda g‘alaba qozonishimiz kerak.

artyom2_4

“Kimni asosiy tarkibga kiritish – bu murabbiyning o‘ziga bog‘liq”

- Uch yil chetda to‘p surdim. Balki “So‘g‘diyona” jamoasiga to‘liq moslashishim uchun yana biroz vaqt kerakdir. Murabbiylarning o‘z taktik uslubi bor. Shu paytgacha o‘zimizda o‘ynagan barcha klublarning asosiy tarkiblarida to‘p surganman. Bosh murabbiy Ulug‘bek Baqoev bilan ham ilgari birga samarali ishlaganmiz. Uning qo‘li ostida o‘zimni ko‘rsatib, mashg‘ulotlarda yaxshi qatnashishga harakat qilyapman. Kimni asosiy tarkibga kiritish – bu murabbiyning o‘ziga bog‘liq. Bizda kollektiv a’lo darajada. Oldinda hali o‘yinlar ko‘p. O‘zbekiston Kubogida ikkita o‘yinni o‘tkazdim.

artyom3_3

“Kimnidir favorit sifatida ko‘rsata olmayman”

- Hozir hamma jamoa bir xil. Bu yil “Qizilqum”ni qanday start olgani ko‘pchilikni hayron qoldiryapti. Shuning uchun oldindan gapirish qiyin. Asosan 7-8-turlardan keyin oydinlashadi. Endi 4 ta tur tugadi va barcha klublar bir xil saviyada. Biror-bir jamoa hali yaqqol ko‘zga tashlangani yo‘q. Ko‘ryapsiz, “Paxtakor” “Olimpik” bilan durang o‘ynab qo‘ydi. “Navbahor” esa yutqazdi. “Nasaf” o‘z maydonida “Metallurg” bilan durang qayd etdi. Hozir kimnidir favorit sifatida ko‘rsata olmayman. Yana bir necha turdan keyin jamoalarning o‘rni bilinib qoladi.

“Mavsumni yaxshi boshladik”

- Mening fikrimcha, “So‘g‘diyona” uchun start yomon boshlanmadi. 4 ta o‘yin o‘tkazdik, jamoamiz hali yutqazmadi. Faqat biz mana shunday tarzda davom etishimiz va o‘yinimizni kuchaytirib borishda davom etishimiz lozim. Baribir biz mavsumni yaxshi boshladik, deb o‘ylayman.

artyom1_4

“OFK Kubogida avvalo guruhdan chiqishimiz lozim”

- Bilasizmi, “So‘g‘diyona” oldin xalqaro maydonlarda o‘ynamagan. Jamoamiz uchun OFK Kubogi ilk xalqaro musobaqa bo‘ladi. Biroz qiyin bo‘lishi mumkin. Chunki tarkibda ko‘p futbolchilar hali xalqaro miqyosidagi o‘yinlarda o‘ynamagan. “Nasaf”da to‘p surgan paytimizda tarkib ham kuchli bo‘lgandi. Jamoa ham yaxshi shakllangandi. “So‘g‘diyona”da ham baribir yaxshi ijrochilar bor. Nasib bo‘lsa, O‘zbekiston nomidan qatnashib, munosib himoya qilishga harakat qilamiz. Avvalo, guruhdan chiqish vazifasini bajarishimiz kerak. Albatta OFK Kubogida ham yaxshi jamoalar shakllangan. Yana qaytaraman: avvalo guruhdan chiqishimiz kerak va qolganini vaqt ko‘rsatadi.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
Xalol
17/04/2022 13:43
Худо хохласа чикади
&
Obodon
17/04/2022 05:42
Туяни думаю ерга текканда чикасизлар гурухдан